Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qayerda bo‘lsa ham... Qancha bo‘lsa ham... Kimdan bo‘lsa ham...

Qayerda bo‘lsa ham... Qancha bo‘lsa ham... Kimdan bo‘lsa ham...

Eski latifa esingizdami: ustoz tilanchi shogirdiga tilanchilikning «oltin qoidasi»ni o‘rgatadi: qayerda bo‘lsa ham, qancha bo‘lsa ham, kimdan bo‘lsa ham – so‘rayver.

Ittifoqo, shogird ustozga hammomda duch keladi: «Sadaqa qiling!»

– Hammomda ham sadaqa so‘raydimi odam?

– Qayerda bo‘lsa ham...

– Yalang‘och odamda pul nima qiladi?

– Qancha bo‘lsa ham...

– Ahmoq, ustozingdan pul so‘rashga uyalmadingmi?

– Kimdan bo‘lsa ham...

Gapimiz tilanchilik haqida emas, korrupsiya, aniqrog‘i, unga hamma joyda, har qancha miqdorda bo‘lsayam va hammaning qarshilik qilishi lozimligi haqida. Qiyos sal o‘xshovsizroq bo‘ldimi? Nima, korrupsiya o‘zi o‘xshovlimi? Agar-magarini qo‘yib, sovuqqon aql bilan o‘ylaydigan bo‘lsak, «ustoz» tilanchining «o‘git»ida o‘z ishining muvaffaqiyati omillari o‘rin olganki, nazarimda, ayni jihat korrupsiyaga  qarshi harakatlarimiz to‘la ifodasini topmayotgani sabab samara kam. Aksincha, ayni illat hayotimizning shu qadar toza, pokiza (bo‘lishi kerak) joylaridan ham chiqib kelmoqdaki, tilanchilik uning oldidan bemalol gerdayib o‘tsa yarashadi.

Qayerda bo‘lsa ham...

Sharmandali holat: Oliy sud raisi o‘rinbosari xonasida qo‘lga olindi! Uzuq-yuluq xabarlarga qaraganda uning hibs etilishining bir uchi korrupsiya alomatlari bilan bog‘liq ekan. Adolat mahkamasining eng katta rahbarlaridan biri bo‘laturib, qonunga zid ish qilganining (yo‘qsa, naq xizmat xonasida qo‘lga oladilarmi?) o‘ziyoq ming-minglab odamlarning haqiqatga, adolatga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini sindiradi. O‘zingizdan qolar gap yo‘q: bordi-yu huquqlaringiz buzilsa (masalan, korrupsiyadan jabr ko‘rsangiz), o‘zingiz yashaydigan tuman adolat mahkamasiga bosh urib borasiz. Chunki butun dunyoda xuddi shunday: sud xolis,  mustaqil va inson taqdirini hal qilishga eng haqdor idora sanaladi. Biroq, qaraysizki, qadami ildam korrupsiya allaqachon u joyni ishg‘ol etishga ulgurgan... Dovdirab qolasiz, o‘zingizni biroz qo‘lga olib, najot ko‘zini viloyat adolat mahkamasiga tikasiz. Ne tongki, ayni shu balo sizni bo‘yi-bastini ko‘rsatib kutib oladi...  So‘nggi umid uzilay-uzilay deganda oliy adolat mahkamasiga kelsangizu... bu yerdagi ne-ne bahodirlar allaqachon sizdan oldin hozir bo‘lib ulgurgan korrupsiya bilan oftobda qatiq yalashiiib o‘tirganini ko‘rsangiz...

Boshingizni qaysi devorga urasiz?

Haqiqatni kuylayotganlarning yuziga tuproq sochgingiz, adolatdan so‘z ochayotganlarning tiliga tushov solgingiz kelmaydimi?

Shu ma’noda O‘zbekistonda eng katta idoralar eshigi ham korrupsiyaga qarshi yo‘naltirilgan siyosatga taqa-taq berk bo‘lishga doim ham jur’at topolmayotgani kishida umid uyg‘otadi. Korrupsiya qayerda bo‘lsa ham fosh etilishi kerak, deb o‘ylaysiz.

Qancha bo‘lsa ham...

Yigirma ming so‘m pora kulgi bo‘ldi. Yigirma ming so‘m pora olgan odamning ishi (yo o‘zi) emas, olingan pul miqdori kulgi bo‘ldi. Holbuki, xuddi shu arzimas («jahon tarixidagi eng kam miqdordagi») poradan boshlanmaydimi millionlar, milliardlar... Nega? Chunki bu jinoyat aybdori aynan huquqni muhofaza qilish idorasi mas’uli edi.

Iqtibos: Navoiy viloyati Uchquduq shahar IIB tergov bo‘linmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan I.A. er-xotin o‘rtasidagi janjal ortidan jinoiy ish ochib, erni qamoqqa olish bilan qo‘rqitib, ta’magirlik yo‘li bilan undan 100.000 so‘m pora  talab qilgan va Uchquduq shahri, 13-kichik tumani, 16-uyga borib, 20.000 so‘mni olayotganda ushlangan.

Bamisoli qo‘y otari bo‘riga topshirilganiga o‘xshaydi bu. Bo‘ri istagan vaqtda istagan qo‘yni bo‘g‘izlaganidan farq qilmaydi bu hol. O‘zingiz o‘ylang, haqi berilsa, bor jinoyat «yo‘q» bo‘lgandan keyin, haqi berilmasa, buning aksi ham ro‘y bermog‘i mumkinligini inkor qilib bo‘ladimi? Deylik, sizning ham «tergov bo‘linmasi boshlig‘i bo‘lgan» yana bir «I.A.» bilan yo‘lingiz kesishib qoldi, bu o‘rinda sizning aybingiz bor-yo‘qligi hech nimani hal qilmaydi, bor haqiqat – u sizni aybdor qilishni istamoqda. Tamom! Chunki siz pora bermadingiz! Chunki u pora bilan jinoyatni «bor» yo «yo‘q» qilishning hadisini olgan!

Shuning uchun ham korrupsiyaning ijtimoiy xavfliligi haqida o‘ylaganimizda, deylik, pora miqdorining Jinoyat kodeksidagi o‘lchovlarigagina tayanmasligimiz lozim. Korrupsiyani kim sodir etyapti – uning asli vazifasi nima edi-yu nimalar qilyapti? Korrupsiya oqibatida nimalar sodir bo‘lmoqda – xalq asli nima kutgan edi-yu unga nimalar ravo ko‘rilyapti? – mana shunday savollarga ham javob izlashimiz lozim. Buning uchun esa korrupsiya (miqdori) qancha bo‘lsa ham fosh etilishi kerak!

Kimdan bo‘lsa ham...

O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi yurishlarning navbatdagi «o‘lja»si yanada salobatliroq bo‘ldi: naq Bosh prokuror. Bunday mansabdagi oliy amaldorni qo‘yaturaylik, eng chekka tumandagi shu tizimga aloqador odamlarga ham had sig‘ib gapirish amrihol zamonlarni ko‘rdik, yurakning tub-tubigacha singgan bu ongli-ongsiz qo‘rquv oqovalari hali-hanuz yashayotganiga ham shubhamiz yo‘q. Shunday tasavvur hosil bo‘lgandiki, bunday mansabdagi odamlarning nafaqat korrupsiyada ayblanib, qora kursida o‘tirishi yetti uxlab tushga kirmaydigan hol, hatto bu haqda taxmin qilish mahol, misol keltirish, shama’ qilish esa mumkin bo‘lmagan bir ish edi. Holbuki, u ham xizmat vazifasi sirasidagi vakolatlarini pullashi, buning evaziga oddiy xalq tushida ham ko‘rmagan mablag‘ni qo‘lga kiritishi mumkin ekan.

O‘zi, umuman, yetti uxlab tushga kirmaydigan miqdorlarning eng ta’sirchani ham aynan korrupsiya bilan bog‘liq. Men bu o‘rinda necha yildan beri erinmagan odamning tiliga ermak bo‘layotgan ayolni nazarda tutyapman. «Opa» degan bir qarashda oddiy, ammo tilga olguvchilarning mavqeyi kattargan sari so‘zning ma’nosi ham ulkanlashib boradigan maqomga erishgan bu ayoldan shubhalanish, shubhalanish ne, zig‘irdak yozg‘irib bo‘larmidi? Vaholanki, uning korrupsiya qulochi mamlakat miqyosidan chiqib, «xalqaro arenalarni» zabt etib ulgurgan ekan.

Korrupsiya nima degani?

O‘zining vazifasini halol bajarmaslik degani.

Vakolatini pullash degani.

Burchini unutish degani.

Tiyiqsiz hokimiyat degani.

Eslang-chi? «Opa» va uning mulozimlari tutgan yo‘l xuddi shu uslubda emasmidi? Bu yo‘ldagi barcha to‘siqlarni – rasmiy va norasmiy g‘ovlarni shu uslubda yiqmadimi ular? Bu o‘rinda «g‘ov» deganini salbiy ma’noda anglamaslik kerak. O‘zining tirikchiligi, biznesini kim shunchaki berib qo‘ygisi keladi? Albatta, qarshilik qilishga, haqidan voz kechmaslikka, «yo‘q» deyishga urinadi. Biroq «opa» bu «yo‘q!»larni bir ishorasi bilanoq yo‘qotgani ham barchaga ma’lum bo‘ldi.

...Bu aytayotganlarimiz ortda qolgan tarix. Bugunga qolgan xulosa shuki, korrupsiya kimdan (olingan, kimga berilgan) bo‘lsa ham fosh etilishi kerak!

Yuqorida aytilgan taqdirlar va aytilmagan boshqalari – barcha uchun, barchamiz uchun qattiq saboq aslida. Oliy adolat mahkamasi rahbari bo‘lsangiz ham, mamlakat rahbarining erkatoyi bo‘lsangiz ham, qonun himoyachilarining kattakoni bo‘lsangiz ham – toki so‘zingiz va ishingiz bir bo‘lmas ekan, nomingiz qora bo‘lib, sha’ningizga dog‘ tushishiga tayyor turavering!

Maqolaga nuqta qo‘yilishidan oldin:

Bosh prokuraturaning xabar berishicha, 2019 yil birinchi yarmida 661 nafar turli toifadagi mansabdor shaxslarga 590 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularning 537 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Qolgan jinoyat ishlari bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Aybdorlarning 25 nafari respublika, 36 nafari viloyat va 476 nafari tuman, shahar miqyosidagi idoralar hamda korxona va tashkilotlar mas’ullaridir. Mazkur jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1 trillion 665 milliard so‘mlikdan ortiq zarar yetkazilgan. Tergov jarayonida ushbu zararning asosiy qismi undirilgan.

Otabek Muhammadiy

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring