Ekopolitsiya xodimi huquqbuzarlarga qarshi kurash paytida halok bo‘ldi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi xodimi Mirzo Botirov xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Mirzo Botirov 9 sentyabr kuni tungi soat 23:00 da Sirdaryo daryosi o‘zanida o‘tkazilgan tezkor reyd tadbiri davomida elektr qarmoq yordamida baliq ovlayotgan huquqbuzarlarning qarshiligiga uchragan va natijada suvga tushib ketgan. Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borilgan qidiruv ishlari natijasida bugun, 10 sentyabr kuni inspektorning jasadi topildi.
Ayni damda marhumning oila a’zolariga zarur moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish, shuningdek, voqeaning barcha tafsilotlarini o‘rganish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
"Mirzo Botirov umrini atrof-muhitni muhofaza qilishga bag‘ishladi. Uning tabiatni muhofaza qilish va ekologik qonunchilik talablarini ta’minlash yo‘lidagi fidokorona xizmatlari hamda ko‘rsatgan jasorati munosib baholanib, “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan vafotidan so‘ng taqdirlanadi.
Mirzo Botirovning xotirasi qalblarimizda abadiy saqlanadi", – deyiladi qo‘mita tomonidan berilgan rasmiy axborotda.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi va Xabar.uz axborot-tahliliy portali Mirzo Botirovning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter