O‘zbekistonda iyun oyida ishbilarmonlik faolligi 12,8 foizga oshdi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyun oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi 1128 birlikni tashkil etib, may oyiga nisbatan 12,8 foizga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 36 foizga o‘sdi.
Indeks o‘sishiga banklararo to‘lovlar sonining ko‘payishi, tovar-xom ashyo birjasidagi faollikning kuchayishi, faoliyat yuritayotgan xo‘jalik subyektlari sonining ortishi hamda tovar belgilari ro‘yxatdan o‘tkazilishining ko‘payishi hissa qo‘shdi.
Iyun oyida banklararo to‘lov operatsiyalari soni 7,9 milliondan oshib, o‘tgan oyga nisbatan 18,7 foizga o‘sdi. Respublika tovar-xom ashyo birjasida esa savdo aylanmasi 9,5 trln so‘mga yetib, may oyiga nisbatan 27,7 foizga oshdi. Ayniqsa, omuxta yem, lint, shisha bankalari va benzin savdosi hajmi keskin ko‘paygan.
Ishbilarmonlik faolligi o‘sishi mamlakatning barcha hududlarida qayd etildi. Eng yuqori o‘sish Sirdaryo (51,3 foiz), Surxondaryo (49,1 foiz), Namangan (47,1 foiz) va Xorazm (45 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
Hisobot davrida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik subyektlari soni 10,5 mingtaga ko‘payib, 530,3 mingtaga yetdi. Kichik korxonalar soni 435,4 mingtaga, fermer xo‘jaliklari esa 90,3 mingtaga yetgan.
Shuningdek, iyun oyida yuridik shaxslar tomonidan 473 ta tovar belgisi va tovar nomi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 18,5 foizga oshgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter