Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kitobga qo‘yilgan haykal

Kitobga qo‘yilgan haykal

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining «Feysbuk»dagi sahifasida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, qator she’riy va nasriy asarlar muallifi Laziz Tangriyevning «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi Prezident qarori e’lon qilinganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan bitilgan maqolasi e’lon qilindi. Uni quyida e’tiboringizga havola etamiz.


KITOB HIDI

Olis bolalikka xayolan safar qilish hech birimizga begona emas. Shirin xayollar, totli xotiralar uyg‘onganda kishini ajib bir entiktiradi. Bolalik damlarini bezagan bepoyon dalalar, dashtu biyobonlar, otlar dupuri, qo‘y-qo‘zilar podasi, chang qishloq ko‘chalari kino tasmasidek ko‘z o‘ngingdan o‘tadi.

Ana shu manzaralar ichida paykal orasida yarq etib bo‘y ko‘rsatib turgan, ilkis o‘ziga imlayotgan qovun-tarvuzlarning totli hidi, pomidor bodringlarning mazali bo‘yi hali-hali dimog‘imni qitiqlaydi.

Eh-he! Hammasidan ham onam yopgan nonlarning taftini aytmaysizmi. Tandirdan endi uzilib, bug‘i chiqib turgan kulcha labi oqarib, ko‘cha changitib qorni ochgan bolakayning eng tansiq taomi edi. Ayniqsa, shirmoy nonlarning o‘tkir hidi dimog‘ingizga urilganda olam charog‘on bo‘lib ketadi. Dilingiz bir yayraydi. «Non isi» degan juda totli va shartli ibora bejiz aytilmagan, axir.

Men bularni nimaga eslayapman? Negadir mana shu aytganlarim orasida yana bir unutilmas, duch kelganda yurakni orziqtiradigan, ilm olishga tashna, betizgin va asov o‘smirlikni yodga soladigan yana bir mo‘’tabar is, bo‘y bor!

Bu olamni munavvar aylagan ma’naviy xazina javohiri, qalb gavhari bo‘lgan muqaddas Kitobning anvoyi hidi!

Bolaligimda uyimizdan bir ko‘cha naridagi tuman kutubxonasiga qadam qo‘yishim bilan birinchi bo‘lib turli kitoblarning ajib hidi dimog‘imga urilar edi. Mana shu yoqimli bo‘y men uchun ma’naviyat olamining muqaddas mushku anbariga aylandi, bir umrga menga hamroh bo‘ldi.

BOLALIK KOShONASI
70 yillarda qurilgan binolarni bugungilari bilan solishtirib bo‘lmaydi albatta. Shunday bo‘lsada, o‘sha davrdagi tumanimiz kutubxonasi hali-hamon men uchun dunyodagi eng muhtasham koshonaday xotiramda muhrlanib qolgan. Ochig‘i kunda-kunora bu kitob saroyiga borar ekanman alohida jiddiy hozirlik ko‘rar edim. Siz Ermitaj muzeyi yoki teatrga borishga hozir qanday yasan-tusan qilsangiz men ham shunday qilardim.

O‘sha damda bolalik tasavvurimda jahondagi eng chiroyli inshootlar faqat kutubxonalar bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Shinamligi, toza-ozodaligi, keng va yorug‘ligi nazarimda muazzam saroylardan qolishmas edi.

...Ming bir hayajon bilan kutubxona ostonasini xatlayman. Dunyodagi jamiki kitoblarning «mehribon» do‘sti, shirin suxan, istarasi issiq Irina Sergeyevna tabassum bilan iliq kutib oladi.

Nihoyatda odob va tavoze bilan kitob javonlarining yoniga boraman. Mana dunyo mo‘’jizasi mendek sodda qishloq bolasi oldida viqor bilan yal-yal tovlanib turibdi. Lev Tolstoy, Pushkin, Lermontov, Navoiy, Bobur, Aleksandr Dyuma, Fenimor Kuper, Viktor Gyugo, Mopassan, Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov...

Jahon adabiyoti afsungarlariga bir-bir sekin ko‘z tashlayman. Men bu ulug‘lar davrasini qiziquvchanlik bilan kuzataman. Qalbimda bir g‘urur paydo bo‘ladi. Chiroyli qilib taxlangan bejirim muqovali kitoblar noyob xazinaning asl injulariga o‘xshaydi. Kitoblarning xuddi joni bordek, hozir tilga kiradigandek. Men oddiy bir 6-sinf o‘quvchisi, mana shunday ulug‘vor ganjinaga bemalol qo‘l uzatishim, bahramand bo‘lishim mumkin. Menda beixtiyor daxldorlik hissi paydo bo‘ladi. Olamni lol qilgan allomalar yonida turibman. Ular bilan suhbat qurishim, savol berishim, maslahat olishim mumkin. Mana shu tasavvur kutubxonaning ulug‘vorligini, cho‘ngligini yanada oshirganday bo‘ladi. Bu yerda ishlayotgan xodimlar go‘zal va sirli olamning farishtalari kabi. Ularga havas qilaman, orzularga cho‘maman.

Kitoblarni qo‘lga olarkanman behad quvonaman. Bag‘rimga mahkam bosaman. Ma’rifat yombisi qo‘limda tovlanadi. Dunyoda mendan baxtli odam yo‘q. Uyga kelib mukka tushib mutolaaga kirishaman. Muhtasham saroyga, ulug‘lar davrasiga yana tezroq qaytib borish, go‘zallikdan bahra olish uchun mijja qoqmayman.

Turli sanalar sabab kutubxonada o‘tadigan tadbirlarda faol kitobxon sifatida men ham qatnashar edim. Asarlardan parchalarni yoddan o‘qib berish, turli sahna ko‘rinishlarini ijro etish, ayniqsa olam-olam zavq baxsh etar edi. O‘zimizni ulg‘aygandek, ajoyib ishlarga qodir insonlardek his qilar edik.

...Bugun 13 sentyabr kuni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilinganiga bir yil bo‘ldi. Shu bahona bolalik va o‘smirlik chog‘larimni yodga olaman, dunyomizda mana shunday yorqin xotiralar qoldirgan kutubxonani hozir ham sog‘inaman.

Darhaqiqat bugun yurtboshimizning shaxsiy tashabbus va da’vatlari mamlakat bo‘ylab kitobxonlik bo‘yicha ulkan va ezgu ommaviy harakatni boshlab berdi. Kutubxona, kitob, kitobxonlik degan muqaddas tushunchalar davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Birgina e’tirof: bu qaror bilan O‘zbekistonda kitobga haykal qo‘yildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring