Qozog‘istonda «O‘zbek kinosi kunlari» bo‘lib o‘tadi

6-8 dekabr kunlari Qozog‘istonda «O‘zbek kinosi kunlari» bo‘lib o‘tadi. Unda taniqli kinoijodkorlardan iborat o‘zbek delegatsiyasi ham ishtirok etadi.
Kinematografiya agentligi tomonidan suratga olingan o‘zbek filmlari Qozog‘iston milliy telekanallarida namoyish etiladi. O‘zbek telekanallarida esa qozoq milliy filmlarining namoyishlari bo‘lib o‘tadi. E’tiborlisi bunday loyiha ilk bora o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida madaniy hamkorlik aloqalarini yanada tiklash maqsadida tashkil etilmoqda. Tadbirning ochilish marosimi 6 dekabr 17:00da Quanishbayeva nomidagi qozoq davlat akademik musiqa drama teatrida bo‘lib o‘tadi.
Tadbirning birinchi kunida Kinematografiya agentligi hamda «Vatan» kinostudiyasi tomonidan suratga olingan rejissyor Hilol Nasimovning «Meros» filmi namoyish etiladi. Qolgan kunlarda Jahongir Qosimovning «Kinomaniya» studiyasi tomonidan suratga olingan «Ibrat» va Rashid Malikovning «Tutqunlik» filmlarining maxsus namoyishi bo‘lib o‘tadi. O‘zbek delegatsiyasining Qozog‘istonga tashrifi davomida Qozog‘iston axborot va aloqa vaziri o‘rtasida uchrashuv tashkil qilinishi rejalashtirilgan.
O‘zbek delegatsiyasida Agentlik bosh direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida rejissyor Hilol Nasimov, aktyorlar Karim Mirhodiyev, Fotih Nasimov, aktrisalar Gavhar Zokirova, Aysanem Yusupova, estrada xonandasi Rayhon G‘aniyeva va boshqalar ishtirok etishadi.
Shuningdek, Qalibek Quanishbayev nomidagi milliy akademik drama teatrida ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari, kinoijodkorlar bilan mahorat darslari, animatsion va hujjatli filmlar namoyishi o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz joriy yilda o‘zbek va qozoq ijodkorlari hamkorlikda «Meros» badiiy filmi va «Abay so‘zi» hujjatli kartinalarini suratga olishgan edi. «O‘zbek kinosi kunlari» doirasida hamkorlikdagi yangi filmlar «Qo‘shnilar» hamda «Eshelonlar Sharqqa ketadi» kinoloyihalarining muhokamasi bo‘lib o‘tadi.
Alohida qayd etish kerakki, 6 dekabr kuni soat 10:00da Qozog‘istonning «Xabar» telekanali «Ilhaq» filmini namoyish qilsa, «Yel Arna» telekanalida «Alisher Navoiy» va «Ilhaq» filmlari efirga uzatiladi. O‘zbek telekanallarida esa «Nebo moyego detstva», «Orexovoye detstvo», «Kanikuli offlayn» va «Jau jurek min bala» kabi qozoq milliy filmlarining namoyishi bo‘lib o‘tadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter