Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«AQSh va Eron o‘rtasida tinchlik kelishuvi qo‘l yetgudek edi…» – Jeneva muzokarasi ishtirokchisi

«AQSh va Eron o‘rtasida tinchlik kelishuvi qo‘l yetgudek edi…» – Jeneva muzokarasi ishtirokchisi

Joriy yil 26-fevral kuni Jenevada Omon vositachiligida o‘tgan Eron va AQSh muzokaralarida «sezilarli ilgarilash»ga erishtlgani qayd etilgan edi. Biroq, yakunda Isroil va AQSh Eronga hujum qilishga qaror qilishdi.

Jenevadagi muzokaralarda Sultonlik tomonidan vakil bo‘lib ishtirok etgan Omon tashqi ishlar vaziri Badr Albusaidi «X» tarmog‘ida quyidagilarni yozadi.

22-fevral:

«Xursandmanki, AQSh–Eron muzokaralari shu payshanba kuni Jenevada o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi, kelishuvni yakunlash yo‘lida qo‘shimcha sa’y-harakat qilish uchun ijobiy turtki bilan.»

26-fevral:

«Bugun Jenevada ijodiy va ijobiy g‘oyalar bilan almashdik va hozir AQSh hamda Eron muzokarachilari tanaffus uchun yig‘ilishni to‘xtatishdi. Biz bugunroq yana davom etamiz. Qo‘shimcha yutuqlarga erishishga umid qilamiz.»

26-fevral:

«Biz AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda sezilarli ilg‘orlikdan so‘ng kunni yakunladik. Mos ravishda poytaxtlarda maslahatlashuvdan so‘ng tez orada qaytadan boshlaymiz. Venada texnikaviy darajadagi muhokamalar kelasi hafta bo‘lib o‘tadi. Men barcha ishtirokchilar – muzokarachilar, MAGATE hamda bizga mezbonlik qilgan Shvetsariya hukumatiga o‘z minnatdorligimni bildiraman.»

27-fevral:

«Bugun vitse-prezident Jey Di Vens bilan uchrashdim va AQSh hamda Eron o‘rtasida davom etayotgan muzokaralar va hozirgacha erishilgan taraqqiyot tafsilotlarini baham ko‘rdim. Ularning ishtirokidan minnatdorman va yaqin kunlarda yanada aniq va hal qiluvchi ilgarilashni kutmoqdaman. Tinchlik qo‘limiz yetadigan joyda turibdi.»

28-fevral (Badr Albusaidi «Face the Nation» dasturiga muzokaralar rivoji haqida ijobiy intervyu bergan):

«Face the Nation» dasturida Margaret Brennan bilan suhbatlashish yaxshi bo‘ldi va AQSh bilan Eron o‘rtasida tinchlik kelishuvi hozir qo‘l yetgudek yaqin ekanini tushuntirdim. Yadroviy qurollar yo‘q. Hech qachon. Zaxira to‘plash nol darajada. To‘liq tekshiruv. Tinch yo‘l bilan va doimiy ravishda. Kelishuvni yakunlashda muzokarachilarni qo‘llab-quvvatlaylik.»

28-fevral (Isroil va AQSh Eronga havo zarbalari bergan kun): 

«Men tushkunlikdaman. Faol va jiddiy muzokaralar yana bir bor izdan chiqarildi. Bu na AQSh manfaatlariga, na global tinchlik ishiga xizmat qiladi. Va bu notinchlikdan aziyat chekadigan begunohlar uchun duo qilaman. AQShni masalaga yanada chuqur aralashib ketmaslikka chaqirib qolaman. Bu sizlarning urushingiz emas.»

2-mart:

«Men shuni ta’kidlab aytmoqchiman – diplomatiya eshigi hali ham ochiq. Jenevadagi muzokaralar Eron va AQSh o‘rtasida misli ko‘rilmagan kelishuv tomon haqiqiy ilgarilashga erishdi va umidimiz urushdan qochish edi. Ammo urush tinchlik umidining o‘chishi kerakligini anglatmaydi. Men hali ham bu mojaroni hal qilishda diplomatiya kuchiga ishonaman. Muzokaralar qanchalik tez qayta boshlansa, hamma uchun shunchalik yaxshi.»

O‘z navbatida, «Axios» nashri ham AQSh Jenevada Eron bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarni Tehronni Isroil bilan qo‘shma harbiy amaliyot boshlashdan oldin hushyorlikdan chalg‘itish uchun qilganini yozdi.

Nashr, shuningdek, Isroil va AQSh muzokaralar boshlanishidan 2 hafta avval Eronga hujumlar borasida kelishib olganini iddao qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring