Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada XTB ma’naviyatchisi o‘qituvchilarni chipta sotib olishga majburladi

Farg‘onada XTB ma’naviyatchisi o‘qituvchilarni chipta sotib olishga majburladi

Foto: «Pv.uz»

Farg‘ona viloyati, Dang‘ara tumanida so‘z ustasi G‘ayrat Ahmedovning 10 may sanasidagi konsert dasturiga chiptalar 10 ming so‘mdan maktab o‘qituvchilariga majburan sotilgani haqida xabarlar tarqab ketgan edi. Xalq ta’limi vazirining huquqiy-nazorat xizmati xodimlari tomonidan ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berib o‘tdi.

O‘rganish jarayonida Dang‘ara tumani xalq ta’limi bo‘limi ma’naviy-axloqiy tarbiya va bolalarni ijtimoiy muhofaza qilish sho‘’basi rahbari U.X. shaxsiy manfaatini ko‘zlab 10 may kuni tuman madaniyat bo‘limida konsert dasturi tashkilotchilari bilan kelishib, tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 40 ta ta’lim muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlariga 200 dona konsert chiptasini 10000 so‘mdan majburiy ravishda tarqatganligi aniqlandi.

Dang‘ara tumani xalq ta’limi bo‘limi mudirining buyrug‘i bilan xalq ta’limi bo‘limi ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va bolalarni ijtimoiy muhofaza qilish sho‘’basi rahbari U.X. o‘z lavozim vazifasini suiste’mol qilganligi, rahbariyatni ogohlantirmasdan o‘zboshimchalik bilan harakat qilganligi uchun lavozimidan ozod etish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qarshi shahrida Anvar Sanayev va Zokir Ochildiyevning konsertiga chipta majburan sotilgani va o‘qituvchilarni chipta sotib olishga majburlagan maktab direktori ishdan bo‘shatilgani haqida xabarlar berilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring