Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hizbulloh» Isroil bazalariga zarba berdi, Isroil Livanda keng ko‘lamli hujum boshladi

«Hizbulloh» Isroil bazalariga zarba berdi, Isroil Livanda keng ko‘lamli hujum boshladi

Foto: AFP

Livandagi qurolli harakat «Hizbulloh» Isroilning bir nechta harbiy bazalariga zarba berganini ma’lum qildi. Bu haqda harakat vakillari seshanba kuni xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, hujumlar Isroilning Livandagi «Hizbulloh» pozitsiyalariga bergan zarbalariga javob sifatida amalga oshirilgan. Zarba berilgan ob’yektlar orasida Bayrut janubida joylashgan tayanch nuqtalar ham bor.

«Hizbulloh» ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar dronlar yordamida Isroil shimolidagi «Ramat David» harbiy aviabazasi va «Meron» kuzatuv bazasiga berilgan. Shuningdek, harakat Isroil nazoratidagi Golan tepaliklarida joylashgan «Nafax» harbiy bazasiga raketa hujumi uyushtirilganini ham bildirdi.

Harakat vakillari bu hujumlar «Livanning o‘nlab shahar va qishloqlariga qarshi amalga oshirilgan Isroil tajovuziga javob» ekanini ta’kidladi.

Hujumlardan so‘ng Isroil Livan hududiga keng ko‘lamli zarbalar berdi. Isroil aviatsiyasi Bayrutning janubiy tumanlari va mamlakat janubidagi bir qator ob’yektlarga hujum qildi.

Livan rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, hujumga uchragan hududlarda taxminan 29 ming kishi uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Isroil armiyasi shu bilan birga Livan janubida bir nechta nuqtaga qo‘shin joylashtirilganini ma’lum qildi. Bu harakatlar chegara bo‘ylab «ilg‘or mudofaa choralari» sifatida izohlandi.

Isroil harbiylari hujumning yangi bosqichi boshlanganini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Tehron va Bayrutga bir vaqtda zarbalar berish amaliyoti amalga oshirilmoqda.

Bayrutning janubiy tumanlarida bir necha binoga ketma-ket havo zarbalari berilgan. Hodisa joyida katta tutun ustunlari osmonga ko‘tarilgani kuzatilgan.

«Hizbulloh»ga qarashli «Al-Manor» telekanali harakatning Bayrutdagi qarorgohiga tungi hujum amalga oshirilganini ma’lum qildi. Shuningdek, Isroil «Al-Nur» radiostansiyasi ofisiga ham zarba bergani xabar qilindi.

Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats armiyaga Livandagi strategik nuqtalarni egallashga ruxsat berilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar Isroil chegarasidagi aholi punktlariga hujumlarni oldini olishga qaratilgan.

Livan prezidenti Jozef Aun Isroil zarbalarini keskin qoraladi va mamlakatni urushga tortishga urinishdan ogohlantirdi.

Shu bilan birga, u Livan hukumati «Hizbulloh»ning harbiy faoliyatini taqiqlash to‘g‘risida qabul qilgan qaror o‘zgarmasligini ta’kidladi.

«Hizbulloh» esa o‘z navbatida davlatning «sionist dushmanga qarshi ojizligini» tanqid qildi.

Eslatib o‘tamiz, Isroil operatsiyalari dushanba kuni «Hizbulloh»ning Isroilga hujumidan keyin boshlangan. Harakat bu hujumni Eronning oliy rahbari Ali Xomanaiy o‘limi uchun qasos sifatida amalga oshirganini aytmoqda.

Isroil harbiylari Livandan uchirilgan bir nechta snaryadlar ochiq hududlarga tushganini, ulardan biri havo mudofaasi tizimi tomonidan yo‘q qilinganini bildirdi. Hozircha jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring