Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sirdaryoda shifokorlar pichoqlandi. Nimalar bo‘lyapti o‘zi?

Sirdaryoda shifokorlar pichoqlandi. Nimalar bo‘lyapti o‘zi?

Foto: «Xabar.uz»

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyat filialida shifokorlarga pichoq bilan tan jarohati yetkazildi. Holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi.

Filialning shoshilinch bolalar bo‘limiga joriy yil 8-iyul kuni 2015-yilda tug‘ilgan, bemor M.S. «O‘tkir respirator kasallik. Gipertermik sindrom» tashxisi bilan og‘ir ahvolda yotqizilgan. 10-iyul kuni bemorda bezovtalik, ko‘ngil aynib qayt qilish kuzatilgan. Vrach-pediatr N.Esanova tomonidan bemor zudlik bilan bolalar reanimatsiya bo‘limiga olib chiqilib, reanimatsion muolajalar ko‘rsatilgan. Shunga qaramasdan soat 12:10da bemorda biologik o‘lim kuzatilgan.

Bu haqda ota-onasiga xabar berilgach, soat 14:30lar atrofida bolaning otasi pichoq bilan filialning bolalar reanimatsiyasi shifokori A.R. va viloyat bolalar qo‘p tarmoqli tibbiyot markazining bolalar reanimatsiyasi shifokori A.B.ga qasddan jarohat yetkazgan. Vrach A.R.ga tibbiy yordam ko‘rsatilib, jarohatiga choklar qo‘yilgan. Vrach A.B.ning bosh qismi sanchilib kesilgan jarohatiga choklar qo‘yilib, gospitalizatsiya qilingan.

Voqea to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan bo‘lib, bugungi kunda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Filial direktori S. Xudoyberdiyevning qayd etishicha, so‘nggi paytlarda tibbiyot xodimlariga bemor va uning qarindoshlari tomonidan tajovuz va zo‘ravonliklar, hatto qasddan suiqasd uyushtirish holatlari tez-tez kuzatilmoqdi. Jumladan, shu yil 3 aprel kuni Tez tibbiy yordam navbatchi feldsheri M. Komilov chaqiruvga borgan vaqtida bemor va uning karindoshlari tomonidan sababsiz ravishda haqoratlanib, TTYo mashinasining oynasi sindirilib, moddiy zarar yetkazilgan. Xuddi shunday holat joriy yilning 8 may kuni ham kuzatilgan bo‘lib, soat 18:30da Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasi shifokori M. Akromovaga bemor va uning qarindoshlari tomonidan qasddan tan jarohat yetkazilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Resupublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi filiallarida 2018-yil va 2019-yilning o‘tgan olti oyi davomida 50 dan ortiq tibbiyot xodimlariga bemor va uning qarindoshlari tomonidan noqonuniy tajovuz qilinishi bilan bog‘liq qonunbuzarliklar sodir etilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamiyatimizda fuqarolarning shifokorlarga tajovuz qilish kabi holatlarning ko‘payib ketayotganini hisobga olib, yana bir bor, ushbu illatning oldini olishning eng samarali yo‘llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat’iy javobgarlikni kuchaytirish lozim, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham ayni kunlarda vazirlik Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va qator huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish ustida ishlamoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring