Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tilanchilikni kasb qilish mumkinmi?

Tilanchilikni kasb qilish mumkinmi?

Foto: Xabar.uz

Odatda tilanchi deganda ko‘z oldimizga jismoniy jihatdan zaif, ko‘rinishi abgor: yuz-qo‘li kir, kiyimlari yirtiq-yamoq odam keladi. Ammo bugun tilanchilar ham, ularning qiyofasi ham o‘zgarayotgandek, nazarimizda. Bu qadim «kasb» katta-kichik urushlar, parokandalik, qurg‘oqchiliklardan qolgan asorat bo‘lsa-da, hozirgi tinch, farovon zamonda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Odam gavjum joylar, jamoat transporti, masjidlar yonida tilanchilikni «kasb» qilgan to‘rt muchasi sog‘lom, ishlasa o‘zi tugul katta ro‘zg‘orni tebratish qobiliyatiga ega erkaklar, oddiy tikish-bichish hunari orqali yoki biror joyda farroshlik qilib bo‘lsa-da kundalik ehtiyojini qoplashi mumkin bo‘lgan ayollarning borligi achinarli holat.

Ayniqsa, yosh bolasi bilan chiqqan ayollar nuri diydasining tarbiyasi buzulishiga, uning kelajak hayotini xavf-hatarda qolishiga sababchi ham bo‘ladi. Natijada bolalarda yolg‘onchilik, kishilar oldida o‘zini nochor sezish, birovning hisobiga yashash kabi illatlar shakllanishiga, nosog‘lom muhit ta’sirida ulg‘ayib, eti qotadi.

— Tilanchilik qilish boquvchisi bo‘lmagan, kishilardan biror narsa so‘rashdan boshqa ish qo‘lidan kelmaydigan kishilar uchun halol, ammo uning ham chegarasi bor, — deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov. — Ya’ni bu me’yor — bir kunlik yeyish-ichish ehtiyojini topgunga qadar bo‘lgan vaqt. Undan ortig‘i harom sanaladi. Bunda hech qachon ertanikini ham birato‘la bugun topib qo‘yay, deyilmaydi. Keyingi kun Xudo kuch-quvvat bersa yoki biror yo‘l ko‘rsatsa, albatta, ishlashi, mabodo hech ishi o‘xshamay, boshqa yo‘li qolmasa — yana kundalik ehtiyoji uchun tilanchilikka chiqishi mumkin. Miskin bo‘lib, tirikchiligim shundan, deya shu ishga mukkasidan ketish firibgarlikdir. Bundaylarning yuzi ikki dunyoda ham shuvut holatda bo‘ladi. Buni bila turib qilish esa o‘zini ochiq-oydin xorlikka mahkum etishdir. O‘zini mayib-majruh holatda ko‘rsatib, gadoy, tilanchi qiyofasiga solish ham ayni tovlamachilikning bir turi. Dinimiz bundan qat’iy qaytaradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring