Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana DTM va abituriyent sudlashuvi haqida: MIBdan e’tiroz keldi. Keyin-chi?

Yana DTM va abituriyent sudlashuvi haqida: MIBdan e’tiroz keldi. Keyin-chi?

Foto: «Xabar.uz»

Bosh prokuratura, uning tarkibidagi tuzilmalar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan sohaga oid xabar-maqolalarga tezkor munosabat bildirayotgani bor gap. Shu ma’noda Davlat test markazi sudda yana bir abituriyentga yutqazganiga doir maqola yuzasidan tegishli munosabat ko‘pam hayallamasligi ehtimoli yuqori edi. Chunki unda o‘sha abituriyentning Toshkent tibbiyot pediatriya institutida talabasi bo‘lishga haqli ekani qonun bilan e’tirof etilganiga qaramay, sud qarori ijrosi «tuya go‘shti yeb yotgani»dan kelib chiqib, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) manziliga jindek nordonroq gaplar aytilgandi-da.

Kutilganidek, maqola joylangan kunning ertasigayoq Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi mas’ul xodimi biz bilan bog‘landi. Va aytdiki, maqolaga gap bo‘lishi mumkin emas, o‘z huquqini himoya qilib, sudda g‘olib bo‘lgan o‘sha yigitga tasanno, bunaqasi amaliyotda kam uchraydi, biroq bizning idoraga nisbatan aytilgan gaplarga e’tirozimiz bor, nega desangiz, sizlar yozgan sud qarori ijro uchun MIBga kelib tushmagan, bu haqda ijro hujjatining o‘zi yo‘q, axir?!

Mas’ul xodim isbot tariqasida quyidagi hujjatni yubordi:

Yunusobod ma’muriy sudining DTMga jo‘natga xati nusxasi. Foto: «Xabar.uz»

Ko‘rib turganingizdek, Yunusobod tumani ma’muriy sudi raisi D.B.Ergashev hal qiluv qarorini ijro etish uchun Majburiy ijro byurosiga emas, Davlat test markazining (DTM) o‘ziga yuborgan ekan! DTM esa, ko‘rib-bilib turganingizdek, hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganiga bir yarim oy to‘layotganiga qaramay, uni ijro etgani yo‘q.

Sud qarorlarini ijro etish uchun MIB yoki javobgar tomonning o‘ziga yuborish — sudyaning xos huquqi albatta, bu haqda bahs ortiqcha. Biroq bizning misolda ijroni bevosita DTMga yuklash nechog‘li maqsadga muvofiq? Shubhasiz, sud qarorlari so‘zsiz ijro etilishi shart. Aks holda, buning huquqiy oqibatlari mavjud. Ishi boshidan oshib yotgan sudlarda chiqargan sud qarori ijrosi orqasidan chopib yurishga vaqt ham, ishtiyoq ham bor deysizmi? Agar bor bo‘lsa, nega shu paytgacha sud qarorini vaqtida ijro etmagani uchun DTM mutasaddilariga tegishli chora ko‘rmadi? Ehtimol, Yunusobod tuman ma’muriy sudi hal qiluv qarorini DTMga emas, bevosita MIBning o‘ziga yuborganda sudda yutib chiqqan yigitning tilloga teng vaqti bu qadar isrof bo‘lmasmidi?! Shundog‘am o‘quv yili oyoqlab bormoqda, bu — o‘tayotgan har daqiqa qonunan — talaba, amalda esa hamon abituriyent maqomidan nariga o‘tolmayotgan Davron Tursunovning zarariga ishlayotganini takror-takror anglatadi. DTM esa yuzi shuvut qilingan sud qarorini katta mamnuniyat bilan qabul qilib, ijrosi uchun shoshmasligi aniq. MIBda esa tartib o‘zgacha: bu dargohda sud qarori muhokama qilinmaydi, asosiy e’tibor uning (sud qarorining) qonunda ko‘rsatilgan muddatda ijro etilishiga qaratiladi. Bu jarayondagi to‘sig‘-u tushovlarga nisbatan chora ko‘rish uchun MIBda yetarlicha vakolat bor.

Qisqasi, holat bir qadar oydinlashgach, maqolada byuro manziliga aytilgan gaplardan jindek xijolatga tushdik, rosti. Sud hujjati ijro uchun boshqa manzilga yuborilsa-yu kaltakning bir uchini MIB boshidan sindirish haqiqiy vaziyatni aks ettirmaydi, to‘g‘ri.

Ushbuni yozib, saytga joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan paytda, nihoyat, tegishli hal qiluv qarori Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy byuroning Yunusobod tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgani, bo‘lim davlat ijrochisi yeng shimarib, ijro harakatlarini boshlab yuborganini tasdiqlovchi hujjatni qo‘lga kiritdik.

MIBdan kelgan hujjat. Foto: «Xabar.uz»

Ushbu hujjat  yozishmalarimizni boshqatdan ko‘rib chiqib, tegishli tahrir kiritishni talab etadi aslida. Biroq biz tayyor matnni kesib-qaychilashdan tiyildik. Zero, jarayondan  bizgina emas, o‘quvchilar ham voqif bo‘lgani ma’qulday.

 Mana endi, MIB xodimiga kuch-quvvat tilagan holda, yozmishimizga oxirgi nuqtani qo‘ysak bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring