Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Python» dasturlash tili bo‘yicha o‘qitish yakunlandi

«Python» dasturlash tili bo‘yicha o‘qitish yakunlandi

Foto: «Xabar.uz»

11-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi  umumta’lim maktablarining informatika fani o‘qituvchilarini «Python» dasturlash tili bo‘yicha o‘qitish yakunlari bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi.

Xalq ta’limi bosh boshqarmasida bo‘lib o‘tgan tadbirda Toshkent shahar maktablarining 30 nafar o‘qituvchilariga tegishli sertifikat, boshqalarga nisbatan eng faol o‘qituvchiga noutbuk mukofoti topshirildi. Mukofot birgina Toshkent shahrida emas, balki respublika bo‘yicha faol o‘qituvchilarga taqdim etilishi maqsad qilib qo‘yilgan.

«Men maktabda 3 yildan buyon faoliyat yuritaman. Ilgari bu kabi loyihalalarda ishtirok etmaganman. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, pandemiya sharoitida bu kabi o‘quv kurslarga qatnashishga ikkilandim. Biroq keyin o‘quv jarayoni qiziqishlarimni ortishiga va barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tishimga sabab bo‘ldi. Biz IT sohasiga dastlabki katta qadamni qo‘ya oldik deb hisoblayman. Endi biz bu bilimlarimizni maktabda o‘quvchilarimizga o‘rgatishimiz orqali soha bilimdonlarining son va sifat jihatidan ortishiga xizmat qilishimiz kerak. Bu kabi loyihalar faol ravishda tez-tez o‘tkazilishini istardim. Bilmagan bilimlarimizni o‘rgansak, ularni yetuk mutaxassislar bilan birga muhokama qilsak, albatta, har bir maktab o‘quvchisi, kelajakda qaysi soha mutaxassisi bo‘lib yetishmasin, IT haqida kerakli bilimlarga ega bo‘lib ulg‘ayadi, deb hisoblayman. Bugun meni eng yaxshi, intiluvchan o‘quvchi sifatida e’tirof etishganidan xursandman. Men uchun bu kutilmagan sovg‘a bo‘ldi», — deya ta’kidlaydi Toshkent shahar Yangihayot tumani 303-sonli IDUMning Informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi Najmiddinova Munira.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda «BePro  Education Center» nodavlat ta’lim muassasasi o‘rtasida imzolangan shartnoma doirasida 2021 yilning 21 iyun – 27 avgust kunlari Vazirlik tizimidagi umumta’lim maktablarining informatika fani o‘qituvchilarini axborot texnologiyalari va dasturlash sohasi bo‘yicha savodxonligini oshirish maqsadida «Python» dasturlash tili bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv kurslari muvaffaqiyatli yakunlandi.

O‘qitish shartnoma va tasdiqlangan texnik topshiriq asosida  quyidagi tartibda amalga oshirildi:

—respublikaning 14 ta hududlarida ishtirokchilar sonidan kelib  chiqqan holda 24 ta o‘quv guruhlari tashkil etildi va ularning har biriga alohida malakali trenerlar biriktirildi;

 —o‘quv mashg‘ulotlari rejasi va jadvali ishlab chiqildi;

—o‘quv-uslubiy hujjatlar va tarqatma materiallar (Python Basic va Python Django bo‘yicha kitoblar) ishlab chiqildi va barcha o‘quv kursi ishtirokchilariga foydalanish uchun tarqatildi;

 —xalq ta’limi tizimidagi umumta’lim maktablarining 615 nafar informatika fani o‘qituvchilari orasidan test sinovlari orqali 430 nafari saralab olindi;

—saralab olingan o‘quv kursi ishtirokchilari «Python (Basic)» yo‘nalishida 160 soatlik o‘quv dasturi asosida o‘qitilib, dastur yakunida alohida test sinovlari orqali ularning o‘zlashtirish holati  aniqlandi hamda natijalar Xalq ta’limi vazirligiga taqdim etildi;

 —keyingi bosqichda, ishtirokchilar «Python (Django)» yo‘nalishi bo‘yicha 72 soatlik o‘quv dasturi asosida o‘qitildi hamda dastur yakuni bo‘yicha joriy yilning 24 avgust kuni navbatdagi test sinovlarini topshirdi.

—o‘quv kursi ishtirokchilari uchun «Python» dasturlash tili bo‘yicha 4 soatlik mahorat darslari tashkil etildi;

—kunlik davomatni nazorat qilish hamda biriktirilgan trener-o‘qituvchilar tomonidan mashg‘ulotlarning sifatli olib borilishini kuzatib borish hamda vazirlikka kunlik ma’lumot taqdim etib borish tizimi yo‘lga qo‘yildi;

Birinchi bosqich yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlari  natijasiga ko‘ra, ishtirokchilarning darslarni o‘zlashtirganlik holati republika bo‘yicha o‘rtacha – 77,5 foiz (yaxshi)ni tashkil etgan bo‘lsa, keyingi bosqich yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlari natijalariga ko‘ra, o‘zlashtirish darajasi republika bo‘yicha o‘rtacha – 84,4 foiz (yaxshi) baholandi.

«BePro Education Center»da Toshkent shahar bo‘yicha o‘qituvchilarga dars berdim. O‘qish juda yaxshi tashkillashtirildi. Biz bir jamoa bo‘lib harakat qildik. O‘qituvchilar bilan «Pyton» va «Django»da haqiqiy loyihalar bilan ishladik. Hamma o‘z maktabi veb-sahifasini «Django fremworki» yordamida bajardi», — deydi 19 yoshli TATU talabasi Sharofiddinov Shahzod.

Mamlakatimizda davom etib turgan koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq epidimiologik vaziyat hamda o‘quv kursi ishtirokchilari orasida ham COVID-19 virusi bilan kasallanganlar aniqlanganligi sababli, Toshkent va Samarqand viloyatlarida qisman masofaviy shaklda o‘tildi. Surxondaryo viloyatida o‘qitishning masofaviy shakliga o‘tildi.

Olib borilgan o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirokchilar quyidagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar:

  • Python dasturini o‘z kompyuteriga o‘rnatish;
  • Python dasturlash tilining asosiy elementlarini, buyruqlar bajarish ketma-ketligini, ifodalar, satrlar bilan ishlash;
  • operatorlar, funksiyalar, modullar, sintaksis, o‘zgaruvchilar bilan ishlash;
  • algoritmik fikrlash va algoritmlarni ishlab chiqish;
  • dastur kodlari bilan ishlash;
  • arifmetik amallarni bajarish;
  • grafik interfeys bilan ishlash;
  • Python dasturlash tilida sodda va mantiqiy masalalarni tuzish;
  • nazariy bilimlar bilan birga, ularni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmaoari shakllantirildi.

Ushbu o‘quv kursi ishtirokchilari (o‘qituvchilar) kelgusida o‘z  faoliyatlari davomida Python dasturlash tilining Basic yo‘nalishi bo‘yicha mustaqil ta’limni samarali tashkil etish orqali:

  • informatika va axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘qituvchilar orasida paydo bo‘lgan bo‘shliq to‘ldiradi;
  • umumta’lim maktablarida informatika va axborot texnologiyalari sohasidagi ta’lim sifati oshadi;
  • fan olimpiadalarida dasturlash bo‘yicha o‘quvchilar soni oshishi bilan birga, raqobat muhiti shakllanadi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring