Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YeOIIda yana kelishmovchilik. Putin yagona budjet va soliq tizimi talab qilmoqda

YeOIIda yana kelishmovchilik. Putin yagona budjet va soliq tizimi talab qilmoqda

YeOII oliy kengashi yig‘ilishi davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko o‘rtasida gaz narxi bo‘yicha munozara kelib chiqdi. Eslatib o‘tamiz, Lukashenko Rossiya gazni Belarusga qimmat narxda, Yevropaga, xususan Germaniyaga ikki barobar arzon narxda sotayotganidan norozilik bildirgan.

Putin dastlab YeOIIda gaz narxi uzoq yillardan buyon hal qilinmasdan kelinayotgani tan oldi. U muammo borgan sari kuchayib, tashkilot rivojiga halal berayotganini ham ta’kidlagan.

Ammo shundan so‘ng Putin Lukashenkoning e’tirozlariga javob berarkan, gaz transportirovkasi va tranziti uchun yagona tarif faqatgina YeOIIga birlashishning ma’lum bosqichidan so‘ng mumkin bo‘lishini aytib o‘tdi. Xususan, Rossiya prezidenti YeOII a’zolaridan yagona bozor, yagona budjet va yagona soliq tizimiga birlashishni talab qilmoqda. Ya’ni, Rossiya tomoni avval birlashib, so‘ngra gaz narxi bo‘yicha umumiy talab joriy etilishini bildirgan.

Ayni vaqtda Germaniya Rossiyadan gazni ming kubometri uchun 65-68 dollardan sotib olmoqda. Belarusga esa aynan shu gaz 127 dollardan sotilyapti. Bu holat Lukashenkoning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Uning ta’kidlashicha, «ayniqsa g‘alabaning 75 yilligida shunday bo‘layotgani g‘alati». Bu bilan Belarus rahbari ikkinchi jahon urushida Belarus sobiq ittifoq tarkibida Rossiya bilan birgalikda Germaniyaga qarshi urushganiga e’tibor qaratishga uringan ko‘rinadi.

YeOII ichida kelishmovchiliklar faqat shu bilan yakuniga yetmagan. Shuningdek Qirg‘iziston ham Rossiyadan narxlarni tushirishni talab qilmoqda. E’tiborli tomoni, Qirg‘izistonda gaz yetkazib beruvchi «Qirg‘izgaz» tashkiloti to‘lig‘icha «Gazprom»ga tegishli, ammo bu holat ham gaz narxlari yuqoriligicha qolishiga halal bermagan.

Biroz vaqt muqaddam «Gazprom» joriy yilning birinchi choragida 300 milliard rubl zarar ko‘rgani xabar qilingan edi. Kompaniyaning an’anaviy xaridorlari bo‘lgan Yevropa davlatlari boshqa yetkazib beruvchilardan juda ko‘p siqilgan tabiiy gaz sotib olgani va narxlar tushib ketgani bunga sabab bo‘lmoqda. Rossiya bunday vaqtda yaqin hamkorlarini qo‘llab-quvvatlashni istamayapti va ko‘rilayotgan zararning bir qismini bo‘lsa-da qoplashni ma’qul ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston ham YeOIIga kuzatuvchi davlat maqomida qo‘shilishga yaqin turibdi. Oliy majlis qonunchilik palatasi va Senat integratsiyani ma’qullagan. Jarayon yakuniga yetishi uchun Prezident qaror qabul qilishi lozim bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring