Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron qaysi davlat rahbarlaridan qasos olmoqchi ekani ochiqlandi

Eron qaysi davlat rahbarlaridan qasos olmoqchi ekani ochiqlandi

Foto: Hamshahri Online

Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyning o‘limi uchun olinishi ko‘zda tutilgan “Qasos ro‘yxati”ning boshida AQSh prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu turibdi.

Euronews telekanali Eron hukumatiga yaqin deb ko‘riladigan Hamshahri gazetasiga tayanib xabar berishicha, ro‘yxatga G‘arb davlatlarining yana bir qator yetakchilari va AQSh mulozimlari kiritilgan.

O‘ta konservativ yo‘nalishdagi Hamshahri nashriga ko‘ra, Eron oliy rahbarining o‘ldirilishi uchun Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, AQSh davlat kotibi Marko Rubio va mudofaa vaziri Pit Hegset ham joni bilan javob berishi lozim.

Nashr e’lon qilgan suratda G‘arb davlatlari yetakchilari qamoqxona kiyimida aks ettirilgan. Tramp va Netanyahuning peshonasida esa nishon chizilgan.

Hamshahri chop etgan ro‘yxat Eron rasmiy idoralari tomonidan ma’qullangani aniq emas. Ammo joriy yil 11-iyul kuni mamlakatning amaldagi oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy otasi uchun qasos olinishi haqida bayonot bergan edi.

“Biz sizning qoningiz uchun va ushbu ikki urushning barcha shahidlari uchun o‘zlarini sharmanda qilgan qotillarni jazolash orqali qasos olishga qasam ichamiz. Qasos – xalqimizning talabi va u albatta amalga oshirilishi kerak”,deyiladi Mujtabo Xomanaiy nomidan tarqatilgan yozma bayonotda.

Oliy rahbar, shuningdek, nishonga olinadigan shaxslar ro‘yxati tuzilganini ham aytgan.

“Ushbu ro‘yxatga kiritilgan jinoyatchilar o‘z uyi – o‘lan to‘shagida tinchgina omonatini topshirish orzusidan mosuvo etiladi”, – deyiladi bayonotda.

Avval xabar berganimizdek, Isroil AQSh hukumatiga Eron tomonidan prezident Trampga qarshi yangi suiqasd rejasi tayyorlanayotgani haqida razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan. Manbalarga ko‘ra, Isroilning ogohlantirishi o‘tgan haftada Vashingtonga yetkazilgan.

O‘z navbatida prezident Tramp Eron o‘ziga qarshi suiqasd amalga oshirgudek bo‘lsa, mamlakat yakson etilishidan ogohlantirgan.

Eron rasmiylari 2020-yilda Islom inqilobi muhofizlari korpusi generali Qosim Sulaymoniy AQSh zarbasida o‘ldirilgani uchun Trampdan qasos olish haqida bir necha bor bayonot berib kelgan. Ammo tahlilchilar Tehron hukumati tomonidan AQSh prezidentiga suiqasd amalga oshirilishi ehtimoli past ekanini aytadi. Chunki dunyodagi eng qattiq qo‘riqlanadigan davlat rahbariga suiqasd uyushtirish va uning muvaffaqiyatli chiqishi amrimaholdir.

Isroilning suiqasd haqidagi so‘nggi ogohlantirishi ham Vashingtonni Eronga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirishga undash maqsadida berilgan bo‘lishi mumkin.

Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy joriy yil 28-fevral kuni, AQSh va Isroil boshlagan keng ko‘lamli urushning ilk lahzalarida o‘ldirilgan edi.

Financial Times gazetasiga ko‘ra, Isroil razvedkasi Xomanaiyning harakatlarini aniqlash uchun Tehrondagi yo‘l kuzatuv kameralariga kirish imkoniga ega bo‘lgan.

Ali Xomanaiy Eronni 1989-yildan 2026-yilgacha – qariyb 37 yil davomida idora etdi. Bu uni mamlakat tarixidagi eng uzoq hukmronlik qilgan rahbarlardan biriga aylantirdi.

Joriy yil 8-mart kuni Eron ulamolaridan iborat ekspertlar kengashi Ali Xomanaiyning ikkinchi o‘g‘li Mujtabo Xomanaiyni mamlakat oliy rahnamosi lavozimiga sayladi.

56 yoshli Sayyid Mujtabo Xominaiy hozirga qadar jamoatchilikka ko‘rinish bergani yo‘q. Uning nomidan yozma bayonotlar tarqatilmoqda, xolos. Bu esa uning salomatligiga oid turli mish-mishlar tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: AQSh va Eron o‘rtasida joriy yil iyun oyida tuzilgan sulh bitimi mo‘rt bo‘lib chiqdi. Co‘nggi kunlarda tomonlar bir-biriga qarshi zarbalar bermoqda. 

13-iyulga o‘tar kechasi ham AQSh Eron hududlariga hujum uyushtirdi. Bunga javoban Eron qurolli kuchlari Iordaniya, Kuvayt, Bahrayn, Qatar va O‘mondagi AQSh harbiy inshootlariga raketa va dronlar yo‘llagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring