Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kremlda Ukrainadagi urushni tugatish masalasi muhokama qilindi

Kremlda Ukrainadagi urushni tugatish masalasi muhokama qilindi

Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, yopiq eshiklar ortidagi uchrashuv 3 soat 10 daqiqa davom etgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh vakillari Ukrainadagi harbiy harakatlarni imkon qadar tezroq to‘xtatishdan manfaatdor ekanini bildirgan va ehtimoliy tinchlik kelishuvi bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surgan.

Putin esa Rossiya Ukrainada qo‘yilgan maqsadlariga erishish niyatida ekanini, mojaroni hal qilish uchun uning «tub sabablari» bartaraf etilishi kerakligini aytgan. Rossiya tomoni frontdagi vaziyat bo‘yicha o‘z bahosini ham AQSh vakillariga yetkazgan.

Ushakovning bildirishicha, Uitkoff va Kushner Putinning pozitsiyasini Kiyevda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi muzokaralarda hisobga olishini aytgan.

AQSh vakillari uchrashuv natijalari bo‘yicha hozircha ochiq bayonot bermadi. Ular Moskvadan Ukrainaga yo‘l oldi va Vladimir Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazishi kutilmoqda.

Donald Tramp uchrashuv arafasida Uitkoff va Kushner Moskva hamda Kiyevga «urushni tugatish bo‘yicha taklif» olib borayotganini bildirgan. Biroq Vashington taklif mazmunini ochiqlamagan.

Kreml ma’lumotiga ko‘ra, Putin 6-sentyabr yarim tundan boshlab Kiyevga zarba bermaslik haqida ko‘rsatma bergan. Bundan avval Vladimir Zelenskiy ham AQSh vakillarining tashrifi paytida Rossiya hududiga havo zarbalari bermaslikka tayyor ekanini aytgan.

Uitkoff va Kushnerning Ukrainaga tashrifi Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri ularning Kiyevga birinchi tashrifi bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring