Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudiya Arabistoni Ukraina inqirozi bo‘yicha siyosiy yechim taklif etmoqda

Saudiya Arabistoni Ukraina inqirozi bo‘yicha siyosiy yechim taklif etmoqda

Faysal ibn Farhan.

Foto: «Saudi Gazette»

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal ibn Farhan Fors ko‘rfazi mamlakatlari Rossiya hamda Ukraina ixtilofi borasida yakdil fikrda ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u Riyoz shahrida bo‘lib o‘tgan  Ko‘rfaz mamlakatlari hamkorlik kengashining vazirlar mashvaratida gapirdi. 

«Bugun Rossiya va Ukraina tashqi ishlar vazirlari bilan samarali uchrashuv o‘tkazdik. Muzokaralarda Rossiya–Ukraina inqirozi hamda uning salbiy oqibatlari, xususan, mamlakatlar hamda butun jahon oziq-ovqat xavfsizligi borasida aziyat chekayotgani borasida yakdil pozitsiyamizni bayon etdik», – dedi Saudiya tashqi ishlar vaziri.

Vazirlar mashvaratiga raislik qilgan Faysal ibn Farhan Eronning yadro loyihasi borasida Ko‘rfaz mamlakatlarining xavotirini ham izhor etgan.

«Tahdidlar sirasida eng avvalo Eron yadro loyihasi, isyonchilar qurollantirilayotgani, terrorizm qo‘llab-quvvatlanayotgani va mintaqadagi beqarorlikka urinishlarni qayd etish joiz.  Bu esa Eron bilan muloqot va muzokaralar Ko‘rfaz mamlakatlarining yakdil nuqtai nazariga ko‘ra bo‘lmog‘i lozimligini yana bir karra tasdiqlaydi», – dedi Saudiya bosh diplomati.

Vazir xalqaro huquq ustuvorligi va yaxshi qo‘shnichilik asosida mintaqada tinchlik-osoyishtalikni saqlash lozimligini  urg‘ulagan.  

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhan 31 may kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda ham Ukraina inqirozini muhokama qilgan. Saudiya tomoni Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan yechish muhimligini ta’kidlab, bu borada ko‘mak berishga shayligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon ham joriy yil mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqotda Moskva va Kiyev o‘rtasida vositachilik taklif qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring