Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Da’vogar doimo haqmi?

Da’vogar doimo haqmi?

Odatda, sudga kelgan ikki taraf ham o‘zini haq deb hisoblaydi. Bunday holatda sud qaroridan taraflarning biri — rozi, ikkinchisi norozi bo‘lishi turgan gap.

Odamlarni rozi qilish, ularning sudga bo‘lgan ishonchini ta’minlash uchun esa, sud qarori qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishi kerak. Bundan tashqari sudya o‘zi qabul qilgan qarorni taraflarga batafsil va asosli tarzda tushuntirib berishi shart.

Aytish kerakki, yer munosabatlari xalqimiz hayotida muhim ahamiyatga ega. Qonunchiligimizda ham bu masala alohida o‘rin tutadi.

Fuqarolik sudlarida ham bu mavzu yetakchilik qilmoqda. Jumladan, 2019-yilning birinchi yarmida birinchi instansiya sudlariga yer nizosi bilan bog‘liq 1 ming 186 ta ariza kelib tushgan. Shundan 908 ta fuqarolik ishi ko‘rilgan. Hal qiluv qarori chiqarilgan 757 ta fuqarolik ishidan 575 tasi bo‘yicha talablar qanoatlantirilgan. 162 ta fuqarolik ishi bo‘yicha da’vo talabi rad etilgan.

Ma’lumki, yer nizolari ko‘p vaqt va xarajat talab etadigan murakkab nizolar toifasiga kiradi. Chunki bu toifadagi nizolarni hal etishda taraflardan tashqari, yerga oid munosabatlarni tartibga solishga vakolatli bo‘lgan davlat muassasalari mutaxassislari, mahalliy hokimliklar, zaruriyat bo‘lganda, ekspertlarni jalb etilib, nizoning to‘liq va har taraflama yechimini topish choralarini ko‘rish talab etiladi.

Yer munosabatlariga doir nizolar tahlil etilganda, qiziq holatlar uchraydi. Aniqroq aytganda, aksariyat hollarda yerga egalik qiluvchi shaxslarning e’tiborsizligi-yu, yer ajratishga mutasaddi mansabdor shaxslarning mas’uliyatsizligiga guvoh bo‘lamiz.

Misollarga murojaat qilamiz: da’vogar B. Tolibov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudiga A. shahri, D-aholi punktidagi 64, 65-sonli yer maydonlarini B. Qobilovning qonunsiz egaligidan olib berish va o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzdirish haqida da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

B. Tolibov viloyat davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasining 2001- yildagi buyrug‘iga ko‘ra, tashkil etilgan kim¬oshdi savdosida qatnashib, 63, 64, 65-sonli yer maydonlarini sotib olgan. Shundan so‘ng unga shahar hokimligining davlat orderlari rasmiylashtirilib, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Shuningdek, javobgar B. Qobilov ham kimoshdi savdosi natijalari bo‘yicha 3, 4, 5-sonli yer maydonlarini sotib olgani haqida tegishli hujjatlar taqdim etgan. Unga ham shahar hokimining davlat orderlari rasmiylashtirilib, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Yer kodeksining 24, 31-moddalariga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi joyning o‘zida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkalarining chizmalari va tavsiflari tuzilib, unga (yer uchastkalariga) bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin vujudga keladi.

Berilgan yer uchastkasi tegishli yer tuzish xizmati tomonidan joyning o‘zida belgilangunicha va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar berilguniga qadar yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanishga kirishish taqiqlanadi.

Aniqlanishicha, har ikkala tarafga qonunda nazarda tutilgan tartibda yer uchastkasi ajratib berilmagan va yer uchastkasini identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan hujjatlar rasmiylashtirilmasdan qolgan.

Bundan tashqari da’vogar B. Tolibov yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi buzilganligi haqida 15 yildan so‘ng sudga murojaat qilmoqda.

Bundan ham qizig‘i, taraflar egallab kelgan yer uchastkalari na da’vogar B. Tolibovning va na javobgar B. Qobilov hujjatlarida ko‘rsatilgan yer uchastkalariga mos keladi.

Ajablanarli tarafi shun¬daki, hujjatlarni rasmiylashtirishga mas’ul bo‘lgan yer tuzish xizmati mutasaddilari kimoshdi savdosida olingan yer uchastkasini joyida o‘lchab bermagan. Yer uchastkasining chizma va tavsiflarini to‘liq rasmiylashtirmagan.

Da’vogar B. Tolibov ham shuncha vaqt davomida sotib olgan yer maydonining hujjatlarini rasmiylashtirishni xayoliga keltirmagan.

Bu nizo oxir-oqibat Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rib chiqildi.
Da’vogar B. Tolibovning da’vo talabi rad etildi.

Ha, sudga murojaat qilgan da’vogar har doim ham haq bo‘lavermaydi.

Yana bir misol: B. Nurxonova javobgar A. Sharipov va K. Sharipovni 0,10 gektar yer maydonidan chiqarish va yer maydonini olib berish haqidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qiladi.

Aniqlanishicha, tuman hokimining 2014-yil 21-noyabrdagi qaroriga ko‘ra, tumanning Yangi hayot qishlog‘ida 4 200 kv.metr yer maydonidagi uy-joyga B. Nurxonovaning egalik huquqi belgilangan va mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Tuman hokimining 2017-yil 8-apreldagi qaroriga ko‘ra, fuqaro A. Sharipovga hokimlik zaxirasida turgan 0,50 gektar haydaladigan lalmi yer maydoni uy-joy qurmaslik sharti bilan dehqon xo‘jaligi sifatida foydalanish uchun berilgan. Javobgar A. Sharipovning ushbu yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Ishdagi hujjatlar sinchiklab o‘rganilganda, kim haqu kim nohaqligi ayon bo‘ldi. Jumladan, ishga mutaxassislar jalb etilib, A. Sharipovga tegishli bo‘lgan yer maydonini B. Nurxonova asossiz ravishda talab qilayotgani aniqlandi.

Aslida, B. Nurxonovaga tegishli uy-joy tomorqasi 0,32 gektarni tashkil etgan. U uyidan uzoq masofada joylashgan 0,10 gektar yer maydonini qo‘shib olgan. Bu haqda tuman hokimi tomonidan 2014-yil 21- noyabrda qaror chiqarilgan.

Biroq hujjatlarni rasmiylashtirishda chalkashliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Ya’ni nizoli 0,10 gektar yer maydoni tuman hokimining 2017-yil 8-apreldagi qaroriga asosan A. Sharipovga tegishli bo‘lgan.

B. Nurxonovaning uy-joyga mulk huquqiga oid hujjatlarida yer uchastkasining chegaralari aniq belgilab qo‘¬yilmagan. Buning ustiga yer maydoni toponomik tasvirga olinganda u 1,07 gektar ortiqcha yer maydonidan foydalanib turgani aniqlanadi.

Shu bois javobgar A. Sharipov egaligida bo‘lgan yer uchastkasidan foydalanib kelgani da’vogar B. Nurxonovaning huquq va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga daxl qilmasligi e’tirof etilib, da’vo rad etildi.

Yana bir e’tibor qaratish lozim bo‘lgan holat - birinchi instansiya va viloyat sudlari ham yer nizolarini chuqur tekshirishi taqozo etiladi.

Avvalo, o‘z huquqlarini himoya qilish haqida murojaat qilgan fuqarolarning nizo predmetiga huquqlari qonunda nazarda tutilgan tartibda vujudga kelgan yoki kelmaganini har taraflama, to‘liq va xolisona tekshirish choralarini ko‘rish lozim.

Chunki yer munosabatlarida yuzaga keladigan nizolarni bartaraf etishda sudda nizolarni qonuniy hal etishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi.

Yurtdoshlarimizga yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini to‘g‘ri rasmiylashtirish yuzasidan targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘yish zarur.

Soha mutaxassislarining kamchiliklari yuzasidan vakolatli organlarga ularni bartaraf etish yuzasidan qat’iy choralar qo‘rilishini ta’minlash uchun munosabat bildirish kerak. Zero, hu-quqbuzarliklarning oldi olinishi nizolar kelib chiqmasligiga xizmat qiladi.


Navro‘z Rahmonov,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy sudi sudyasi

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring