Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Misi chiqqan» kontrabandachilar bojxonachilarga 9000 «ko‘ki»ni taklif qilishdi

«Misi chiqqan» kontrabandachilar bojxonachilarga 9000 «ko‘ki»ni taklif qilishdi

Foto: DBQ Axborot xizmati

Yaqinda Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhning kirdikorlari fosh qilindi.

DBQ Axborot xizmati bosh inspektori Husan Tangriyevning xabar berishicha, qo‘shni davlatdan Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining «Yallama» chegara-bojxona posti orqali respublikamizga kirib kelgan, qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasiga tegishli hujjatlar ko‘zdan kechirilganida, bojxona xodimlarini shubhalantirgan ayrim jihatlar namoyon bo‘lgan.

Hujjatlarga ko‘ra, respublikamizdan go‘yoki tranzit tarzida o‘tayotgan mazkur yuk avtotransport vositasiga ortilgan yuklarning invoys hujjatlari 2 xil ekan.

Ularning biri respublikamizga kirib kelishda bojxona organlariga taqdim qilish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unga ko‘ra avtotransport vositasiga qiymati 17 ming AQSh dollaridan oshiq bo‘lgan 2482 dona televizorlar va 200 dona issiqlik radiatorlari ortilgani qayd qilingan.

Ammo, chegaradan chiqib ketish davomida bojxona organlariga taqdim qilinishi lozim bo‘lgan soxta invoysda esa issiqlik radiatorlari 100 taga kamaytirib ko‘rsatilgan, televizorlar o‘rniga esa kulolchilikda qo‘llaniladigan materiallar, ko‘rpa-to‘shaklar va turli g‘iloflar borligi aks ettirilgan.

Hujjatlardagi nomuvofiqliklarga oydinlik kiritish maqsadida mazkur yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, unga 4 turdagi 2680 dona chet elda ishlab chiqarilgan televizorlar ortilgani aniqlandi. Ularning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 3 mlrd. 816 mln. so‘mni tashkil qilmoqda.

Demak, jinoiy guruhning hiylasiga ko‘ra respublika hududidan go‘yoki tranzit tarzida o‘tkazilayotgan mazkur televizorlar aslida ichki hududda tushirib qoldirilishi va ularning o‘rniga chiqib ketishda boshqa tovarlar ortilishi rejalashtirilgan.

Jinoiy guruh a’zolari ushbu kontrabanda mahsulotlarini respublikamiz hududida tushirib qoldirish rejasi fosh qilinishining oldini olish maqsadida bojxona xodimlarini pora evaziga og‘dirishga harakat qilishgan va bojxona xodimlariga 9 ming AQSh dollarini pora sifatida taklif qilishadi. Ammo, ularning bu nayrangi ham naf bermadi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, jinoiy guruhning qolgan a’zolarini ham fosh qilish yuzasidan tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring