Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarshi shahar prokurorining sobiq o‘rinbosari qachon qo‘lga tushgandi?

Qarshi shahar prokurorining sobiq o‘rinbosari qachon qo‘lga tushgandi?

Foto: «Xabar.uz»

Ayrim saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahar prokurori o‘rinbosari pora bilan qo‘lga olinganiga oid xabarlar tarqaldi. Xabarlarda mansabdor besh yuz AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida olayotganda qo‘lga olinganini ilg‘ash mumkin bo‘lsa-da, bayonlardagi mavhumliklar qator savollar tug‘dirgani bois vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Bosh prokuraturaga murojaat etdik.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbarining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Qarshi shahar prokurorining sobiq o‘rinbosari M. A. jinoyat ustida qo‘lga olingani rost. Biroq voqelik ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotgandek, shu kunlarda emas, balki o‘tgan yili, yanada aniqroq aytsak, 2018-yilning oktyabrida ro‘y bergan. Ya’ni, M.A. ish yurituvidagi shikoyat arizasi yuzasidan tekshirish harakatlari olib borish jarayonida ATB «Mikrokreditbank» Qarshi shahar filialining sobiq boshqaruvchisi L.J.ni shahar prokuraturasiga chaqirib, undan holat bo‘yicha tushuntirish xati olish jarayonida uning «javobgarlik masalasini hal qilvorish» bilan pul ta’ma qiladi. Uning bu ta’magirligi esa o‘ziga qimmatga tushadi: M. A. jinoiy sherigi B.E. orqali jami 600 AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtda (11.10.2018-y) qo‘lga olinadi. Shu o‘rinda alohida qayd etamizki, Qashqadaryo viloyat prokuraturasi rahbariyatining o‘zi mazkur xodimning ushbu harakatidan xabar topib, ichki xavfsizlik bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbir natijasida jinoyat ustida ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari allaqachon tugab, hatto sud hukm chiqarib bo‘lingan ham. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqardaryo viloyat sudi hukmiga ko‘ra, M. A. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan aybli deb topilib, unga besh yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Bundan tashqari u ikki yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan ham marhum qilingan. Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha boshqalarga ham tegishli jazo tayinlangan.

Yuqorida ta’kidlanganidek, ayni jinoyatning fosh etilishi prokuratura organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, tizimda halol xodimlar tarkibini shakllantirish yuzasidan olib borilayotgan keng ko‘lamli tadbirlarning amaliy natijalaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari o‘tgan vaqt davomida mahkama rahbariyatining qat’iyligi natijasida tizimdagi bir necha o‘nlab nopok xodimlarning javobgarlik masalasi hal etilgan. Bu boradagi ishlar izchil davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring