Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Moliya vazirligi oshgan narxlarga izoh berdi

Moliya vazirligi oshgan narxlarga izoh berdi

Foto: «Xabar.uz»

Kundalik turmushda zarur bo‘lgan elektr energiyasi, issiqlik va suv ta’minoti hamda jamoat transporti narxlari mo‘’tadil bo‘lishini hamma istaydi. Ularning narxi oshishi esa aholida doim norozilik paydo qiladi. Lekin nima uchun narx oshiriladi?

«O‘zA» muxbirining ushbu savoliga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligidan quyidagicha javob olingan:

Ijtimoiy ahamiyatga ega tarmoq va korxonalar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Ularga turli imtiyoz va subsidiyalar beriladi.

Biroq, jahon amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, ma’lum toifadagi korxonalarga davlat tomonidan berilayotgan dotatsiyalar ularning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ko‘p yillar mobaynida kommunal xizmatlar uchun korxonada belgilangan narx va chakana narxlar hamda jamoat transportidagi yo‘l kira haqi ularning tannarxidan past miqdorda belgilanar edi. Ushbu korxonalar ko‘radigan zarar subsidiyalar yoki budjet oldidagi qarzdorlikdan voz kechish orqali qoplab kelingan.

Energiya resurslarini ishlab chiqarishda tabiiy gaz va neftning o‘rni beqiyos. Elektr tannarxi tarkibidagi xarajatlar (ishlab chiqarishdan tortib iste’molchiga yetib borguncha bo‘lgan narxlar)ning 46 foizini tabiiy gaz, 6 foizini ko‘mir va mazut bilan bog‘liq xarajatlar, 12 foizini texnologik yo‘qotishlar tashkil etadi. Demak, barcha resurslar, shu jumladan, jamoat transporti narxi bir-biriga chambarchas bog‘liq.

Mahalliy xomashyo yetishmasligi, chetdan tabiiy gaz va neft mahsulotlarini import qilish zarurati va ushbu resurslarni xorijiy korxonalardan umumjahon narxlarida xarid qilinayotgani tabiiy gaz va neft mahsulotlarining narxiga ta’sir ko‘rsatadi. Ayni damda yangi konlarni ochish va amaldagi skvajinalarni kapital ta’mirlash moliyaviy mablag‘lar yetishmasligi sabab sust bormoqda. Demakki uglevodorod ishlab chiqarish hajmi ham pasaymoqda.

Yoqilg‘i-energetika kompleksi har qanday mamlakat iqtisodiyotida muhim rol o‘ynaydi. Mamlakatdagi ushbu kompleksni isloh qilish bo‘yicha tub o‘zgarishlarni amalga oshirmay turib ishonchli va samarali elektr-issiqlik ta’minotini yetkazib berish, boshqa tarmoqlarni rivojlantirish, butun jamiyatning normal hayot kechirishini ta’minlab bo‘lmaydi.

Davlatning xo‘jalikni boshqarishning bozor shartlariga, jumladan, tariflarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solish va alohida sohalarga subsidiya berish shaklidagi haddan ziyod aralashuvi ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, resurslar narxi va belgilangan narxlar o‘rtasidagi ulkan tafovutni har qanday nuqtai nazardan ham oqlangan, deb hisoblab bo‘lmaydi.

Boz ustiga amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, past tariflar bitmas-tuganmasdek ko‘rinadigan qimmatbaho, biroq arzon baholangan resurslarni beparvolarcha sarf qilinishiga sabab bo‘lmoqda. Fuqarolar energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish haqida o‘ylamaydilar – chunki ular bundan manfaatdor emas.

Shunday qilib, narxni shakllantirish bo‘yicha yuzaga kelgan mustahkam zanjir yoqilg‘i-energetika kompleksi korxonalari faoliyati yomonlashuviga olib kelmoqda. Bu esa kelgusida mamlakatimizning energetika xavfsizligiga tahdid solishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, xalqimiz farovonligini yaxshilash yo‘lida ma’lum to‘siqlarni keltirib chiqaradi.

Aksariyat hollarda mahalliy tariflar ancha past. Qozog‘istonda gaz narxi pastligi uning bu resurslarga boyligi bilan, Qirg‘iziston va Tojikistonda elektr energiya narxi arzonligi mamlakatdagi davlatlarning qudratli gidroresurslarga egaligi bilan izohlanadi. Buning ustiga ushbu mamlakatlarda aholi soni ham ancha kam.

Mamlakatimiz sharoitida esa tariflarni oshirish zarur choralardan biri bo‘lib, buni amalga oshirmasdan turib, eng muhim muammolarni hal etib bo‘lmaydi.

Tariflar oshishi aholini qiyin ahvolga solib qo‘yadi, degan mish-mishlar esa unchalik to‘g‘ri emas. Chunki narx oshishidan oldin aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish davlatning doimiy e’tiborida.

2018-yilning 16-noyabridan boshlab yuridik shaxslar uchun 1 kVt/s elektr narxi 331 so‘m va 1 kub metr tabiiy gaz narxi 600 so‘m miqdorida baholandi. Ayni paytda aholi uchun bu narxlar atigi 10 foizga oshirildi, xolos. Ya’ni 1 kVt/s elektr narxi 250 so‘m va 1 kub metr gaz narxi 320 so‘m miqdorida belgilandi.

Aholi va yuridik shaxslar uchun energiya resurslariga belgilangan narxlar o‘rtasidagi farqni qisqartirish hamda sohani zarar ko‘rmaydigan darajaga olib chiqish maqsadida 2019-yil 15-avgustdan yangi tariflar belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ya’ni, fuqarolar uchun 1 kVt/s elektr narxi 295 so‘mni, yuridik shaxslar uchun 450 so‘mni, jismoniy shaxslar uchun 1 kub metr gaz 380 so‘m va yuridik shaxslar uchun 660 so‘mni tashkil etadi.

Natijada, aholi uchun elektr energiya va tabiiy gaz tariflari yuridik shaxslarnikiga nisbatan 1,5 va 1,7 baravar kamaydi. Bu ko‘rsatgichlarni taqqoslar ekanmiz, O‘zbekiston hukumati yurtdoshlarimizning moliyaviy yukini yengillashtirishga harakat qilayotganiga ishonch hosil qilish mumkin.

Ijtimoiy ko‘makning yana bir chorasi – oylik ish haqi, stipendiyalar, pensiyalar va boshqa nafaqalar miqdorining muntazam oshirib borilishidir.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilning birinchi choragida mamlakatdagi o‘rtacha nominal oylik ish haqi 2049,7 million so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilda 1549,9 million so‘mni tashkil etgan.

Bundan tashqari, 2019-yilning yanvar oyidan boshlab jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘i 12 foiz etib belgilandi. Ilgari bu 22,5 foizni tashkil etardi. Shuningdek, joriy yildan boshlab oylik ish haqidan pensiya jamg‘armasi uchun ushlab qolinadigan 8 foiz miqdoridagi ajratmalar bekor qilindi. Shu bilan aholi daromadlari 2018 yil bilan taqqoslaganda o‘rtacha 43 foizga o‘sgan. Ayni damda aholi uchun belgilangan gaz va elektr energiyasi tariflari yil boshida o‘rtacha 22 foizga o‘sdi. Joriy yil 1 avgustdan boshlab eng kam oylik ish haqi miqdori yana 10 foizga oshirildi.

Sir emas, bugungi kunda resurslardan foydalanishda iste’molchining asosiy normasi belgilanmoqda. 2019-yil 1 yanvardan boshlab Yunusobod tumanida tajriba tariqasi energiya resurslarini iste’mol qilishning me’yori belgilandi. Kelgusida bu mamlakat bo‘ylab qo‘llanilishi uchun mukammal ishlab chiqiladi.

Hozirgi kunda gaz bo‘yicha amal qilayotgan me’yor bir abonent uchun isitish mavsumidagi besh oyda 1000 kub metr, qolgan vaqtlarda 250 kub metr gazni tashkil etadi. Belgilangan limitdan oshib ketsa, gaz haqini to‘lashda 1,2 miqdoridagi oshirilgan koeffitsiyent qo‘llaniladi.

Tajriba sinov tariqasida amalga oshirilayotgan loyihada belgilanganidek, gazni nazorat qilish va hisobga olish avtomatlashgan tizimi ishga tushirilganidan so‘ngina tabiiy gazning asosiy me’yoridan foydalaniladi. Masalan, Yunusobod tumanidan tashqari Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani ham o‘rganib chiqildi. Bu yerda joriy yilning birinchi choragidagi me’yoriy yo‘qotishlar 0,8 foizni, me’yordan ortiq yo‘qotishlar esa — 2,7 foizni tashkil etgan.

Gaz quvurlari eskirgani, abonentlarning zamonaviy hisobga olish priborlari bilan ta’minlanmagani ham me’yordan ortiq yo‘qotishlarga sabab bo‘lmoqda. Gazni nazorat qilish va hisobga olish avtomatlashgan tizimi me’yordan ortiq yo‘qotishlarni qisqartirish imkonini beradi. Tizim barcha iste’molchilar qatlamlariga 2022 yilgacha to‘liq joriy qilinishi rejalashtirilgan.

Bu kabi choralar energoresurslar ishlab chiqish jarayonlarini modernizatsiya qilish bilan birga nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlar ham foydalanishi zarur bo‘lgan manbalarni tejab ishlatish, uni behuda isrof qilmaslik kabi xayrli maqsadlarga ham xizmat qiladi, deyiladi vazirlik izohida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring