Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

MIB jamg‘armasiga qancha pul tushgani ochiqlanmadi

MIB jamg‘armasiga qancha pul tushgani ochiqlanmadi

Foto: «Xabar.uz»

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq, Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etilgan (2017-yil 15-iyun, PQ-3060-son). Jamg‘arma mablag‘larni qanday maqsadlarga sarflanishi haqida gapirib o‘tirishga hojat yo‘q, har holda, uning tashkil etilishi xayrli maqsadlarning hosilasi ekani tayin. Faqat aytish mumkinki, jamg‘arma mablag‘laridan nainki byuro, balki butun prokuratura xodimlari bahramand bo‘lishi mumkin. Zero, Byuro Bosh prokuratura huzuridagi organ hisoblandi.

Albatta, jamg‘armaga pul osmondan tushmaydi. Tegishli huquqiy hujjatlarga ko‘ra jamg‘arma mablag‘lari quyidagilar hisobidan shakllantiriladi:

  • respublika iste’molchilariga energiya resurslari sotishdan, shuningdek, suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatishdan tushgan mablaglarning 10 foizi;
  • vakolatli organlar tomonidan olib ko‘yilgan va davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulklarni sotishdan, shuningdek, qarzdorning mol-mulkini sotish hisobiga soliq qarzdorligini (davlat bojidan tashqari) undirishdan tushgan mablag‘larning 8 foizi;
  • Byuro organlari tomonidan olib qo‘yilgan va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulklarni sotishdan tushgan mablag‘larning 8 foizi;
  • davlat ijrochilari tomonidan undiriladigan ijro yig‘imi mablag‘larining 80 foizi;
  • Byuro xodimlari tomonidan ko‘llaniladigan va undiriladigan jarimalar summasining 80 foizi;
  • Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
  • Byuro bo‘linmalari, shuningdek, prokuratura organlarining Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xarid qilingan asosiy vositalarini sotishdan olingan mablag‘larning 50 foizi;
  • qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa daromadlar.

Ko‘rinadiki, jamg‘armaning asosiy tushumlari MIB faoliyatiga bog‘liq. Ya’nikim, qancha ko‘p ijro harakatlari amalga oshirilsa, shunga yarasha moddiy manfaatdorlik ham bor. Bu borada ancha-muncha bahs-munozaralar bo‘ldi, mayli, shu mavzuni yana ko‘tarish mavridi emas hozir.

Gap shunki, bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar xususida biroz hayajon bilan axborot bergan Majburiy ijro byurosi rahbarlaridan yuqoridagi jamg‘armaga qancha mablag‘ tushirilgani haqidayam so‘raldi. Buning ajablanadigan joyi yo‘q: tizim faoliyatidagi shaffoflik shu kabi masalalarni ham o‘z ichiga oladi aslida.

Biroq MIB mutasaddilari tomonidan miqdor ochiqlanmadi. Faqat yaqinda Hisob palatasi jamg‘arma faoliyatini elakdan o‘tkazib, maqsadsiz sarflanmagan mablag‘ aniqlamaganini mamnuniyat bilan e’tirof etishdi, xolos. Gap yo‘q. Ammo jamoatchilikka qancha mablag‘ qanday sarflanganidan ko‘ra, ijro jarayonida qancha pul tushgani ko‘proq qiziq.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring