Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy sud raisi o‘rinbosari: «Dod devorging keladi ba’zan!..»

Oliy sud raisi o‘rinbosari: «Dod devorging keladi ba’zan!..»

Foto: «Xabar.uz»

O‘tgan hafta O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mazkur mahkama raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov ikkita achchiq haqiqatni tan oldi.

Birinchisi — uzoq yillar Oliy sud eshikni «ichkaridan berkitib» ishlagani rost. Rahbariyat har oyda faqat bir kun fuqarolarni qabul qilardi, xolos. Shundayam qabulga kelganlarning hammasiga «tirik» rais yoki o‘rinbosarini ko‘rish saodati nasib etmasdi.

Hozir rahbariyat haftaning besh kunida fuqarolar qabuli bilan band bo‘lsa, shanba va yakshanba kunlari joylarga — sayyor qabullarga chiqmoqda. Demak, qabullar har kuni, dam olishsiz amalga oshirilmoqda. Buni e’tirof etmaslik insofdan bo‘lmaydi. Natijalar ham chakkimas. Biroq «eshikni ichkaridan berkitib» ishlash va boshqa omillar tizimda muammolarni shu darajada qalashib tashlabdiki, bunday og‘riqli merosdan qutulish uchun ikki-uch yil kamlik qilishiga ham ta’kid shartday...

Oliy sud raisi o‘rinbosari aytgan ikkinchi haqiqatki, bu sudlarda bekor qilinayotgan nikohlar soni: o‘tgan yili fuqarolik sudlarida 11153ta nikoh bekor qilingan! Bu — nizo sudgacha yetib, tomonlar berilgan muddat, mahallaning aralashuvi va boshqa choralar kor qilmagandan keyin hosil bo‘lgan raqam. Holat jiddiy va tashvishlimi? Ha. Oddiy arifmetik hisob: nikohi bekor qilingan har bir oilada bittadan farzand bo‘lsa — 11153 nafar, agar ikki nafardan farzand bo‘lsa, 22306 bola tirik yetim bo‘ldi, degani bu!

Ajralishgacha borib yetayotgan oilaviy nizolarning hammasini jiddiy deb bo‘lmasligi ma’lum. Aksariyatining zamirida oilaviy-maishiy muammolar yotadi. Bular endi alohida mavzu.

Parokandalikka yuz tutgan oiladagi murg‘ak bolalarning keyingi taqdiri-chi?

Bu endi katta tashvish.

Shular haqida gapirar ekan, X.Yodgorov quyidagilarni qayd etib o‘tdi: «...Viloyatlardagi sayyor qabullardan vaqt orttirib, bir necha Mehribonlik uylarida bo‘ldik. Sharoitlariga gap bo‘lishi mumkinmas. Biroq u yerdagi aksariyat tarbiyalanuvchilarning ota-onasi bor. Ammo ajrashgan. Tartibga ko‘ra, ota-onasi bor bolalar Mehribonlik uylarida bir yil qolishi mumkin, xolos. Farzandi Mehribonlik uyining «to‘laqonli tarbiyalanuvchisi»ga aylanishi uchun ayrim onalar nima qilishmoqda deng? Sud orqali o‘zlarini onalik huquqidan mahrum etishmoqda! Chunki, sobiq erdan najot yo‘q, onaning maishati tang. Birdan bir chora — farzandini «detdom»ga topshirish. O‘zini onalik huquqidan mahrum etvolsa, bolasi Mehribonlik uyida bemalol yuraveradi... Bundaylarni ko‘rib, «dod» devorging keladi, rosti!».

Mulozim kuyib-pishib gapirar ekan, bu bilan ko‘pgina oilalardagi axloqiy-ma’naviy qadriyatlar ahvolini bayon qilish barobarida tadbirda ommaviy axborot vositalari e’tiboriga havola etilgan bir emas, ikkita «Ota» va «Farzand — omonat» qisqa metrajli filmni tasvirga olinishi sabablarini bevosita aytayotgandi. Ikkala film ham Oliy sud tashabbusi bilan suratga olingan. Undagi voqealar to‘qima emas, real hayot aks etgan. Sayyor qabullar jarayonida ajralish ostonasida turgan oilalarni yig‘ib, avvaliga shu filmlar ko‘rsatilmoqda. Shundan so‘ng asosiy masalaga o‘tiladi: shu kerakmi sizlarga?

Foto: «Xabar.uz»

Albatta, harakatlar besamar qolayotgani yo‘q. Shundan keyin ko‘plab oilalar yarashib ketayotgani bor gap. Ammo hozir so‘z Oliy sud olgan filmlar yoki ularning badiiy qimmati haqida ketayotgani yo‘q. Gap jamiyat uchun ahamiyatli bo‘lgan tashabbus haqida bormoqda. Sudning ishi nima? Tomonlarning xohish-irodasiga qarab, qonuniy qaror  qabul qilish. Oilaviy nizolar sudgacha yetib kelibdimi, erning ham, xotinning ham «yashaysanmi?» deya savol javobi ma’lum. Shunga qarab qaror chiqarishdan osoni yo‘q, aslida. Sud bu yo‘ldan bormay, iloji boricha, oilalarni saqlab qolib, tirik yetimlar sonini kamaytirish asnosida xonadonlardagi muhit barqarorligiga hissa qo‘shmayaptimi? Oila — jamiyatning kichik bo‘g‘ini ekani e’tiborga olinsa, bu xayrli ishning ko‘lami yanada kattaroq namoyon bo‘ladi. Bu borada foydalanilayotgan vositalarning badiiy qimmatiga emas, samarasiga e’tibor qaratish kerak. Zero, qisqa metrajli filmlar birorta rag‘bat yoki mukofotga da’vo qilmaydi, aksincha, faqat yaxshilikka da’vat etadi. Muhimi shu.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring