Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiylari birga shartli dushmanni yo‘q qildi

O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiylari birga shartli dushmanni yo‘q qildi

Avval xabar berganimizdek, Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vaziri boshchiligidagi harbiy delegatsiya O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik va do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan edi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham harbiy sohada olib borilayotgan ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama qilindi. Tadbirda qayd etilganidek, ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan keng ko‘lamli munosabatlarning mantiqiy davomi sifatida Toshkent harbiy okrugi «Chirchiq» dala-o‘quv maydonida tashkil etilgan hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, o‘zaro tajriba almashishda muhim o‘rin tutadi.

Mashg‘ulotlar rejasiga ko‘ra, chegaraoldi hududida g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan bir guruh noqonuniy qurollangan jangarilar mavjudligi haqida razvedka ma’lumotlari kelib tushgan. Ikki davlat harbiylaridan tarkib topgan maxsus bo‘linmaga qo‘yilgan vazifa jangari to‘da joylashgan hududni aniqlash va ularni yo‘q qilish. Dastlab yuqori qo‘mondonlikdan kelib tushgan buyruqqa asosan, bo‘linma komandirlari berilgan vazifani bajarish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishdi. Qidiruv-razvedka ishlari tungi vaqtlarda amalga oshirildi.

Jangarilar joylashgan hudud aniqlanib, har tomondan qurshab olindi va birlashgan bo‘linma komandiri tomonidan aviatsiya hamda qo‘shimcha kuch vositalari yordamga chaqirildi.

Noqonuniy qurollangan jangarilar guruhini ishg‘ol qilishda jangovar harakatlar olib borishning zamonaviy usul va vositalari qo‘llandi. Birinchi bo‘lib vertolyot aviatsiyasi yordamida qo‘shimcha yordam kuchlari arqondan osilib tushish va qo‘nish usullari bilan shartli dushmanni har tomondan qurshab oldi. Shundan so‘ng bir vaqtning o‘zida zirhli texnikalar, minomyotchilar hisobi hamda barcha shaxsiy tarkib ishtirokida hujum boshlandi.

Shartli dushmanga ko‘mak berish uchun boshqa hududda harkatlanayotgan qo‘shimcha kuchlarga Mi-24 jangovar vertolyotlarida zarba berildi. Ishg‘ol qilish mashg‘ulotidan so‘ng yig‘ilganlarga parashyut yordamida desantlashtirish amaliyoti namoyish qilindi.

Maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari yakunlangach, Qozog‘iston vakillariga harbiy sohada amaliyotga joriy etilayotgan yangi ishlanmalar, jangovar texnika va qurol-aslahalar namoyish qilindi.

Dala-o‘quv maydonida harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi va yashashi uchun yaratilgan sharoitlar ham qo‘shni mamlakat harbiy delegatsiyasi a’zolarini befarq qoldirmadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring