Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Huawei» AQShga qarshi savdo urushida uddaburonlikka qo‘l urdi

«Huawei» AQShga qarshi savdo urushida uddaburonlikka qo‘l urdi

Foto: «BetaNews»

Xitoyning «Huawei» kompaniyasi savdo-sotiqni lobbilash uchun «Sidley Austin» yuridik firmasini yolladi. Negaki, AQSh uni qora ro‘yxatga kiritib, xuddi shu chorani ko‘rishlarini talab qilib, uning ittifoqchilariga ham bosim o‘tkazyapti, deb yozmoqda «Bloomberg».

Lobbilash eksport nazorati, savdo cheklovlari va «milliy xavfsizlik bilan bog‘liq» boshqa yo‘nalishlar bilan bog‘liq bo‘ladi, deb yozadi agentlik «Huawei» va «Sidley Austin» AQSh senatiga taqdim etgan hujjatlarga tayanib. «Bloomberg»ning ta’kidlashicha, vaziyat «Huawei»ning «Sidley Austin» bilan aloqalari chuqurlashib borayotganini ko‘rsatmoqda. Firma lobbilashni oshirishdan tashqari, AQShda Xitoy kompaniyasi nomidan huquqiy da’volarni olib bormoqda.

«Huawei» may oyida, AQSh va Xitoy savdo urushi ayni avjiga chiqqan bir pallada Amerikaning qora ro‘yxatiga tushib qoldi. AQSh hukumati kompaniyani Xitoy maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda gumon qilib, ushbu chora AQSh milliy xavfsizligi manfaatlaridan kelib chiqib qo‘llanayotganini ma’lum qilgandi. Qora ro‘yxatga kiritilgan «Huawei» bilan hamkorlik qilish uchun AQSh kompaniyalaridan hukumatning maxsus ruxsatnomasi talab qilina boshlandi.

Xitoy kompaniyasining asosiy hamkorlaridan biri — «Google» birinchi bo‘lib «o‘yin»dan chiqdi. Oqibatda «Huawei»ga android operatsion tizimisiz qolish xavfi paydo bo‘ldi — kompaniyaning Xitoydan tashqarida sotilayotgan barcha smartfonlariga aynan shu tizim o‘rnatib kelingan. Bu o‘z-o‘zidan «Play Market» dasturlar do‘koni, «Chrome», «YouTube» kabi muhim vositalardan mahrum bo‘lishni anglatardi.

Iyun oxirida AQSh va Xitoy yetakchilari Donald Tramp va Si Szinpin G20 sammitida muvaqqat sulhga kelishishdi: Tramp «Huawei»dan taqiqlovlarni olib tashlash masalasini o‘ylab ko‘rishini aytdi. Biroq iyul oxirida ikki mamlakat munosabatlari yana keskinlashib ketdi va va’da va’daligicha qolib ketadiganga o‘xshab turibdi.

AQSh hukumati hozircha o‘z kompaniyalariga na  «Huawei», na boshqa Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikni qaytadan boshlashga ruxsat bergan emas.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring