Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

I.Savitskiy muzeyidagi million dollarlik suratni qayta tiklab bo‘ladimi? (foto)

I.Savitskiy muzeyidagi million dollarlik suratni qayta tiklab bo‘ladimi? (foto)

Foto: «Xabar.uz» / Abduqodir Mo‘minov

O‘tgan yilning iyul oyida Qoraqalpog‘istondagi I.Savitskiy nomidagi muzeyda rassom Aleksandr Shevchenkoning mo‘yqalamiga mansub «Chelak ko‘targan ayol» («Baba s vyodrami») asari jiddiy zarar ko‘rgani haqida xabarlar tarqab ketgan edi.

Xabarlarda muzeyda yong‘inga qarshi tizim ishlab ketgani va asarga suv tegib, bo‘yog‘i ko‘chgani aytilgandi. O‘shanda bir qator OAVlarda asar 60 foiz zarar ko‘rgani ma’lum qilingan.

Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan Qoraqalpog‘istondagi press-tur doirasida «Xabar.uz» muxbiri ushbu holat yuzasidan tashkil etilgan surishtiruvda ishtirok etdi va asar holati bilan tanishdi. O‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng muzey rahbariyati «Chelak ko‘targan ayol» asarining ayni vaqtdagi holatini matbuotga namoyish etishga rozilik bildirdi.

Foto: Abduqodir Mo‘minov

«Xabar.uz»ga rasman ma’lum qilinishicha, asar avval aytilganidek 60 foiz emas, balki 9 foiz zarar ko‘rgan va uni tiklash imkoniyati mavjud. Yuqori saviyali rassom-restavrator Nadejda Koshkina o‘tgan yili I. Savitskiy muzeyiga tashrif buyurgan va dastlabki tiklash ishlarini amalga oshirgan.

Yaqin vaqtlar ichida Koshkina yana yurtimizga keladi va asarni tiklash ishlarini davom ettiradi. Ba’zi manbalarda aytilishicha, «Chelak ko‘targan ayol»ning qiymati bir necha yuz ming AQSh dollaridan bir yarim million AQSh dollariga qadar borishi mumkin.

Foto: Abduqodir Mo‘minov

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring