Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

MIBchilar «hojatbaror»ni ushlashdi

MIBchilar «hojatbaror»ni ushlashdi

Foto: «Xabar.uz»

Bunaqa murojaatlar Majburiy ijro byurosiga (MIB) tez-tez bo‘lavermaydi. Biroq qilingan murojaat e’tiborsiz qoldirilmaydi. Nega desangiz, MIB asosan sud qarorlari ijrosiga mas’ul esa-da, jinoyatlarni tezkor fosh etish vakolatiga ham ega. Tizimda tezkor bo‘lim tashkil etilganing boisiyam shunda.

Alqissa, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Farg‘ona viloyati boshqarmasiga fuqaro X.T. ariza bilan murojaat qildi. Fuqaroning yozg‘irishicha, u tadbirkorlik qilish maqsadida Farg‘ona shahar, Yangi asr ko‘chasidagi noturar joyni ijaraga olgan. Biroq ushbu ob’yekt gazlashmagan ekan. Masalaga yechim izlab yurganida  «Farhod» ismli shaxs paydo bo‘libdi. Aytibdiki, masalangizni o‘zim yechib berman, tanishlar serob: texnik shart olgan holda loyiha hujjatlarini tayyorlab, noturar joyni gazlashtirib berish muammo emas. «Xizmat haqi» 2,4 mln. so‘m bo‘ladi!

...Ariza yuzasidan ishga kirishildi. MIB Farg‘ona viloyat boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «hojatbaror» 2,4 mln. so‘m hisobidan 1,7 mln. so‘m olayotgan vaqtda ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan gumondor D.O.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoyat ishi ikkita modda bilan qo‘zg‘atilganiga hayron bo‘lyapsiz-a: 168-modda (firibgarlik) tushunarli, 211- (pora berish) modda-chi? Albatta, hammasiga tergov yo‘li bilan aniqlik kiritiladi. Shunga qaramay aytish mumkinki, firibgarlik bilan qo‘lga kiritilgan summaning ma’lum miqdori kimlargadir «uzatilishi» ehtimoli yo‘qmas-da. Bu pora berishga qasd emasmi?!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring