Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi «GM Uzbekistan»ga dakki berdi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi «GM Uzbekistan»ga dakki berdi

Monopol «GM Uzbekistan»ning tutgan pozitsiyasi, uning korporativ madaniyati va qadriyatlariga nisbatan bir qancha savollarni yuzaga keltirmoqda, deb yozmoqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi.

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi iste’molchilarning murojaatlariga asosan 2018-yilning noyabr oyidana boshlab, realizatsiya qilingan avtomashinalar komplektatsiyalarida yetishmovchiliklar holatlari aniqlash bilan shug‘ullanishni boshlagan va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilishi ustidan alohida nazorat o‘rnatgan. Hozirda ushbu holat jiddiy o‘rganib chiqilmoqda va bugungi kunga kelib, yetishmovchiliklari mavjud 90 foiz avtomobillarda ushbu holat bartaraf etilgan.

Shu bilan birga, yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha monopol mavqega ega kompaniyaning tutgan pozitsiyasi, uning korporativ madaniyati va qadriyatlariga nisbatan bir qancha savollarni yuzaga keltirmoqda.

Ma’lumki, avtomobil ishlab chiqarish industriyasida faoliyat yuritayotgan global kompaniyalar odatda kamchiliklar aniqlanganda sotuvga chiqarilgan avtomobillarni ommaviy tarzda qaytarib oladilar va zudlik bilan nuqsonlarni bartaraf etadilar. Eng asosiysi, ularning biznes yuritish ananalariga ko‘ra ular iste’molchilar va mijozlardan oshkora ommaviy tarzda uzr so‘raydilar (misol uchun, Toyota, Volkswagen va boshqa kompaniyalar). Bu esa, ushbu kompaniyalarda yuqori korporativ madaniyat, biznes-etikasi va ijtimoiy javobgarlik standartlari joriy etilganligidan dalolat beradi.

Biroq, «GM Uzbekistan» AJni xatti-harakatlarida quyidagini kuzatish mumkin.

Xususan, komplektatsiyalarida yetishmovchiliklar mavjud bo‘lgan avtomashinalar ommaviy tarzda qaytarib olinmagan yoki yetishmovchilik to‘g‘risida tegishli tartibda e’lon qilinmagan, ushbu vaziyat bo‘yicha ko‘p holatlarda iste’molchilarga tegishli tarzda ma’lumotlar berilmagan, ularni bartaraf etish uchun qulayliklar yaratilmagan, masalan, Toshkent viloyatining Bekobod (uzoqlik – 150 km), Bo‘ka (80 km.), Chirchiq shaharlarida (100 km) avtomobil xarid qilgan iste’molchilar tumanga qarshi yoritgich o‘rnatish uchun Chinoz tumaniga kelishga majbur bo‘lganlar, kamchilikni bartaraf etish muddatlari cho‘zib yuborilgan, alohida holatlarda 2018-yilning oktyabr oyida sotib olingan avtomobillarga bugungi kunga (6 oy o‘tgan) qadar komplektatsiyani butlash ishi amalga oshirilmagan.

Yuqorida keltirilgan holatlar, bozorda muayyan xo‘jalik yurituvchining monopol mavqei vujudga kelishi uning iste’molchilar oldidagi mas’uliyati pasayishini keltirib chiqarishiga yana bir bor dalil bo‘lmoqda.

Qo‘shimcha, shuni ma’lum qilamizki, joriy yilning 10-aprel kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida axborot berilishidan so‘ng, «GM Uzbekistan» AJ tomonidan yetishmovchiliklar bartaraf etilmagani to‘g‘risida iste’molchilar murojaatlari kelib tushishi davom etmoqda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bundan keyin ham shunga o‘xshash holatlarni aniqlashni va ularni qonunchilikda ko‘zda tutilgan barcha vositalar orqali bataraf etish bo‘yicha ishlarni va bu bilan iste’molchilarning qonuniy huquqlarini himoya qilishni ta’minlashni davom ettiradi.

Ushbu maqsadda, iste’molchilarning murojaatlari uchun maxsus telefon liniyasi tashkil qilingan: (71) 241 76 17, elektron manzil: info@antimon.gov.uz, deyiladi qo‘mita xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring