Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ogoh bo‘ling, ko‘chalarda marixuana targ‘iboti

Ogoh bo‘ling, ko‘chalarda marixuana targ‘iboti

Foto: «Street law»

Biz borgan sari «taqvim odam»ga o‘xshab qolyapmiz. Aynan taqvimda belgilangan sana bo‘yicha targ‘ibot loyihalari, seminarlar tashkil etamiz.

Aynan 26-iyun kuni giyohvandlikka qarshi targ‘ibotlar o‘tkazamiz, OAV o‘sha kuni giyohvandlikka qarshi ko‘rsatuv va videoroliklar bilan «qiziqadi», xalqaro brifing, elchilar guvohligida tonnalab zahriqotil yo‘q qilinadi. Savol tug‘iladi.

Amudaryoning narigi tomonida tonnalab og‘u yetishtirilayotgan, O‘zbekiston xalqaro narkotrafik yo‘nalishlar ustida joylashgan bir paytda, jamiyatimiz ayniqsa yoshlarni narkotik va giyohvandlik vositalari targ‘ibotidan himoya qilishda huquqiy asoslarimiz yetarlimi?

Biz faqat 26-iyun kuni giyohvandlikka qarshi kurashayotgan bir paytda, qolgan 364 kun ko‘cha va bozorlarimizda giyohvandlik vositalari reklamasi ochiqchasiga davom etmayaptimi?

Siz bu kiyimlarni har kuni ko‘chalarda, bozorlarda ko‘rgansiz. Ehtimol kiyib ham yurgandirsiz. Bu narkobaronlar buyurtmasi, mashhur dizaynerlarning innovatsion targ‘ibot mahsuli. Bugun aynan shu bilan chetdan turib marixuana barglarini xohlagan usulda targ‘ib etmoqda. Ishonmasangiz, Google yoki Yandex xalqaro qidiruv portaliga murojaat qiling.

Butun dunyoda bu kabi giyohvandlikni yashirin targ‘ib etuvchi maxfiy axborot xurujlariga qarshi kurashning huquqiy asoslari kafolatlanmoqda. Misol uchun, Rossiya Federatsiyasi «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksining 6.13-moddasiga ko‘ra narkotik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlar, narkotik o‘simliklar reklamasi uchun 400 mingdan -500 ming rublgacha (5.480.000-6.850.000 so‘m), yon qo‘shnimiz Qozog‘istonda esa 400.000 tenge (9.100.000 so‘m) miqdorda jarimaga sabab bo‘ladi.

Bizdachi? Giyohvandlik moddalar reklamasi va vositalari (kiyim-bosh, o‘yin, suviner va boshqalar)uchun javobgarlik belgilanganmi? Afsuski yo‘q.

Faqatgina, O‘zbekiston Respublikasi «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunining 23-moddasida tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarning nomi, tovar belgisi tushirilgan tovarlarni (futbol maykalari, bosh kiyimlar, o‘yinlar va boshqa shu kabilarni) tarqatish, shu jumladan sotish) ta’qiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi Kodeksning 56-moddasida esa giyohvandlik vositalari, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni oz miqdorda g‘ayriqonuniy ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish uchun javobgarlik belgilangan.


Vaholanki, giyohvandlik vositalari inson salomatligi, jamiyat genofondi uchun tamaki va alkogol mahsulotlaridan ko‘ra zararli va o‘ta xavfli hisoblanadi.

Shunday ekan, «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmon ijrosi bo‘yicha yoshlarga o‘z huquqlarini himoya qilishning amaliy mexanizmlarini o‘rgatish, zarur hollarda amaliy takliflar berish maqsadida huquqshunoslikka ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari talabalari, yuridik kollejlar o‘quvchilari va nodavlat tashkilotlar vakillaridan iborat ko‘ngillilar (volonter)dan tashkil topgan «Street law» (Ko‘cha huquqi — oddiy huquq) guruhi tomonidan taklif etiladi:

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuniga «Giyohvandlik va giyohvandlik o‘simliklari, giyohvandlikni targ‘ib etuvchi vositalar reklamasi» moddasini kiritish.

Unga ko‘ra:

Giyohvandlik, giyohvandlik o‘simliklari, vositalari nomi, tovar belgisi yohud tasviridan foydalanadigan tadbirlarga homiylik qilish;

Giyohvandlik, giyohvandlik mahsulotlari, o‘simliklari va belgisi tushirilgan tovarlarni (kiyim-bosh, suvinerlar, o‘yinlar va boshqa shu kabilarni) tarqatish, reklama qilish, shu jumladan sotish;

Jamoat joylarida hamda boshqa joylarida giyohvandlik, giyohvandlik vositalari nomi, tovar belgisi yohud tasvirlari, nomlarini va ular haqidagi boshqa axborotni o‘rnatishni ta’qiqlash;

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi Kodeksiga «Giyohvandlik va giyohvandlik o‘simliklari, uni targ‘ib etuvchi vositalar reklamasi uchun javobgarlik» moddasi kiritilsa;

Uchinchidan: Giyohvandlik va giyohvandlik vositalariga qarshi mamlakatimizda yilda ikki marta o‘tkazilayotgan «Qora dori» maxsus operatsiyasidan tashqari, doimiy ravishda jamoat joylarida giyohvandlik, giyohvandlik vositalari nomi, tovar belgisi yohud tasvirlari tushirilgan mahsulotlarga qarshi «Yashirin og‘u» reydlari tashkil etilsa;

Shundagina, yoshlarimizni narkoolamning yashirin targ‘iboti, «ommaviy madaniyat»ning zararli tegirmoniga suv quyishdan saqlab qolamiz.

Hatto markaziy televideniyelarda yozgi oromgoh, kechki sayrlar, bozorlar bilan bog‘liq lavhalarda aynan marixuana belgisi tushirilgan kadrlardan ehtiyot bo‘lamiz.

Ko‘chalar bu-jamiyat oynasi. Agar loqayd bo‘lmasak, sergak bo‘lsak, bu ko‘chalar bizga jamiyatdagi «puls» haqida xolis xabar berib turaveradi.

«Street law» targ‘ibot guruhi
Navoiy viloyati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring