Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

MDHning qamoqdagi va quvg‘inga uchragan sobiq prezidentlari. Ular kimlar?

MDHning qamoqdagi va quvg‘inga uchragan sobiq prezidentlari. Ular kimlar?

Foto:«Asia Plus»

Bir necha kun avval Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev qamoqqa olindi. Atambayevgacha MDHning boshqa davlatlarida ham prezidentlarning qamoqqa olinishi, quvg‘inga uchrashi kuzatilgan. «Aziya Plyus» nashri taqdiri shu tarzda tugagan sobiq rahbarlarni esga oldi. 

Mixail Saakashvili

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashviliga bir necha jinoyatlar bo‘yicha 2014-yilda mamlakat prokuraturasi tomonidan sirtdan ayblov qo‘yilgan. Jumladan, u 8,8 million larilik davlat mulkini talon-taroj qilishda aybdor deb topilgan. 2013-yil Georgiy Margvelashvili prezident bo‘lgach, Saakashvili Gruziyadan chiqib ketdi va haligacha qaytgani yo‘q. Bu orada u Ukrainada bir qancha sarguzashtlarni boshdan kechirdi. Ukraina rahbari Poroshenko unga 2016-yil fuqarolik berdi. Ammo biroz o‘tib unga yana ish qo‘zg‘atildi, fuqarolik tortib olindi.

Nihoyat V.Zelenskiy 2019-yil mayida Saakashvilining fuqaroligi qaytarib berdi. 

Robert Kocharyan

Armanistonning ikkinchi prezidenti Robert Kocharyan 2018-yil 28-iyunda qamoqqa olingan. Unga o‘sha vaqtda konstitutsion tuzumni ag‘darish ayblovi bilan qamoqqa olingan, ikki haftadan so‘ng qo‘yib yuborilgan edi. Biroq, Kocharyan ochiqda uzoq yura olmadi. 2018-yil dekabrida yana ayblov e’lon qilindi. Kocharyan hanuz o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olmagan va ayblovlarni amaldagi hukumatning buyurtmasi deb biladi. 

Viktor Yanukovich

Ukrainaning to‘rtinchi prezidenti sanalgan Viktor Yanukovich (2010-2014-yillarda) 2014-yil fevral voqealaridan keyin mamlakatdan chiqib ketdi va keyinroq u Rossiyada ekanligi ma’lum bo‘ldi. Yanukovich davlatga xiyonat va jinoiy guruh tashkil qilishda ayblandi. 2017-yil Kiyevning Obolon tuman sudi uni sirtdan 13 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. 

Ayni damda ham Yanukovich Rossiyada istiqomat qilmoqda. 

Askar Akayev

Qirg‘izistonda 2005-yilgi voqealar birinchi prezident Askar Akayevning qochib ketishi bilan yakunlangandi. Mamlakat Jogorku Keneshi 11 aprelda uning iste’fosi haqida qaror qabul qilgandi.

Uni mamlakatga qaytarish bo‘yicha Rossiyaga bir necha marta so‘rov yuborildi. Ammo ularga javob bo‘lgani yo‘q. Akayev hamon xorijda istiqomat qilayotir. 

Kurmanbek Bakiyev

Bakiyev Akayevdan so‘ng, 2005-yilgi inqilob natijasida hokimiyat tepasiga kelgandi. U 2009 yilda ikkinchi marta prezidentlikka saylandi. Ammo shu vaqtda yana Qirg‘izistonda mojarolar boshlandi. Natijada Bakiyev Belarusga qochib ketishga majbur bo‘ldi. 

2013-yilda Qirg‘iziston sudi uni sirtdan 24 yillik qamoqqa hukm qildi. 

Shuningdek...

Ukrainaning beshinchi prezidenti Petro Poroshenkoga ham allaqachon 12 ta jinoiy ish ochildi. To‘g‘ri, Poroshenko hozirda ozod, ammo uning kelajagi qanday bo‘lishini esa vaqt ko‘rsatadi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring