Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abituriyent talaba bo‘lganini hozirdan bilishi mumkinmi?

Abituriyent talaba bo‘lganini hozirdan bilishi mumkinmi?

Foto: xabar.uz

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev bugungi kunda yuz minglab yoshlarni qiziqtirayotgan masalaga to‘xtaldi:

mandat.dtm.uz sayti haqida ko‘plab savollar kelib tushmoqda, shuning uchun qisqa izoh bermoqchiman.

Saytdagi natijalar yakuniy emas. Shunchaki kim necha ball olganini va ballar ketma-ketligidagi joylashuvni ko‘rsatyapti xolos. Hali u yerdagi o‘rinlar bir nechta sabablarga ko‘ra o‘zgarishi mumkin.

Birinchidan, harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun ajratilgan alohida 5% lik kvotaga kirganlar bu ro‘yxatdan chiqib ketadi.

Ko‘pchilik haligacha bexabar ekan, eslatib qo‘yay, joriy yildan harbiy tavsiyanoma uchun qo‘shimcha ball berilmaydi, ular alohida kvota uchun kurashadi. Batafsil. 

Ikkinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun imtiyozli ravishda ajratilgan qo‘shimcha 2% li davlat granti asosidagi kvotaga kirganlar bu ro‘yxatdan chiqib ketadi.

Uchinchidan, harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun ajratilgan alohida 5% li davlat granti asosidagi kvotaga kirganlar bu ro‘yxatdan chiqib ketadi.

Shuningdek, hozir bazada uchta yo‘nalishni tanlaganlar barcha uchta yo‘nalishda ko‘rsatilmoqda. Testlar to‘liq yakunlangach, ular tanlagan ustuvor yo‘nalishlariga qarab, yo‘nalishlarga bo‘linib ketadi va qolgan 2 ta yo‘nalish ro‘yxatidan chiqib ketadi.

Xullas, hozir mandat.dtm.uz sayti orqali shunchaki o‘z balingizni bilib, imkoniyatlaringizni taxminan chamalab turishingiz mumkin. Ammo yakuniy natija barcha test sinovlari tugagach ma’lum bo‘ladi.

Ammo yakuniy natijani faqat hozir o‘qishga kira olmaganlar ro‘yxatida turganlar kutishi kerak. Chunki ular yakuniy natija chiqqanda kirgan bo‘lishi mumkin. Albatta bunda jaaa ro‘yxatda pastda turganlar emas, chiziqqa yaqin joylashganlarda imkoniyat bo‘ladi.

Ammo hozir kvota bo‘yicha o‘qishga kirganlar ro‘yxatida turganlar, nazariy jihatdan yakuniy natijalarni kutib o‘tirmasdan, talabalikni allaqachon nishonlayversa bo‘ladi. Chunki hozir abituriyentlar uchala tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha ro‘yxatda turishibdi, bu degani ushbu ro‘yxatdan kimdir chiqib ketsa ketadiki, lekin boshqa joydan baland ball olgan begonalar ro‘yxatga kelib qo‘shilmaydi. Demak, nazariy jihatdan ularni kira olmay qolishiga xavf yo‘q. Aksincha, hozir kontraktni boshida turganlar yakunda budjetga ko‘tarilishi mumkin, – deya izohladi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring