Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda ilk bor AQShda ta’lim bo‘yicha yirik ko‘rgazma o‘tkazildi (foto)

O‘zbekistonda ilk bor AQShda ta’lim bo‘yicha yirik ko‘rgazma o‘tkazildi (foto)

Foto:«Xabar.uz»

16-oktyabr kuni Toshkentdagi «Miran» mehmonxonasida «Education USA» ta’lim ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tadbir davomida Qo‘shma Shtatlarning 16 ta kollej va universiteti vakillari o‘zbekistonlik yoshlarga okean ortida o‘qish imkoniyatlari xususida ma’lumot berdilar.

Ko‘rgazmani AQShning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum kirish so‘zi bilan ochdi.

Foto:«Xabar.uz»

Diplomat «Education USA» ko‘rgazmasi O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotganini mamnuniyat ila qayd etdi.

«AQSh va O‘zbekistonni bog‘lovchi mushtarak rishtalar talaygina. Jumladan, har ikki mamlakat ta’limning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rniga yuksak baho beradi. Darhaqiqat, ta’lim rivojiga sarflangan sarmoya yorug‘ kelajak uchun sarflangan sarmoya demakdir. Millat kelajagi uchun yoshlar ta’lim-tarbiyasidan ko‘ra muhimroq omil yo‘q», – dedi elchi Deniyel Rozenblyum.

Diplomatga ko‘ra, O‘zbekiston rahbariyati barcha sohalar qatori ta’lim jabhasida ham katta islohotlarga bel bog‘ladi va bu borada Qo‘shma Shtatlar ko‘makka tayyordir. Mazkur istakning amaliy isboti o‘laroq AQSh ta’lim bo‘yicha dasturlarni yanada kengaytirmoqda. Ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida yangi hamkorlik loyihalari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Elchi joriy yil 28-sentyabr kuni O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida ta’lim taraqqiyotiga ko‘maklashish bo‘yicha muhim kelishuv imzolanganini alohida qayd etdi.  Kelishuvga ko‘ra, AQSh hukumati kelgusi besh yil davomida mamlakatimiz ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million dollar mablag‘ ajratadi.

Foto:«Xabar.uz»
Foto:«Xabar.uz»

«Men AQSh elchisi sifatida xalqlarimiz o‘rtasidagi robitalarni yanada mustahkamlash tarafdoriman. Bu borada esa ta’lim eng samarali vosita ekaniga ishonchim komil», – deya nutqiga yakun yasadi elchi Deniyel Rozenblyum.

Ko‘rgazma davomida Michigan, Minnesota, Shimoli-g‘arbiy Missuri, Aydaho universitetlari, Charlston, Janubiy Sietl kollejlari kabi oliy o‘quv yurtlari vakillari tomonidan taqdimot o‘tkazildi.

Janubiy Karolinada joylashgan Charlston kolleji (College of Charleston) o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarga bakalavriat yo‘nalishi uchun yiliga 80 ming dollarlik grantni taklif etmoqda.

«O‘quv dargohimizda Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistondan talabalar yo‘q. Shu bois yurtingizdagi iqtidorli yoshlarga o‘qish imkoniyatini taqdim etishga qaror qildik. Biz a’lo baholarga o‘qigan hamda ingliz tili bo‘yicha tegishli talablarga javob bera oladigan o‘zbekistonlik yoshlarni safimizda ko‘rishni istar edik. O‘zbekiston vakillari kollejimizda shunchaki tahsil olib qolmay, dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan talabalarimizga yurtingiz madaniyati, tili, an’ana va urf-odatlarini ham tanitadilar. Ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistonni elchi kabi tamsil etadilar», – dedi Charlston kollejining xalqaro aloqalar departamenti vakili Tina Makdonalds.

«Education USA» ta’lim ko‘rgazmasi 17-oktyabr kuni Farg‘ona davlat universtitetida ham o‘tkaziladi.

Foto:«Xabar.uz»

Eslatib o‘tamiz, «Education USA» – AQSh Davlat departamentining jahon bo‘ylab yoyilgan maslahat markazlari tarmog‘idir. Dunyo bo‘yicha 500 ga yaqin maslahat markazini o‘z ichiga olgan mazkur tuzilma AQShda tahsil olish istagidagi talabalarga ta’lim imkoniyatlari haqida ishonchli ma’lumot berib kelmoqda.

 S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring