Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonlik koreys qozoqlarga qozoq tilini o‘rgatyapti

O‘zbekistonlik koreys qozoqlarga qozoq tilini o‘rgatyapti

Foto: «El.kz»

Qozog‘iston poytaxti Ostonada qozoq tilini o‘rganuvchilar uchun «Mәmіle-Ten» klubi ochildi. Klubni koreys millatiga mansub Vladislav Ten ochdi, deya xabar berdi «El.kz» sayti.

Vladislav Ten O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan, 22 yoshigacha faqat rus tilida so‘zlashgan. Universitetning uchinchi kursida o‘qib yurgan payti, Janubiy Koreyada malaka oshirish taklifini olganidan so‘ng, ingliz tilini o‘rganishga kirishgan.

Shu paytdan unda chet tillariga qiziqish kuchayib ketdi. Inglizchadan so‘ng o‘zbek tilini o‘rgandi. Hozir u beshta tilni biladi.

— Qozog‘istonga 2010-yili kelganman. Avvaliga tibbiyot markazida ishladim. Asosiy ishim bilan birga til o‘rganishda davom etdim. Qozoq tilini o‘zlashtirishga bir yarim yil sarfladim. Vaqt o‘tishi bilan tillarni o‘rganish bo‘yicha shaxsiy usulim shakllandi. Tajribamni keng yoyish maqsadida tillarni o‘rgatish markazini ochishga qaror qildim, — deydi Vladislav Ten.

«Qozoq tilini o‘rgatish usulim boshqacharoq, chunki u men uchun xorijiy til. Umuman olganda, xorijlikka ham, o‘z ona tilini bilmaydigan qozoqqa ham bu birday begona til. Ko‘plab darsliklarda esa yangi mavzular ularni xuddi o‘quvchilar oldindan biladigandek tushuntiriladi. Ammo tilni endi o‘rganishni boshlagan odam uchun bu g‘alati va og‘ir. Murabbiylar o‘zlarini o‘quvchilar o‘rniga qo‘yib ko‘rishlari va o‘rgatishni boshidan boshlashlari kerak», — deydi V.Ten.

Vladislav tilni o‘rgatishni eng birinchi qoidalardan boshlaydi. So‘ngra o‘quvchilarini tajribaliroq o‘qituvchilarga yo‘naltiradi. Uning aytishicha, so‘nggi paytlarda qozoq tilini o‘rganish istagidagilar soni ancha ko‘paygan.

Foto: «El.kz»

«Markazimizga ko‘pgina taniqli insonlar kelishadi, yakka tartibda til o‘rganishadi, biroq nomlarini sir tutishimizni istashadi. Ularning intilishlari meni quvontiradi. Agarda qozoq tili taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissam 1 foiz bo‘lsa hamki — men uchun katta sharaf, bekorga yashamayotganimni anglatadi», — deydi ayni paytda Qozog‘iston fuqarolariga qozoq tilini o‘rgatayotgan hamyurtimiz Vladislav Ten.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring