Asfalt yoki sement? Avtomobil yo‘llari sohasida «yashil» tendensiyalar
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) xodimlari ekologik sement-beton avtomobil yo‘llari qurilishining holati, istiqbollari va yanada rivojlantirish yo‘nalishlarini o‘rganib chiqdi.
Global ekologik muammolar fonida so‘nggi yillarning asosiy tendensiyalari orasida «yashil» qurilish (Green Sonstruction, Green Buildings)ga o‘tish — bino va inshootlarni rejalashtirish, qurish va ulardan foydalanish konsepsiyasi bo‘lib, maqsadi obyektning hayotiy sikli davomida resurslarni iste’mol qilish darajasini minimallashtirishdir.
Transkontinental savdoni rag‘batlantirish va rivojlantirishda O‘zbekistonning roli tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Mamlakat xalqaro tranzit yuk tashishning muhim markaziga aylandi. Uning hududidan 20 ga yaqin xalqaro yo‘nalishlar o‘tadi. Avtomobil yo‘llarini yanada rivojlantirish va sifatini yaxshilashning dolzarbligi, shuningdek, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida sanoatning roli ortib borayotgani, ishlab chiqarish sohasi va aholining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini ishonchli va qulay transport tarmog‘i bilan ta’minlash zaruratiga bog‘liq.
Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish va foydalanish. O‘rta va uzoq muddatli istiqbolda sanoatning iqtisodiy rivojlanishiga oid hisob-kitoblar, shuningdek, nufuzli xorijiy ekspertlarning hisob-kitoblari respublikada avtomobil transportida yuk aylanmasi sezilarli darajada oshishini prognoz qilmoqda.
O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida avtomobil yo‘llari, yo‘l inshootlari va yo‘l bo‘yidagi infratuzilmaning tranzit salohiyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish rivojlangan mamlakatlarning ushbu sohadagi ilg‘or tajribalarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.
Dunyoda asosan ikki turdagi yo‘l qoplamalari qo‘llaniladi: qayishqoq (asfalt-beton) va qattiq (sement-beton). Yo‘l qoplamalarini qurish va ishlatish amaliyoti shuni ko‘rsatdiki, har xil iqlim va transport intensivligi sharoitida sement-beton qoplamali yo‘llar (30 yil yoki undan ko‘p) asfalt qoplamali yo‘llarga (8 yildan 12 yilgacha) qaraganda ancha chidamli. Shu sababli transport vositalari tez haraktalanuvchi avtomobil yo‘llari uchun sement-beton qoplamalar varianti eng maqbul, deb tan olingan.
Rivojlangan mamlakatlarda yuqori tezlikda harakatlanish mumkin bo‘lgan avtomobil yo‘llari uzunligining sezilarli qismi sement-beton qoplamali ekanligi bunday qoplamalardan foydalanish samaradorligi yuqoriligini ko‘rsatadi (1-rasm).
AQShda sement-beton yo‘llar yuqori tezlikda harakatlanish mumkin bo‘lgan yo‘llar umumiy uzunligining taxminan 60 foizini, Germaniyada 38, Avstriyada 46 foizini tashkil qiladi. Xitoy sement-beton tezyurar yo‘llar qurilishini sezilarli darajada oshirmoqda. Yaponiyada mustahkamligi, oddiyligi va foydalanish muddatini hisobga olgan holda, tezyurar yo‘llardan tashqari, sement-betondan ko‘p qavatli yo‘l o‘tkazgichlari qurilgan.
Tabiiy muhitga zararli ta’sirlarni kamaytirish. O‘zbekistonda yo‘l qurilishida hamon asosan asfalt-beton qoplamadan foydalaniladi. Barcha yuklarning 95 foizi va yo‘lovchilarning 88 foizi avtomobil yo‘llarida tashiladi.
Zamonaviy talablarni hisobga olgan holda, xalqaro standartlarga muvofiq, sohada yo‘llarni asta-sekin avtomobil o‘qlariga 13 tonnalik yuklamali yo‘llarga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda. Bu esa mustahkamlik xususiyatlarini sezilarli darajada oshirishni talab qiladi.
Ushbu nuqtai nazardan, sement-beton yo‘llar muhim afzalliklarga ega:
- katta mexanik ta’sirlarga va katta o‘lchamli transport vositalarining og‘irligiga bardoshli va xizmat ko‘rsatish muddati uzoqroq;
- transport kam yoqilg‘i sarflaydi (10-20 foiz);
- mustahkam beton qoplamadan 30 yoki undan ortiq yil davomida ta’mirlash ishlariga muhtoj bo‘lmasdan foydalanish mumkin, asfalt qoplama esa 8-12 yil xizmat qiladi va vaqti-vaqti bilan ta’mirlashni talab etadi;
- qoplama ekstremal ob-havo sharoitlariga, yuqori va past havo haroratiga yoki namlik o‘zgarishiga yuqori chidamlilikka ega;
- ekologik oqibatlarni minimallashtiradi, transport vositalari harakat uchun minimal yoqilg‘i sarflaydi;
- tabiiy resurslarni tejash va ekologik xavfsizlik. Asfalt neftni sanoat usulida qayta ishlash yo‘li bilan olinadi, betonning asosiy tarkibiy qismlari esa zararli kimyoviy moddalar deyarli yo‘q bo‘lgan ohaktoshlardir.
Tuproq va qo‘shimcha qatlamlarni sement bilan mustahkamlash, beton qoplamani yotqizish yoki yo‘llarni rekonstruksiya qilish paytida asfaltning asosini sement bilan mustahkamlash yo‘llarni yanada mustahkam va iqtisodiy jihatdan foydali qiladi. Qurilish vaqti qisqaradi, yo‘lning o‘zi kapital ta’mirsiz bir necha o‘n yillar xizmat qiladi va texnik xarajatlar pastligini oldindan aytish mumkin.
Beton yo‘llar yuqori yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega. Bu asos va pastki qatlamlarga yuklamaning bir xilligini va eskirishga chidamlilik koeffitsiyentini yetarli darajada ta’minlaydi. Ular barqarorlik xususiyatiga ega, shu jumladan, yuqori va past harorat ta’siriga. Sement-beton yo‘llar sirt yopishqoqligining yuqori koeffitsiyentiga ega. Ularning yorqin yuzasi qorong‘ida yo‘nalish olishni osonlashtiradi va yozda qizib ketishni kamaytiradi. Bundan tashqari, sement-beton aks ettiruvchi effekti tufayli yoritish uchun elektr energiya sarfini 30 foizga kamaytiradi.
Eng muhim afzallik — bu umumiy iqtisodiy samaradorlik — sement-beton yo‘llarning hayotiy sikli asfalt-betonga qaraganda 2,5-3 baravar ko‘p.
Turli sharoitlarda sement-beton qoplamalarini qurishning boshlang‘ich qiymati asfalt-betonga qaraganda 20-40 foiz qimmatroq bo‘lsa-da, hayotiy sikli nuqtai nazaridan asfalt qoplamalarini ta’mirlash va ishlatish xarajatlari shundayki, muqobil sement-beton qoplamalarni qurish va ishlatish ancha arzonga tushadi (2-rasm).
Sement-beton qoplama, ayniqsa, transport vositalarining yuqori intensivligi va/yoki avtomobil transportining og‘ir yuki sharoitida o‘zini oqlaydi. Bitum importini kamaytirish orqali valyutani sezilarli darajada tejashga ham erishiladi. Sement-beton yo‘llarning asosiy tarkibiy qismlari — sement va noruda qattiq qurilish materiallari (shag‘al, maydalangan tosh, qum va toshlar) deyarli barcha hududlarda ishlab chiqariladi. Bu esa qurilish maydoniga materiallarni tashish bilan bog‘liq issiqxona gazlarini kamaytirishda yordam beradi.
Shu bois mamlakatimizda sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari qatorida yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan yo‘llarni bosqichma-bosqich sement-beton qoplamaga o‘tkazish maqsadga muvofiq.
Shu bilan birga, sement-betonni yotqizish asfalt-beton ishlariga nisbatan ancha murakkab texnologik jarayon ekanligini yodda tutish kerak.
Mamlakat turli mintaqalarda, shu jumladan Germaniya, Janubiy Koreya, Ispaniya va Ozarbayjonning yirik kompaniyalari ishtirokida sement-beton qoplamali magistral yo‘l uchastkalarini qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha ancha uzoq muddatli tajribaga ega. Andijon viloyatida sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan maqsadli klaster tashkil etildi. U 31ta chekka mahalladagi 23 kilometrli yo‘llarni sement-beton aralashmasi bilan qoplab, 10 yilgacha texnik xizmat ko‘rsatishni o‘z zimmasiga oldi.
Bu tajribani butun mamlakat bo‘ylab yoyish, 2022-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 2,6 ming kilometrli sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlashning klasterli usulini joriy etish rejalashtirildi. Ushbu yo‘l klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, 2022-yil oxirigacha ixtisoslashtirilgan uskunalar importi bojxona to‘lovlari va utilizatsiya yig‘imlaridan ozod qilindi.
Beton issiqxona gazlaridan qutqaradi. «Yashil» qurilish talablariga javob beradigan tabiiy karbonatlanish jarayonida betonning issiqxona gazlarini yutish qobiliyatining ijobiy ta’siri Sharqiy Angliya universiteti tadqiqotlari bilan tasdiqlangan. Olimlar 1930–2013-yillarda barcha binolar, inshootlar va beton qoplamalar tomonidan atmosfera karbonat angidridning mintaqaviy va global so‘rilishini modellashtirishdi. Bunda 4,5 gigatonna uglerod yoki 16 gigatonna karbonat angidridning so‘rilishi aniqlandi. Bu ularni yaratish jarayonida chiqadigan karbonat angidridning taxminan 43 foizi degani. Sement-beton qoplamalar uglerod izining kamayishiga hissa qo‘shadi.
Perdyu universiteti (AQSh) qurilish muhandisligi kafedrasi olimlari, shuningdek, beton aralashmasiga nano o‘lchovli titan dioksid qo‘shilishi betonning karbonat angidridni bog‘lash qobiliyatini deyarli ikki baravar oshirishini aniqlashdi.
Qurilish materiallari sanoatining tayyorligi. Sement-beton yo‘llarni qurishda asosiy qurilish materiallari sifatida ishlatiladigan mineral xom ashyo — shag‘al, qum, toshlar mamlakatning deyarli barcha hududlarida mavjud. 2021-yilning yanvar–dekabr oylarida mahalliy korxonalar tomonidan sement ishlab chiqarish 12 foizga o‘sib, 14,2 million tonnaga yetdi. 2021-yil oxirida O‘zbekistonda sement ishlab chiqarish quvvati 21 million tonnani tashkil etdi, 2022-yilda umumiy quvvati 3,8 million tonnani tashkil etadigan 5 ta investitsiya loyihasini yakunlash rejalashtirilgan bo‘lib, bu ushbu turdagi materiallarga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplash, shu jumladan sement-beton yo‘llarni qurish va ta’mirlash uchun qulay imkoniyatlar ochadi.
«Yashil» qurilish tamoyillarining joriy etilishi jahon hamjamiyatining e’tiborini tortadi, mamlakatning ijobiy imidjini rivojlantirishga ta’sir qiladi, uning turli xalqaro indekslar, jumladan, kredit reytinglari darajasini oshirishda yordam beradi.
Yuqoridagilarga asoslanib, aniq ijobiy ekologik ta’sirni hisobga olgan holda, sement va unga asoslangan materiallardan uzoq muddatda, shu jumladan, avtomobil yo‘llari qurilishida doimiy foydalanishni tavsiya etish mumkin.
Sement-beton yo‘llar qurilishini kengaytirish foydaliligining ijobiy argumentlari — hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yaxshilashga yordam beradigan beton zavodlarining mavjud quvvatlaridan to‘liqroq foydalanish imkoniyati, shuningdek, ko‘chma va ixcham tez o‘rnatiladigan beton zavodlaridan foydalanish, joylashuvining qisqa vaqt ichida o‘zgartirilishi va keyingi joyda yuqori sifatli beton ishlab chiqarish mumkinligidir. Loyihaning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilashning qo‘shimcha omili, yuqoridagi afzalliklarga qo‘shimcha ravishda, samarasiz transport xarajatlarini kamaytirish bo‘ladi.
Mirhamid To‘rayev,
PMTI bosh ilmiy xodimi.
Aleksandr Soy,
PMTI katta ilmiy xodimi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter