Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

17 Mart, 2019

MIB o‘zining «majburiy» maqomidan ayrilishi mumkin

Insayder 17/03, 12:29 0 13445

So‘nggi vaqtlarda Majburiy ijro byurosi haqida yangrayotgan ko‘plab fikrlar, e’tirozlar, tanqidlar ortidan, nihoyat, bu xizmat faoliyati qayta ko‘rib chiqiladiganga o‘xshaydi.

«Xabar.uz»da e’lon qilingan maqolalarning birida O‘zbekiston tarixida MIB misolida misli ko‘rilmagan voqelik — prokuraturaning qonuniy tijoriylashuvi jarayonini boshimizdan kechirayotganimiz haqida mulohaza yuritilgandi. Unda MIBning vazifasi majburiyat emas, aslida xizmat ekani eslatilgandi.


Mavzuga oid: MIB: «Qarzingiz bo‘lsa noxush vaziyatga tayyor turing...»


O‘zi avval boshdanoq bu tashkilotning prokuratura tizimida bo‘lishi turli bahslarga sabab bo‘layotgan edi. Davlatning jazolovchi mexanizmiga aylanib qolishi, albatta, uning obro‘sini oshirmaydi.

MIB Adliya vazirligi huzurida yoki alohida mustaqil tashkilot sifatida, hech bo‘lmaganida, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi qoshida tashkil etilishi kerakligi taklif qilingandi.

«Xabar.uz»ning manbasi xabar berishicha, yaqin vaqt ichida Majburiy ijro byurosi faoliyati qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda bir necha variant ko‘rib chiqilmoqda va ulardan biri tanlanishi mumkin:

  1. MIB Bosh prokuratura huzurida qoladi va uning nomidagi «majburiy» so‘zi olib tashlanib, byuroga aylantiriladi.
  2. MIBni alohida mustaqil tashkilot sifatida yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqiladi.
  3. MIB Bosh prokuratura tarkibidan chiqarilib, Adliya vazirligi huzurida faoliyat olib boruvchi xizmatga aylantiriladi.

Shuningdek, byuro tarkibi katta qisqartirishlarga tushishi ham aytilmoqda.

Avvalroq, majburiy ijro byurosi qoshidagi «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil qilish markazi» davlat unitar korxonasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkazilgandi.

Kuni kecha esa, Prezident farmoni bilan O‘zbekiston prokuratura organlari tizimida ayrim lavozim (jumladan, Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarining ikkita shtat birligi) va boshqarmalar tugatildi, Agrosanoat inspeksiyasi Bosh prokuraturadan Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazildi. Mazkur hujjatdan prokuratura organlarida kadrlar siyosatini qayta ko‘rib chiqish, tizimni o‘z lavozimiga noloyiq, professional va axloqiy talablarga javob bermaydigan xodimlardan tozalashga doir vazifalar ham o‘rin oldi.


Mavzuga oid: Qonundagi bo‘shliqmi bu yoki «Ostrogorskiy-mostrogorskiy»lardan qolgan meros?


Bu o‘zgarishlar nimani anglatadi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda inson manfaatlari, tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish masalalariga deyarli har bir chiqishida alohida to‘xtaladi, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan inson huquqlarining poymol etilishi kabi holatlar uchrab turganini keskin tanqid qilib keladi. Bu borada vaziyat sezilarli darajada o‘zgardi. Xalqaro hamjamiyat O‘zbekiston hukumatining ushbu qadamlarini olqishlamoqda.

Bu yo‘nalishda prezident tomonidan belgilab berilayotgan chora-tadbirlar inson manfaatlari yo‘lida olib borilayotgan islohotlar hamon davom etayotganini va oldinda bizni jiddiy o‘zgarishlar kutib turganini bildiradi.

19 Fevral, 2019

Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoga uchib ketdi

Siyosat 19/02, 10:08 0 3222

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun 19 fevral kuni hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyuradi.

«Xabar.uz» manbasining xabar berishicha, prezident Sirdaryoga vertolyotda uchib ketgan.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbarining oxirgi safari Jizzax viloyatiga bo‘lgandi.

01 Fevral, 2019

O‘zMAA Prezident administratsiyasi tarkibiga kiritiladi. Komil Allamjonovning maqomi oshiriladi

Insayder 01/02, 20:58 0 3174

Aytishlaricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmon va qarorni imzolagan. Bu haqda telegramdagi «davletovuz» kanali xabar berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga aylantirilgan. Agentlik direktori esa lavozim bo‘yicha davlat rahbari maslahatchisi birinchi o‘rinbosariga tenglashtirilgan.

Shunday qilib, agentlik hukumat tarkibidan chiqarilgan hamda davlat axborot siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishdagi vakolatli organga aylantirilgan. Ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, vazirlik va idoralar matbuot xizmatlari faoliyatini yaxshilash hamda davlat organlari ochiqligini ta’minlash uning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Bundan kelib chiqadiki, davlat axborot sohasini isloh qilishni boshlagan. Bu islohotga esa Prezidentning sobiq matbuot kotibi K.Allamjonov mas’ul bo‘ladi.

31 Yanvar, 2019

Xorazmda yana bir sud xodimi pora bilan qo‘lga olingan

Insayder 31/01, 18:48 0 2939

Xabarlarga qaraganda jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudi sudya yordamchisi pora bilan qo‘lga tushgan. Pora miqdori katta  emas: ikki yuz ellik ming so‘m!

«Xabar.uz» manbasiga ko‘ra, sudya yordamchisi shu pul evasiga bir fuqaroning ma’muriy suddagi «ishi»ni ijobiy hal etishga va’da bergan. Biroq...

Mazkur voqelik yuzasidan vakolatli organlar tomonidan hozircha hech qanday ma’lumot berilgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining sudyasi 12 ming AQSh dollarini pora tariqasida olayotganda qo‘lga tushgan edi.

28 Yanvar, 2019

Insayder: Hukumat tarkibi va vazirliklarda qator o‘zgarishlar yuz bermoqda

Insayder 28/01, 10:38 0 4145

Aytishlaricha, mamlakatda «ixcham Hukumat»ni shakllantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar boshlangan. Shu kunlarda hukumat tarkibida, shuningdek, markaziy vazirlik hamda idoralar rahbariyatida qator o‘zgarishlar yuz berishi kutilmoqda. Bu haqda telegramdagi «davletovuz» kanali xabar tarqatdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari Elyor G‘aniyev Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan.

Suhrob Xolmurodov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Suhrob Xolmurodov egallab turgan lavozimidan ozod qilingan. U boshqa lavozimga o‘tkazilgan.

Bahodir Yusupov.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Bahodir Yusupov ham lavozimidan ozod qilingan.

Jamshid Xo‘jayev.

Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev qishloq xo‘jaligi vaziri etib tayinlangan.

Sardor Umurzoqov.

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Tashqi savdo vazirligi qo‘shilib, yagona vazirlikka aylantirilgan. Investitsiyalar va tashqi savdo (vazirlik nomiga aniqlik kiritiladi) vaziri etib «O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisi Sardor Umurzoqov tayinlangan. Sunnatulla Bekenov, Laziz Qudratov, Shuhrat Vafoyev, Badriddin Abidov yangi vazirga o‘rinbosar bo‘lgan.

Hozircha bu xabarlar rasmiy tasdiqlangani yo‘q. Ushbu tayinlovlarga yaqin vaqt ichida aniqlik kiritamiz.

02 Noyabr, 2018

Bosh prokurorga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Insayder 02/11, 20:29 0 5631

Rashid Nasrullayevich Rahmatov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda «Xabar.uz» manbasi xabar bermoqda.

Rashid Rahmatov bunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

01 Noyabr, 2018

Hukumat is gazidan o‘limlar soni ortayotganidan tashvishda. Ochilboy Ramatov boshchiligida komissiya tuzildi

Jamiyat 01/11, 20:37 0 4961

31-oktyabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanida is gazidan zaharlanish oqibatida bir oilaning to‘rt farzandi halok bo‘ldi. 28-oktyabr kuni Rishton tumanida ikki kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi.

So‘nggi vaqtlarda is gazidan zaharlanish oqibatida bu kabi fojiali holatlar ko‘p kuzatilmoqda. «Xabar.uz»ning hukumatdagi manbasi xabar berishicha, bugun, 1-noyabr kuni bosh vazir tomonidan o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida ushbu masalaga ham to‘xtalib o‘tilgan.

Hukumat topshirig‘iga binoan, bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida shaxsiy uylarda isitish pechlari va isitish tizimlarini tekshirish va nazorat qilish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilgan. Shunga mos ravishda viloyat va tumanlarda ham namunaviy ko‘rinishda komissiyalar tuzilishi vazifasi ham topshirilgan.

12 Iyul, 2018

Samarqandda hokim almashgani rostmi?

Jamiyat 12/07, 10:37 0 9295

Kecha, 11-iyul kuni qator internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati hokimi va uning ikki o‘rinbosari, shahar hokimi va uning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari ishdan  ketgani va hatto hibsga olingani haqida ma’lumotlar tarqaldi.

Samarqand shahridagi qurilish ishlariga yer ajratilishi, aniqrog‘i, hokimiyat rahbariyati pora evaziga qurilish kompaniyalarining qurilish qilishiga ruxsat berayotgani sabab bunday choralar ko‘rilgani ma’lum qilindi. Hatto shahar markazida turar-joy majmuasini qurayotgan shirkatlarning mutasaddilari mamlakatdan qochib chiqib ketgani aytildi. Albatta, bu xabarlar rasman tasdiqlanmadi.

«Daryo» nashri olib borgan surishtiruvlariga ko‘ra, hokim va uning o‘rinbosarlari qo‘lga olingani haqidagi xabarlar o‘z tasdig‘ini topmagan.

Samarqand shahar hokimligi matbuot xizmati ham hokim va uning o‘rinbosarlari qo‘lga olinganini rad etgan. Xabarlarda hibsga olingani aytilgan Samarqand shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bobur Elmurodov «Daryo» muxbiri bilan uchrashgan. Elmurodov o‘z ishini davom ettirayotgani va fuqarolarni qabul qilayotgani aytiladi.

Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati ham hokim va uning o‘rinbosarlari qo‘lga olingani bo‘yicha hech qanday ma’lumot kelib tushmaganini ta’kidlagan.

Samarqand shahri hokimi va uning o‘rinbosarlari qamalgani haqidagi xabarni birinchi bo‘lib chop etgan nashr esa ushbu yangilikni saytdan o‘chirib tashlagan.

Ammo bugun, 12-iyul kuni navbatdagi xabarlar tarqaldi. Aytishlaricha, Surxondaryo viloyati hokimi Samarqand viloyatiga, Surxondaryo viloyatiga Toshkent viloyati prokurori hokim etib tayinlangan. Bu xabarlar ham hali rasman tasdig‘ini topgani yo‘q.

Voqealar rivojini kuzatishda va ma’lumotlarni aniqlashtirishda davom etamiz. Bizni kuzatib boring.

18 May, 2018

Toshkent shahar hokimligi yangi binoga ko‘chmoqda

Jamiyat 18/05, 22:11 0 8544

Yaqin kunlarda Toshkent shahar hokimligi yangi binoga ko‘chib o‘tishi rejalashtirilgan. Bu haqda «Xabar.uz» manbasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hokimlik shahardagi Islom Karimov ko‘chasiga ko‘chishi rejalashtirilgan. Bu ko‘chada hozir yangi megapolis — «Tashkent city» xalqaro biznes markazi qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 26-aprel kuni Toshkent shahar hokimligida Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida navbatdan tashqari bo‘lib o‘tgan 35-sessiyada Toshkent shahar hokimi lavozimiga Jahongir Ortiqxo‘jayev nomzodi bir ovozdan tasdiqlangan edi.

28 Aprel, 2018

O‘zbekistonda Qandolatchilikni rivojlantirish uyushmasi tashkil etildi

Iqtisodiyot 28/04, 00:07 0 4382

Yurtimizda qandolatchilik sohasini yanada rivojlantirish va bu sohadagi ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi zamonaviy yondashuvlarga asoslangan Qandolatchilikni rivojlantirish uyushmasi tashkil etildi.

«Xabar.uz»ga ma’lum qilinishicha, ushbu uyushma barcha qandolat mahsulotlari bilan faoliyat yurituvchi hamyurtlarimizga ko‘maklashish, rag‘batlantirish va ularning eksport salohiyatini oshirish uchun xizmat qiladi.

Uyushma rahbari etib Muxtor Mansurxadjayevich Umarov tayinlangan.

Yana