Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ijduvondagi ta’mirtalab tug‘uruqxona: muammo va yechimlar

G‘ijduvondagi ta’mirtalab tug‘uruqxona: muammo va yechimlar

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli Tug‘uruq kompleksi 1986-yilda foydalanishga topshirilgan. 3 qavatli 125 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu Tug‘uruq kompleksi jonlantirish, tug‘uruq, chaqaloqlar, doyalik hamda tug‘uruqqa tayyorlash bo‘limlaridan iborat. Tug‘uruq kompleksi G‘ijduvon, Shofirkon hamda Vobkent tumanidagi tug‘ish yoshidagi ayollarga xizmat ko‘rsatadi.

Tahririyatga mazkur kompleks binosining ta’mirtalab va e’tiborga muhtoj ahvolda qolgani haqidagi murojaat kelib tushdi.

«G‘ijduvon tumani Tug‘uruq kompleksi binosi eskirgan va ta’mirga muhtoj. Muolaja xonalaridagi jihozlar eskirgan va ba’zida kasallarga yetmaydi. Ayollar uchun yuvinish xonalari tashkil etilmagan. Xorijdan keltirilgan tibbiy apparatlarni ishlata oladigan mutaxassis yo‘q, yetmagandek kislorod balonlaridan foydalanilmoqda. Liftlari goh ishlab, gohida ishlamaydi. Devorlari to‘kilib ketgan va zax. Eng achinarlisi, ko‘zi yoriyotgan ayollar maxsus apparatlardan emas, sportzallarda ishlatiladigan arqonlardan foydalanishadi...

Buning ortida odam hayoti yotganini o‘ylashmayapti», – deyiladi murojaat matnida.

Xabar.uz muxbiri holatni o‘rganish maqsadida murojaatda eslangan G‘ijduvon tuman Tug‘uruq kompleksida bo‘ldi.

Bir qarashdayoq, binoning ta’mirtalab holatga kelib qolganini ko‘rish mumkin. Ayrim devorlari nam va zaxligi bois bo‘yoqlari ko‘chgan. Aksariyat xonalarda polga to‘shalgan qoplamalar yirtilgan va ko‘rimsiz holatda. Qattiq va yumshoq jihozlar yaroqliligi esa saqlanib qolingan.  Liftlar eskirgan, yaxshiki, uzluksiz ishlab turibdi.

Muxbir tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Marat Ro‘ziyev bilan tahririyatga kelib tushgan murojaat va unda keltirilgan vajlar bo‘yicha gaplashdi.

Ro‘ziyevga ko‘ra, murojaatdagi ma’lumotlar asliga to‘g‘ri emas: kanalizatsiya quvurlari markazlashgan tizimga ulangan. Ayollar uchun yuvinish xonalari mavjud. Xorijdan keltirilgan tibbiy uskunalar, jumladan, chala tug‘ilgan bolalarni asrashga mo‘ljalangan kislorod konsentratori ehtiyojga qarab, zarur hollarda mutaxassislar tomonidan ishlatib kelinmoqda.

«To‘g‘ri, har bir odamning fikr bildirish, murojaat qilish, e’tiroz bildirish huquqi bor, uni hech kim chegaralab qo‘ymaydi. Biroq, murojaatda keltirilgan vajlar noo‘rin. Bizda kanalizatsiya emas, issiqlik tizimi markazlashmagan. Ammo bu ham ijobiy tarafga xizmat qiladi, ya’ni kuz-qish mavsumida ob-havo soviy boshlasa, biz ilgariroq isitish tizimidan foydalanish imkoniga egamiz. Bundan tashqari, har bir xona konditsioner bilan ta’minlangan, chaqaloqlar salomatligi uchun xona harorati 22 darajadan tushirilmaydi», –deydi birlashma boshlig‘i.

Suhbatdosh Jarrohlik hamda Bolalar neoreanimatsiyasi bo‘limlari markazlashgan kislorod stansiyasiga ulanmaganligi sababli kislorod balonlaridan foydalanilayotgani, shu bois, markazlashgan kislorod stansiyasini qurish va Tug‘uruq kompleksining kapital ta’miri uchun davlatdan 5 milliard so‘m miqdorda mablag‘ so‘raganini bildirgan.

«Tuman moliya bo‘limiga yozma hamda tuman hokimiga ushbu masalada og‘zaki murojaat qilganman. Chora-tadbir belgilab, 2023-yilda bino to‘liq ta’mirdan chiqarilishi ko‘zda tutilgan», – deydi birlashma boshlig‘i.

Xabar.uz muxbiri tug‘ish yoshidagi homilador ayollar xonalari bilan tanishish davomida har bir xona shiftida arqonlar ilib qo‘yilganiga qiziqdi.

«2002 yilda  mamlakatimizning turli manzillarida faoliyat yurituvchi bir nechta shifokorlar Kiyev akademiyasida tajriba orttirib qaytdik. O‘shanda ayni tug‘uruq chog‘ida ayollarning uzilib ketmasligi kafolatlangan va tibbiy himoyalangan arqonlardan foydalanishayotganiga, bu arqonlar ularga quvvat berayotganiga guvoh bo‘ldik. Va aynan, shu usulni G‘ijduvon Tug‘uruq kompleksida ham tashkil etdik. Bu usul to‘lg‘oq paytidagi ayollar uchun faqatgina foyda keltiradi. Undan tashqari, qalin rezinali katta to‘p va bolalar o‘yinchoqlaridan foydalanish ham homilador ayollarning quvvatini oshirishga xizmat qiladi», – deydi vrach neonotolog Izzat Abdullayev.

Homilador ayollar suhbat chog‘ida haqiqatan ham arqon va rezina o‘yinchoqlar  ularning salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, quvvat berayotgani haqida to‘xtalishgan.

«Istaymizmi-yo‘qmi, tug‘uruq paytida foydalaniladigan baland moslamalar kuchli stressga tushib qolishimizga ham sabab bo‘ladi. Kimgadir g‘alati tuyular, ammo shifokorlar biz, bo‘lg‘usi onalarni o‘ylab, shu usulni qo‘llashmoqda», – deydi farzand kutayotgan Farzona Ashurova.

Birlashma boshlig‘i Tug‘uruq kompleksi  binosi ta’mirtalab ahvolda bo‘lsa-da, tibbiy xizmatda siljishlar kuzatilayotganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur Tug‘uruq kompleksida bir yilda tug‘ilishlar soni 6200-6300 nafarni tashkil etadi.

«Bir kunda 10-15 nafargacha tug‘ilish bor. Bu bir oyda 300 dan ortiq, degani. Shular o‘rtasida go‘daklar o‘limi o‘tgan yilning 9 oyi davomida 51 tadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, joriy yil 9 oylikda esa 38 ta o‘lim qayd etildi», – deydi Marat Ro‘ziyev.

Tug‘uruqqa tayyorlash bo‘limida davolanayotgan homilador ayollarga tuman Tibbiyot birlashmasi tomonidan birinchi yordam dori-darmonlari, jumladan, spirt, paxta, novakain, tibbiy qo‘lqop, deksamitazon, papaverin, shprits va boshqa vositalar yetkazib berilar ekan. Muxbir holatni o‘rganish davomida shpritsni bemorlar o‘z hisobidan xarid qilganiga guvoh bo‘lgan.  

«Shprits, arzon-ku, o‘zimiz ham sotib olamiz. Bilishimizcha, tomchi dori yuborishga mo‘ljallangan vosita ham kasalxona tomonidan berilar ekan, ammo ularniyam o‘zimiz olamiz», – deydi ismini ochiqlashni istamagan suhbatdosh.

Uning aytishicha, davolanayotganiga uchinchi kun bo‘lishiga qaramay, yotoq matolari almashtirilmagan.

«Yaxshi qarashsin, deb ortiqcha gapirishni o‘zimizga ep ko‘rmaymiz. Gohida hamshiralarni ham «hursand» qilib turamiz, «u»siz bo‘lmaydi, axir. Sog‘-salomat farzandimizni qo‘limizga olsak, bo‘ldi», – deydi keyingi suhbatda ayollardan biri.

Katta hamshira birlashma boshlig‘ining qat’iy topshirig‘i bilan ertalab bemorlar foydalanishi uchun berilgan shpritslar xaltasini olib kelgan. Afsuski, shprits xaltasi ochilmagan va tarqatilmagan holatda bo‘lgan.

«Birinchi yordam dori-darmon vositalari yetarlidir, ammo kam emas. Har oyda elektron savdo orqali sotib olamiz. Hech qachon shprits, «sistema» yoki tibbiy qo‘lqop muammo bo‘lgan emas. Bunday hunuk holatni hamshiralardan kutmagan edim», – deydi asabiylashgan ko‘yi birlashma boshlig‘i.

Nima ham derdik?!

Tuman Tibbiyot birlashmasida 410 nafar vrach, 211 nafar o‘rta tibbiyot xodimi hamda 870 nafar kichik hamshira va boshqa texnik xizmatchilar faoliyat yuritib kelishar ekan. Guruch kurmaksiz bo‘lmas, degan iborani qo‘llashga to‘g‘ri keldi.

«Yuksalish» UMH viloyat bo‘linmasining 2022-yil aprel oyidagi o‘rganuvlariga ko‘ra, mazkur kompleksda uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlovchi generator mavjud emas. Elektr tokining doimiy ravishda ogohlantirilmay o‘chib-yonishi natijasida 2019-yilda TICA tashkilotidan olingan 2 ta Kyuvez apparati nosoz holatga kelgan.

«Markazni ham uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlovchi generatorlar, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida chaqaloqlar uchun IVL, SiPAP, portativ Rentgen apparati, statsionar pulsoksimetrlar, oksigenatorlar, Kyuvez(fototerapiyalik), Bolalar va kattalar uchun kardiomonitorlar, kislorod tarqatish nuqtasi, havo kompressori, KTG, bilerubin analizatorlari va boshqa turdagi muhim uskuna va jihozlar bilan ta’minlash lozim», – deydi Harakatning viloyat bo‘linmasi boshlig‘i Hamza Ro‘ziyev.

Viloyat  Sog‘likni saqlash boshqarmasi qurilish bo‘limi boshlig‘i Akmal Boboqulov esa birlashma boshlig‘i so‘ragan G‘ijduvon tumani Tug‘uruq kompleksini 5 milliard so‘m mablag‘ evaziga kapital ta’mirlash ishlari amalga oshiriladigan bo‘lsa, bu «shuncha miqdordagi mablag‘ni tuproqqa sochishdan boshqa narsa emas» – deya ta’kidlagan.

«Prezidentning 2022-yil 22-yanvardagi 98-sonli qaroriga asosan, 2023-yil yanvar oyidan boshlab, G‘ijduvon tumanining «Todon» mahallasi hududi, Navoiy viloyati bilan kesishgan markaziy yo‘li yoqasidagi 11 gektarli yer maydonida 128 milliard so‘m mablag‘ evaziga yangi Tibbiyot markazini barpo etish ishlari boshlanadi.

Qurilish-loyihasiga ko‘ra,  7 qavatli, 3 ta yirik binodan iborat zamonaviy ko‘rinishdagi mazkur Tibbiyot markazi jahon standartlariga mos ravishda 2023-2026-yillarda  qurib, foydalanishga topshiriladi. Bundan 580 o‘rinli, 600 qatnovli Bolalar kasalxonasi, tumanlararo Perenatal markaz, Tibbiyot birlashmasi hamda boshqa tibbiy xizmat maskanlari o‘rin oladi. Endi o‘ylab ko‘ring, yirik loyiha amalga oshishi aniq bo‘lib turgan bir paytda qisqa muddat foydalanish uchun eski binoni katta mablag‘ evaziga kapital ta’mirlash ishlarini olib borish  — pulni tuproqqa sochishdek gap. Eskisiga pul sarflash – noto‘g‘ri. Bu pulni maqsadsiz sarflashdan boshqamas», – deydi Akmal Boboqulov.

Bildirilishicha, tumandagi eski tibbiyot maskanlari, jumladan, Tug‘uruq kompleksi ham tibbiyot yo‘nalishida davlat xususiy sherikchilikni rivojlantirish uchun berilishi ko‘zda tutilgan.

Laylo HAYITOVA

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring