Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda ichki ishlarning avtomashinalariga shikast yetkazgan «shumaxer» ushlandi

Buxoroda ichki ishlarning avtomashinalariga shikast yetkazgan «shumaxer» ushlandi

Tungi taxminan soat 02:30 atrofida Buxoro viloyat IIBning «102» qisqa raqamiga kelib tushgan murojaat ortidan ichki ishlar xodimlari tomonidan bir transport vositasini «to‘sib ushlash» rejasi harakatga keltirilgan.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu murojaatga ko‘ra, Buxoro tumanida yashovchi fuqaro X.S. o‘ziga tegishli bo‘lgan «Iphone» rusumli telefonini sotish uchun internet tarmog‘iga joylashtirgan. Ushbu e’lon bo‘yicha unga notanish fuqaro qo‘ng‘iroq qilib, telefon apparatini sotib olishini bildirgan. Notanish shaxs o‘zini davlat raqam belgisiz, oynalari qoraytirilgan oq rangli «Neksia-3» rusumli avtomashinada kelishini aytgan. Yarim tungi «uchrashuv» notanish shaxsga qo‘l kelgan. U X.S. bilan ko‘rishgan va unga tegishli «Iphone»ni qo‘lga kiritgach, pulini avtomashinadan olib berishini aytgan. Biroq, u avtomashinaga o‘tiriboq, telefonni olib qochib ketgan.

Tun yarmida ichki ishlar xodimlari tomonidan «to‘sib ushlash» rejasi harakatga keltirilgan. Biroq, notanish shaxsga tegishli avtomashina Buxoro shahrining turli ko‘chalari bo‘ylab qochib harakatlangan.

Olib borilgan tezkor qidiruv surishtiruv ishlari natijasida «Neksia 3» rusumli avtomashinaning Buxoro shahar I.Karimov ko‘chasida harakatlanib yurganligi aniqlangan.

Avtomashina haydovchisi ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy to‘xtash ishoralariga bo‘ysunmagan va bir nechta transport vositalariga jiddiy og‘ir texnik shikast yetkazgan.

«Soat 04:41 larda mazkur transport vositasini boshqargan haydovchi shaxsi aniqlandi. U 2003 yilda Buxoro tumanida tug‘ilgan va ayni damda Buxoro shahridagi «Foshun» mahallasida yashovchi M.A. bo‘lib chiqdi. Mazkur holatni sodir etgan haydovchi va transport vositasi ushlandi. Unga nisbatan Buxoro viloyati Prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 219-moddasi, 2-qismi hamda Buxoro viloyati IIB TB tomonidan 166-moddasining 3-qismlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.  Ayni paytda M.A. O‘zbekiston Respublikasi JPKning 221-moddasi tartibida qamoqqa olindi», — dedi Ulug‘bek Shukurlayev.

Ushbu holat yuzasidan hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring