Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda «Malibu» 221 marotaba, «Subaru» 287 marotaba radarga «tushdi»

Buxoroda «Malibu» 221 marotaba, «Subaru» 287 marotaba radarga «tushdi»

Foto: «Xabar.uz»

«Obbo, yana «radar»danmi qog‘oz?! Qo‘llaringdan pul undirishdan boshqa nimayam kelardi?! Bilganimdan qolmayman!» — shunday deya uyidan «Malibu»ni surib chiqqan buxorolik haydovchi O.R. tezlikni oshirgan va yo‘l harakati inspektorlari tomonidan mashinasi to‘xtatilgan. Unga oid hujjatlar tekshirilganda, 221 marotaba tezlikni oshirib harakatlangani sabab radar jarimalarga tushgani aniqlangan. Biroq, O.R. jarimalarni to‘lashni xayoliga ham keltirmagan.

Odatda bunday vaziyatda qarzdor uni tezroq bartaraf etishga shoshiladi. Chunki qarzdorlik 15 sutka ichida to‘lansa, 50 foizli chegirma mavjud. Biroq, ushbu fuqaro avgust oyiga qadar 221 marotaba jarima ro‘yxatiga tushgan. Ularning 219 tasidan 103 million so‘m qarzdorlikni to‘lamay yurgan.

Buxoro viloyati IIB JXX YHXB axborot xizmati boshlig‘i, kapitan Ulug‘bek Shukurlayevning «Xabar.uz»ga bildirishicha, yana bir fuqaro 287 marotaba radarga muhrlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekistonga qaytayotgan fuqaro M.Sh. o‘ziga tegishli bo‘lgan «Subaru» avtomashinasida aylanma yo‘llar orqali harakatlangan. Ayni shu fursat ichida 287 marotaba belgilangan tezlikni oshirgani uchun radarlarga muhrlangan. Ushbu haydovchi ham tezlikni oshirgani uchun hisoblangan 269 million so‘mlik jarima pulini to‘lamagan.

Ayni paytda har ikki avtomashina ham jarimalar maydonida «saflangan». «Radar» qarmog‘iga ilingan avtomashinalar har ikki haydovchi tomonidan qarzlar qoplansagina jarimalar maydonidan chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Bildirilishicha, to‘lov amalga oshirilmasa, majburiy ijro byurosi tomonidan sudga taqdimnoma kiritiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring