Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Janubiy Koreya: yangi mashinaga navbat 1,5 yilga cho‘zildi

Janubiy Koreya: yangi mashinaga navbat 1,5 yilga cho‘zildi

Foto: «Avtonov»

Janubiy Koreyada yangi mashinalar xaridi bo‘yicha buyurtmalarni bajarish 1,5 yilga cho‘zilib ketdi. Bu haqda «The Korea Times» gazetasi yozdi.

Mamlakatda buyurtma olinib, yetkazib berilmagan yangi mashinalar taqchilligi (soni) 1 milliontaga yetdi, sababi — butlovchi qismlar yetkazishdagi uzilishlar va zavodlarning (asosan Hyundai va Kia) to‘xtab qolgani.

Janubiy Koreyada 2021-yil boshida yangi mashinalar taqchilligi 100 mingta atrofida edi. 

Urushga tortilgan Ukrainadan Koreyaga avtomobillar simlarining qoplamalari kelishi taqqa to‘xtadi, ayni shu sababli Yevropadagi ayrim avtomobilsozlar ham jabr ko‘rdi. Xitoyda davom etayotgan lokdaunlarga qo‘shilib, Janubiy Koreyaga atalgan ayrim butlovchi qismlarning yo‘llari ham yopildi.

Hyundai Motor va Kia 2021-yilda jahon bozorida 6,66 mln dona avtomobil sotgandi, ichki bozordagi bu ahvol bilan joriy yilgi 7,47 millionta mashina sotish rejasi chippakka chiqadigan ko‘rinadi.

Mart oyida Kia 26 mingta kam avtomobil ishlab chiqardi. Shundan 19 mingtasi Osiyo chiplari, 7 mingtasi simlarga qoplamalar yo‘qligidan chala qoldi. Koreys kompaniyasining AQSh, Meksika, Slovakiya va Hindistondagi zavodlari ham butlovchi qismlar yetishmasligi vajidan 14 mingta kam avtomobil chiqardi.

Global dunyo degani shu: Ukrainadagi urush, Xitoydagi pandemiyaning Janubiy Koreyadagi avtozavodlarga ta’siri o‘zbek avtohavaskorlarining cho‘ntaklarida ham aks-sado berdi — Kia va Hyundai mamlakatimizda sotayotgan mashinalarining narxlarini oshirishga kirishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring