Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy maktab vakillari Asakadagi «UZAUTO MOTORS» avtozavodida mehmon bo‘ldi

Oliy maktab vakillari Asakadagi «UZAUTO MOTORS» avtozavodida mehmon bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Oliy biznes va tadbirkorlik maktabi magistraturasining 30 nafardan ziyod tinglovchisi haqiqiy ishlab chiqarish sharoitidagi chinakam master-klassda qatnashishdi. Oliy maktab tinglovchilari Asakada UzAuto Motors avtomobil zavodiga tashrif buyurishdi va nafaqat ulkan korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish, balki kompaniya bosh direktori Bo Andersson bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbatlashish imkoniyatiga ham ega bo‘lishdi.

«Biz va bizning tinglovchilarimiz uchun kompaniya bosh ijrochi direktori bilan uchrashish juda foydali va qiziq bo‘ldi, chunki «Bo Andersson keysi»ni biz ma’ruzalarda Oliy maktabimiz tinglovchilari bilan birgalikda muhokama qilamiz», — ta’kidladi iqtisodiyot fanlari doktori, professor Dilmurod Suyunov. U shuningdek, kompaniya vakillari va O‘zavtosanoat rahbariyatiga qabul va uchrashuvni tashkillashtirgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Albatta, zavodga xavfsizlik texnikasi bo‘yicha ko‘rsatmalarsiz tashrif buyurib bo‘lmaydi. Shundan so‘ng esa tinglovchi va o‘qituvchilar katta qiziqish bilan avtozavod bosh direktori bilan suhbatlashdi. Muhokamada logistika, mahalliylashtirish, sifat, tannarxni pasaytirish, ishlab chiqarishda KPI tizimining joriy etilishi va, albatta, rejadagi Chevrolet Tracker-2 va Chevrolet Onix avtomobillarining sotuvga chiqarilishi kabi turli mavzularga to‘xtalib o‘tildi.

Mehmonlar kompaniya rahbari bilan kechgacha suhbatlashishga tayyor bo‘lishsa-da, sex va korxonalarga tashrif buyurib, avtomobil yig‘ish jarayonlarini o‘z ko‘zlari bilan kuzatishni ham xohlashardi. E’tiborlisi, avtomobil yig‘ish liniyasining so‘ngida Oliy maktab tinglovchilarini «UzAuto Motors» AJning sifat bo‘yicha direktori Andrey Soldatov bilan yana bir qiziqarli uchrashuv kutayotgan edi.

«Biz odatda ko‘chada ko‘radigan avtomobillar shu yerda yig‘iladi va ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqinroq tanishish biz uchun juda qiziq bo‘ldi», — o‘qituvchi va tinglovchilarning fikrini bayon etdi MVA magistri Nilufar Dadabayeva.

Tinglovchilar, shuningdek, «UzAuto Motors» zavodi uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi hamda Asakada ishlab chiqariladigan avtomobillar uchun ichki jihozlar va o‘rindiqlar tayyorlovchi korxonalar «UZ-DONG YANG Co» MChJ QK va «UZ TONG HEUNG Co» AJ QK bilan tanishishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring