Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shunday qilinsa O‘zbekistonda yiliga 614 nafar insonning hayotini saqlab qolish mumkin

Shunday qilinsa O‘zbekistonda yiliga 614 nafar insonning hayotini saqlab qolish mumkin

Foto: Xabar.uz

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari o‘rnatilgan maksimal tezlikning pasayishi yo‘ldagi holatga (transportning o‘rtacha tezligi) va yo‘llardagi o‘lim darajasiga qanday ta’sir qilishini tahlil qildi.

Tadqiqot doirasida quyidagi natijalar olingan:

  1. Shaharlarda eng yuqori tezlikni soatiga 10 kmga kamaytirish o‘lim darajasini yiliga 0,8 kishiga (har 100 000 kishiga) kamaytirishda yordam beradi. O‘zbekiston uchun bu 614 nafar insonning hayotini saqlab qolish deganidir.
  2. Eng yuqori tezlik o‘rtacha harakat tezligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Harakat tezligi va sayohat vaqtiga asosiy ta’sir etuvchi omil yo‘l infratuzilmasining sifati hisoblanadi.
  3. Qonun ustuvorligi (Rule of law) reytingining 1 ballga ortishi har yili yo‘llarda o‘lim darajasini 3,3 kishiga (har 100 000 kishiga) qisqartirishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili yo‘l-transport hodisalari oqibatida 1,3 million kishi halok bo‘ladi va 20-50 million kishi jarohat oladi. Shu bilan birga, yo‘l-transport hodisalari tufayli jahon iqtisodiyotiga ham sezilarli zarar yetishini ta’kidlash lozim. «Yo‘l harakati xavfsizligiga investitsiya qilish: global xususiy sektor majburiyati» nomli tadqiqot natijalariga ko‘ra, baxtsiz hodisalar global iqtisodiyotga yiliga 518 milliard dollar zarar keltiradi.

Xalqaro miqyosda tahlil qilish maqsadida, PMTI 140 ta mamlakatga oid ma’lumotlarni to‘pladi. Tadqiqot natijalariga asoslanib, tezlikni pasaytirish transportning o‘rtacha tezligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi va yo‘llardagi o‘lim darajasini qisqartiradi, degan xulosaga kelish mumkin.

Biroq, tezlikni cheklash faqat yo‘l harakati qoidalarini yaxshilash va tegishli infratuzilma mavjud bo‘lsa, ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu xavfsizlikni ta’minlash va o‘rtacha tezlikni saqlashda muhim omil hisoblanadi.

Bundan tashqari, past tezlikda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarida og‘ir jarohatlar ulushi kamayadi. Bu sog‘liqni saqlash xarajatlarini kamaytirish va halokatdan keyin odamlarning tezroq sog‘ayishiga imkon yaratadi. Iqtisodiy nuqtai nazardan, yo‘l-transport jarohatlari natijasidagi zarar past daromadli mamlakatlarda yalpi milliy mahsulotning taxminan 1 foiziga, o‘rta daromadli mamlakatlarda 1,5 foiziga va yuqori daromadli mamlakatlarda 2 foiziga teng deb hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring