Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Tekin pishloq yoki «AVTO 60 OY» haqida

Tekin pishloq yoki «AVTO 60 OY» haqida

«AVTO 60 OY» MChJ haqidagi xabarni o‘qib, bir nechta xulosalar chiqarish mumkin:

Birinchidan, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish masalasi huquqiy madaniyatni oshirish bilan teng ahamiyatli. Sababi odamlar eng oddiy, elementar moliyaviy qoidalarni bilishmaydi, qayerda «arzon» yoxud hattoki «tekin» so‘zlarini ko‘rsa, o‘sha yerga o‘zini uradi.

Ahmadboy masalasida minglab insonlar milliardlab pullariga kuyib qolganini ko‘ra bilib tursa ham, dars bo‘lmaydi, ular yangi Ahmadboylarni qidirib topadi, yangi Ahmadboylar sari pulini quchoqlab yuguradi.

Avval tuyaqush, mana endi, avtokredit masalasi. Yuqorida nomi tilga olingan «AVTO 60 OY» firmasi odamlardan 57 mlrd so‘m yig‘ib olgan. Bu 6 mln dollar bo‘ladi. 6 mln dollar, Karl! Mana shu xabarlarni o‘qib turib ham, odamlar «foizsiz kredit» deb reklama qiladigan boshqa firmalarga ishonaveradi.

Ikkinchidan, xalqning «oson boyib ketish»ga ishtiyoqmand bo‘lishi uning topish daromadlari pastligi, qiyinroq yo‘ldan bo‘lsa ham boyish imkoniyatining deyarli mavjud emasligi bilan bog‘liq. Ular osmondan 100 mln so‘m topishga ishtiyoqmand bo‘ladi, chunki oddiy xalq vakili boshqacha yo‘l bilan O‘zbekistonda 100 mln so‘m topa olishiga ko‘zi yetmaydi, bunaqa imkoniyati ham yo‘q.

Uchinchidan, xalqaning yoppasiga arzon shartlardagi avtokreditga o‘zini urishi mamlakatdagi avtosanoatning monopoliyasi bilan ham chambarchas bog‘liq. Masalan, rivojlangan mamlakatlarda mashina olib beraman, deb aldaydiganlar deyarli uchramaydi, sababi bunga sharoit yaratib beruvchi sun’iy omillar yo‘q.

Ammo bizda xalq uchun boshqa muqobil, qulay variant yo‘q. O‘zi avtosalonlardan olay desa, mashinalar qimmat, kreditlar stavkasi baland, bozorda arzon tanlov yo‘q, bo‘lib to‘lash bo‘yicha takliflar mavjud emas. Agar monopoliya davom etaversa, hech qachon bunaqa takliflar bo‘lmaydi ham.

Xalq esa navbatdagi firibgarlarga millionlab dollarini qo‘sh-qo‘llab olib boradi. Aldanaveradi, aldanaveradi...

Bizning monopollar esa «Biz monopoliyaga qarshimiz» deb bayonotlar beraverishadi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring