Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent-Samarqand pulli yo‘li qurilishi joriy yilda boshlanadi

Toshkent-Samarqand pulli yo‘li qurilishi joriy yilda boshlanadi

Yirik shaharlar o‘rtasida qulay va tezkor avtomobil qatnovi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida kamida 1 000 km zamonaviy pullik magistral avtomobil yo‘llarini quriladi va modernizatsiya qilinadi. Jumladan, Toshkent–Samarqand pulli yo‘lini qurish ishlari 2024-yilda, Toshkent–Andijon pulli yo‘lini qurish esa 2026-yilda boshlanadi.

Bu haqda joriy yil 30-avgustda imzolangan «O‘zbekiston Respublikasida 2024–2030 yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori bilan tasdiqlangan tegishli dasturda belgilab qo‘yildi.

Qarorga ko‘ra, 2024–2026 yillarda ustuvor davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar hamda 2024–2030 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar dasturi tasdiqlangan.

Bunda, shuningdek, quyidagilar inobatga olinmoqda:

  • yillik energiya yo‘qotishlarini kamida ikki baravar pasaytirishni belgilagan holda barcha hududlarda elektr taqsimlash tarmoqlarini 2027-yil 1-iyulga qadar, tabiiy gaz taqsimlash tarmoqlarini esa 2027-yil yakuniga qadar xususiy operatorlarga topshirishni nazarda tutuvchi shartnomalarni imzolash;
  • yiliga qo‘shimcha 30 foizgacha elektr energiyasini tejash maqsadida 2028 yilga qadar barcha ma’nan eskirgan irrigatsiya nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishish;
  • toza va doimiy ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovini 87 foizga, markazlashgan oqova suv ta’minoti qamrov darajasini 30 foizgacha oshirishni nazarda tutgan holda 2028-yil yakuniga qadar har bir hududda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish uchun xususiy kompaniyalarni jalb qilish;
  • 400 mingdan ortiq o‘quvchilar sig‘imiga ega zamonaviy ta’lim muassasalari hamda 300 mingdan ortiq tarbiyalanuvchilar sig‘imiga ega maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil qilish maqsadida 2026 yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida har yili kamida 100 ta maktab va 100 ta maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish va boshqarishni tashkil etish;
  • ilg‘or texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 100 mingdan ortiq bemorlarga xizmat ko‘rsatuvchi ko‘p tarmoqli shifoxonalarni qurish va ularni xususiy operatorlar boshqaruviga berish.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring