Xitoy elektromobillari arzonlashishi Tesla’ga qimmatga tushdi
Xitoyda elektromobillar sotuvining pasayishi fonida Tesla aksiyalari 7 foizga arzonlashdi.
Kotirovkalarning tushishi tufayli Tesla bosh direktori Ilon Mask dunyoning eng boy odami unvonidan mahrum bo‘ldi. U o‘rnini Amazon asoschisi Jeff Bezosga bo‘shatib berdi.
4 mart, dushanba kuni NASDAQ birjasidagi savdolardan so‘ng elektr avtomobil ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasi aksiyalari 7,2 foizga pasayib, har bir aksiya uchun 188,14 dollarni tashkil qildi. Tesla aksiyalari dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uning Shanxaydagi zavodidan elektromobillar yetkazib berish bir yildan ko‘proq vaqt ichida eng past darajaga tushganini ko‘rsatganidan so‘ng keskin tushib ketdi, deb xabar berdi Bloomerg.
Tesla elektromobillarini yetkazib berish Xitoyda yangi Oy yili bayrami munosabati bilan sotuvlar sekinlashayotgani va elektromobillar uchun dunyodagi eng yirik bozor hisoblangan Xitoy bozoridagi narxlar raqobati tufayli qisqardi, deb yozadi gazeta.
Xitoy yo‘lovchi avtomobillari assotsiatsiyasi tomonidan e’lon qilingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyida Tesla Xitoydagi zavodidan 60 365 ta avtomobil sotilgan. Bu 2022 yil dekabridan beri eng past ko‘rsatkichdir. Oyiga pasayish deyarli 16% va yillik 19% ni tashkil etgan.
Teslaning Shanxaydagi zavodi Xitoy bozori, Yevropa va boshqa mamlakatlar uchun Model Y va Model 3 elektromobillarini ishlab chiqaradi.
Milliarderlar indeksining 5 mart, seshanba holatiga ko‘ra, Maskning boyligi 197,7 milliard dollarni, Jeff Bezosning kapitali esa 200,3 milliard dollarni tashkil qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter