Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xo‘randalar 22,5 km.dan ishga piyoda qatnayotgan ofitsiant qizga mashina sovg‘a qilishdi

Xo‘randalar 22,5 km.dan ishga piyoda qatnayotgan ofitsiant qizga mashina sovg‘a qilishdi

Foto: ABC 13

Galveston (Texas shtati, AQSh) shahridagi oshxona xo‘randalari besh soat vaqti yo‘lda o‘tib ketayotgan ofitsiant qizga avtomobil sovg‘a qilishdi, deb yozmoqda «Lenta.ru».

Adrianna Edvards har tong uydan chiqib, ishga yetib olish uchun naq 22,5 kilometrni yayov bosib o‘tardi, kechqurun yana shu taxlit ortiga qaytardi. Xullas, besh soati yo‘lda o‘tib ketardi. Mashina olaman deb pul yig‘sa-da, boshqa to‘lovlar ham bor, qolaversa, kiyim-bosh, yeb-ichishdan orttira olmayotgandi.

Odatdagi kunlarning birida u bir erkak va ayol xo‘randaga xizmat ko‘rsatdi. Bular ofitsiant qizning uzoq yo‘ldan qiynalib ishga kelib ketishi haqida tasodifan eshitib qolishibdi. Nonushta qilib bo‘lib, indamay chiqib ketishdi, bir-ikki soatdan keyin esa syurpriz bilan qaytib kelishdi.

2011-yilda chiqqan «Nissan Sentra»ni avtodo‘kondan sotib olishibdi. Edvards avvaliga bir hazildir-da degan gumonga bordi, ammo haligi xo‘randalarga qarab, ularning niyati jiddiyligini tushundi.

Mana endi Adrianna ham mashinali — yarim soatda ishga yetib keladi. Xo‘randalarning saxovati bahona endi kollejda o‘qishni ham tezlatmoqchi.

Bechora qiz haligacha baxtiga ishonmaydi, mashina joyida turibdimi-yo‘qmi, deb har ikki soatda derazadan qarab keladi.

Saxovatli insonlar kimliklarini aytishmabdi. Faqat imkoniyati tug‘ilsa, o‘ziyam kimgadir yaxshilik qilishini so‘rashibdi, xolos.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring