Ronaldu Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkin
Portugaliya terma jamoasining sardori Krishtianu Ronaldu Portugaliyaning navbatdagi o‘yinini o‘tkazib yuborishi mumkin.
Ertaga, 2-dekabr kuni Portugaliya guruhdagi 3-tur o‘yinini Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkazadi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Fernandu Santushning aytishicha, Ronalduning maydonga tushish imkoniyati — 50 ga 50. «Hammasi Krishtianuning mashg‘ulotda qatnashishi va buni qanday uddalashiga bog‘liq. Ko‘ramiz, uning holati qanday», — dedi murabbiy.
«Janubiy Koreyani yutib, guruhda birinchi o‘rinni egallashimiz muhim. Shunda tiklanish uchun qo‘shimcha bir kunga ega bo‘lamiz», — Santushning so‘zlarini keltirdi ESPN.
O‘tkazilgan ikki o‘yindan so‘ng H guruhida Portugaliya (6 ochko) yetakchilik qilyapti. Ikkinchi o‘rindagi Gana hisobida 3 ochko bor (to‘plar nisbati ham portugallarnikidan 3 taga yomonroq). Janubiy Koreya va Urugvay hisobida bittadan ochko bor. Guruhdan chiqish masalasi portugallar uchun hal bo‘lgan, biroq ular koreyslarga yutqazib, ganaliklar urugvayliklarni mag‘lub etishsa, Ronaldu jamoasi ikkinchi o‘ringa tushib qolishi ehtimoldan xoli emas. Voqealar shu taxlit rivojlangan taqdirda kimsan Braziliya bilan to‘qnashishadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter