Diqqat, epidemiya!
Men kim tolibi ilm bugungi kunda bo‘y taratayotgan bir muammo haqida fikr yuritmoqqa ahd qildimki, buni aybga buyurmaysiz. Garchand muammolarni yechishning o‘zi muammo bo‘lsa-da, ularga yechim topmoqni ortga surmoqdamiz. Endi sizga oshkor aytadurg‘on bo‘lsam, bu muammo (ochig‘i, olimlar bu muammoni o‘ta yuqumli kasallik deb baholashmoqda), terim qolib, yuragimni shilib yuborgudek qilmoqda. Afsuski, bu ko‘nglixijillik bir menda emas. Kun deganda majlis, anjuman, kun deganda yig‘ilishlardan xunob bo‘lgan men kabi do‘ppisi tor kelganlar ahvolimga sabr tilaydi. Bu deyman «majlislar epidemiyasi» avj olganidan hammaning boshi garang. Garang bo‘lmay, qayga borsin. Axir bir o‘ylang, birgina majlis uchun qa-a-ancha qog‘ozbozlik, yugur-yugur bo‘ladi. Hmm, men g‘aribi omon mana shunday majlislarga borsam, uyqudan o‘zimni arang tiyaman. Ha, ora-chora bir uyg‘onib qarasam, hamma mening ahvolimda bo‘ladi. Bas, shunday ekan, bu ko‘zbo‘yamachilikning kimga keragi bor deysizmi?
Juda kerak-da. Nomi o‘chgur bu majlis tayyor bir hisobot bo‘lsa, kimga ham yoqmaydi minbarga chiqib, so‘zlarni og‘izda chayqab uloqtirish. Bunday anjuman-u majlislarga bo‘zchining mokisiday qatnayverganimdan kulishni ham, yig‘lashni ham bilmayman. Axir men ham bekor kelib ketmayapman. Yondaftarimga bir nimalarni qoralayman-u, men ham el qatori hisobotimga qo‘shib qo‘yaman. Ha-da. O‘rtoq boshliq bir oyda bitta ham anjumanga bormadingmi nomard deb o‘shqirganda, ana sizga bir oylik anjumanlar ro‘yxati deb ko‘rsatmasam, uyat bo‘ladi. Bu qurmag‘ur majlislar deb har oy yangi daftarcha sotib olaman. Yaxshi ham ayrim yig‘ilishlarda mas’ullar bizdek «moki»larga ruchka bilan yondaftar qo‘shib beradi. Bulardan undirganimni asrab, papalab qancha anjuman-u majlislarni tinmay muhrladim. Daftarchaga nima yoziladi, deysizmi? Aytarli hech nima. Ikki-uch og‘iz kirish so‘zlari.
«Darhaqiqat,»… Yana bir katak tashlab, «qolaversa», so‘ngida esa «xulosa qilib aytganda, bu muammoni bartaraf etish uchun, albatta, chora-tadbir ishlash kerak», deyiladi. Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas aylanib kelsangiz, xuddi o‘sha mavzudagi anjuman, faqat ayrim o‘zgarishlar bilan. Endi kun, oy, yilni o‘zgartirish ham katta masala, axir. Buning uchun qancha siyoh, qancha varaq, kamiga bir necha «ishbilarmonlar»ning qo‘l mehnati kerak bo‘lsa. Majlislarda pishib yetilgan, yig‘ilishlarga qatnash bo‘yicha 10 yillik «staji» bor bir hamtovog‘im hatto keyingi yig‘ilishlarning sanasi va mavzusini ham avvaldan aytib bera oladi. Uni biz erkalab «opitniy» deymiz.
Kim nima desa desin-u, istashsa meni boshqa anjumanlarga kiritmay ham qo‘yishsin-u, ammo bunaqangi yig‘inlar ishim bitdi, eshagim loydan o‘tdi yo‘sinida o‘taverishiga nuqta qo‘ymasak, vergul hali uzoq davom etadi. Axir hamma bezib ketgan, dangalini aytganda, hiqildog‘imizga kelgan bunday anjumanlarning ko‘rinishini o‘zgartirish davri kelmadimikan. Ikki kun yodlangan so‘zlarni paqillatib gapirishyapti-yu, ammo hech kimning og‘zi hayratdan emas, esnash uchungina ochilyapti. Biror masala o‘rtaga tashlanyapti-yu, ammo uni hech kim muhokama qilmayapti. Indamaygina bir burchakka biqinib, hamma o‘z muammolarini o‘ylash bilan band. Bu ketishda muhokamadan nariga o‘tolmay qolamiz. Mahallada o‘z muammosini qo‘shnisiga doston qilishdan nariga o‘tmaydigan kishilar holiga tushamiz.
Eng fojeaviysi, vaqtni boy beramiz, boy beryapmiz ham. Muammolar esa kamayib emas, «bolalab» bormoqda. Qo‘pol o‘xshatish: bit avvaliga sirka bo‘ladi, afsuski biz uni bit bo‘lgandagina tozalashga tushamiz. Vaholanki, sirkaligidayok yoppasiga yo‘qotish ham mumkin edi. Shunchaki biz muammo yechimini cho‘zishga o‘rganib qolganmiz. Go‘yo muammo ko‘p-u, vaqt ozdek. Vaqt oz-u, imkon yo‘qdek. Menimcha, shu holatni bartaraf etish uchun kerak bo‘lsa alohida biror qaror chiqarish kerak. Qarorda anjuman, majlis o‘tkazishning tartib-qoidalari va kerak bo‘lsa qat’iy talablar o‘rin olsin. Deylik, bir majlisda muhokamaga qo‘yilgan masala yoki muammo bartaraf etilmas ekan, o‘sha tashkilotga ikkinchi bor majlis yoki anjuman o‘tkazish qat’iyan man etilsin. Qog‘ozdagi emas, amaldagi hisobot topshirilmas ekan, mas’ullar nazorat ostida bo‘lsin. Bir masala istisno holatlarsiz qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘lsa, o‘sha tashkilotga jarima solinsin. Til va qo‘l uchida qilingan har qanday ish natijasizdir, sizga aytsam...
Nigina Hakimova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter