Qo‘zivoy «ishli» bo‘ldi
Qo‘zivoyning chumoliga ham ziyoni tegmasdi. Yumshoq tabiatliligi yaxshiku-ya, lekin hech kimga foyda bermagani chatoq. Ota-onasi javragani-javragan. Bo‘ying eshikka sig‘maydi-ku yurishingni qara, sen bekorchixo‘jaga birov qizini berarmidi?! Mundoq odamga o‘xshab bir ishning boshini tutsang-chi…
Bu ta’na-dashnomlar go‘yo suv ko‘tarmaydigan guruchdek Qo‘zivoyga ta’sir qilmaydi. Uydagilari gap boshlashi bilan televizorning ovozini balandlatib qo‘yadi, tamom.
Aslida-ku, bekorchilik uning ham joniga tekkan. Lekin nima qilsin, bu qovoq kallasi bilan universitetning ostonasiga ham yaqinlasholmaydi. Ish degani ariqda oqadigan, daraxtda tugadigan narsa emas, ha deganda topilaversa. Vaqtida nomi ulug‘ korxona-tashkilotlarning dev hurkadigan darvozasini ko‘p bora qoqqan, ammo foydasi yo‘q. Tuflisi yemirilgani qoldi, xolos. O‘qishdan ham, ishdan ham qo‘l yuvgan Qo‘zivoy tulbuzorni bezor qilish, ko‘cha sang‘ishdan boshqasiga yaramaydi.
Bir kuni dilbuzarning qulog‘ini burasa, og‘zi qulog‘ida, bir yigit ko‘rinib qoldi. «Mahalla faollari, mutasaddi tashkilotlarga rahmat, o‘zim xohlagan maoshda, qiziqqan soham bo‘yicha ish topib berdi. Endi, yengni shimarib mehnatga sho‘ng‘iymiz», — deydi u. Buni ko‘rib Qo‘zivoy kaftiga mushtladi va «Bo‘ldi-da shuncha bekor yurganim, endi mahallaga chiqaman», — dedi-yu o‘rnidan sapchib turdi.
Shu shasht bilan borib mahalla guzarining eshigini qoqdi. Ammo hech kim yo‘q. To‘g‘ri-da, soat o‘nda faqat xo‘roz ko‘zlarini ishqalab o‘rnidan turadi. Mahalla raisi uni Qo‘zivoy so‘rab kelganini qayerdan bilsin, axir! Chamasi bir soatlardan keyin shop mo‘ylovli, qorni qappaygan rais — Bemalolxo‘ja aka kelib qoldi.
— Ey, Qo‘zivoy, o‘zingmisan, — dedi rais buva eshikni ocharkan. — Biz tomonlarga kelmaysan ham, kutib qolmadingmi ishqilib. So‘ng o‘zini oqlamoqchi bo‘lgandek qo‘shib qo‘ydi: «Bir daqiqa ham tinim yo‘q, mana hozir uyma-uy yurib, aholi turmush sharoitini o‘rganib kelyapman».
Bir oz hasratini to‘kkach, Bemalolxo‘ja aka Qo‘zivoyning nima sababdan kelgani bilan qiziqdi.
— Xo‘sh, uka, bizga nima xizmat?
— Quysangiz-chi, aka, mushtday bo‘lib sizga xizmat aytamanmi, bizga yumush bo‘lsa bajaraylik deb kelgandim.
— Uzoqdan boshlamay dangalini aytovur, begona emasmiz-ku.
— Bilasiz, kollejni tugatganimga ham ikki yil bo‘ldi. Omad yuz o‘girdimi, bilmadim, o‘qishga ham kirolmadim. Qisqasi, ish so‘rab kelgandim.
— Ish-shshsh, — dedi boshini qashlagancha Bemalolxo‘ja aka. — Ana shu katta muammo-da. Bakalavr diploming bo‘lsa ham mayli edi, ukam.
— Guzarning kiraverishida «Bo‘sh ish o‘rinlari» degan e’longa ko‘zim tushgandi, — dedi Qo‘zivoy raisning gapini bo‘lib. — O‘shalardan biri bo‘lsayam mayli. Qimirlab tursam bo‘ldi, aka.
— Ha, ro‘yxatmi?! U o‘tgan oyniki, ishlar allaqachon egasini topib bo‘lgan.
Suhbatning beliga tepib, kimdir eshik qoqdi. Salom-alikdan so‘ng, gazetdan muxbir ekani, mahalladagi o‘zgarishlarni yoritmoqchiligini aytdi. Kursida yoyilib o‘tirgan rais buva o‘rnidan dik etib turdi. Ko‘zlari xonasidan chiqib ketgudek bo‘lib ko‘zoynak taqqan, daftar-qalamini qo‘ltiqlab, bo‘yniga fotoapparat ilib olgan jurnalistga yuzlandi:
— Zab ish qipsiz-da, tanlovda adashmabsiz. Bizning mahalla namunali, sarishtali maskan.
U yoq-bu yoqqa alanglayotgan muxbir akamizning ko‘zi Qo‘zivoyga tushdi. Rais ham, mahalla ham bir chetda qolib:
— Qaysi xonadonda yashaysiz, o‘zingizni tanishtiring, nima uchun mahallaga chiqdingiz? — dedi dabdurustdan.
— Ish kerak edi, — javob qildi Qo‘zivoy.
Muxbir mahalla raisiga qarab:
— Xo‘sh, ukamizning muammosi qanday yechim topyapti?!
To‘satdan berilgan savoldan rais o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.
Gapni uzoqdan boshlamoqchi bo‘lib, «Biz mahallaning har bir fuqarosi bilan yakkama-yakka muloqot qilib, muammosini …»— degan ham ediki, gazetchi uni aravani quruq opqochayotganini sezib, gapni shartta bo‘ldi:«Aniq-tiniq qilib ayting, muammoning yechimi bormi?».
— Hozir shu masalada gaplashib turgandik, to‘g‘rimi, Qo‘zivoy, o‘zing ayt, — dedi salmoqlanib. Qo‘zivoy endi g‘udrana boshlagach, rais yana gapni ilib ketdi.
— Qo‘zivoyni bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirib bo‘lgach, mahalla posboni lavozimiga tayinlab, uning vazifalarini tushuntirib berayotgandim. To‘g‘rimi-a, Qo‘zivoy..?
Nima bo‘layotganini hali anglab yetmagan Qo‘zivoy bosh irg‘adi.
— Ana, malades, o‘zi yaxshi bola-da, — deb Qo‘zivoyni ta’riflay ketdi rais.
Jurnalist tilla topganday quvondi, shuning o‘zi yetarli – mahalla faollari bir yoshni ishli qildi. Maqola uchun zo‘r mavzu. «Endi ikkovingizni ham suratga olay» — muxbir fotoapparatini sozlab, shaq-shaq rasmga tushira boshladi.
Yana rais buva bilan Qo‘zivoy yolg‘iz qoldi. Bir-biriga bir muddat tikilib: «E, Qo‘zivoy, Qo‘zivoy, ishing hal, ukam. Buni qara, kutilmaganda posbonlik o‘rni bo‘shligi xayolimga kelib qoldi.
— Ishing besh bo‘ladi, — deya rais buva majlisi borligini aytib, Qo‘zivoyga ertaga kelishini tayinladiyu, o‘zi idoradan chiqib ketdi…
Ertasi kuni Qo‘zivoy po‘rim kiyinib, yana mahallaga keldi. Xuddi mahallaning kattasidek g‘o‘dayib yurgan mushukni quvladi. Maktabga bormagan Ahmadga dakki berdi. Bir chekkada papiros tutatib turgan o‘smirlarga ham rosa gap uqtirdi. Keyin mahalla idorasiga kirdi.
Qarasaki, sinfdoshi Bo‘rivoy posbonlik kiyimida bir chekkada qog‘ozlarga ko‘milib o‘tiribdi. Qo‘zivoy xushlamaygina salomlashdi. So‘ng xonaning to‘rida o‘tirgan rais buvaga o‘qraydi. Bemalolxo‘ja aka o‘zini ishga berilib ketgandek tutdi. Asab tolalari dutor simlaridek taranglashgan Qo‘zivoy qattiq yo‘taldi.
Rais o‘rnidan qo‘zg‘alib:
— Qo‘zivoy tuzukmisan?! Buni qara, ish ko‘pligidan kelganingni ham sezmay qolibman, — deya Bo‘rivoyga imladi. U ko‘chaga chiqib ketdi.
— Haligi, yuqoriga posbonlik uchun sening nomzodingni bergandim, — davom etdi oqsoqol, — ammo tasdiqlanmadi. Bo‘rivoyning «tanka»si baquvvat, shekilli. Endi hammasini ham mahalla raisi hal qilmaydi-da, zorimiz bor, zo‘rimiz yo‘q. Lekin tashvishlanma, nomingni tuman bandlikka ko‘maklashish markazidagi ishsizlar ro‘yxatiga qo‘shib qo‘ydim. Tozi itday mahallani sang‘ib yurasanmi, undan ko‘ra markazdan mas’ulroq ish chiqib qolar. Ko‘p g‘am yema, ularning o‘zlari tez orada sen bilan aloqaga chiqadi, hali katta odam bo‘lib ketasan, Qo‘zivoy!
Qo‘zivoy tarvuzi qo‘ltig‘idan tushganday uyga qaytdi. Chamasi besh-olti kundan keyin novchadan kelgan, bo‘yinbog‘i buzoqning no‘xtasiday osilib turgan kishi kelib bandlik markazidan keldik, demaganda bo‘lgan voqealarni unutib yuborgandi.
— Qo‘zivoy siz bo‘lasizmi, bizga ish so‘rab murojaat qilganmidingiz? — so‘radi rasmiy ohangda barvasta kishi.
— Ha menman, — deb javob berdi Qo‘zivoy va suhbatdoshining yonida turgan xushro‘ygina juvonga e’tibor qaratdi.
— Mening ismim Tohir, bandlikka ko‘maklashish markazidanman. Bizda turli ish o‘rinlari bor. Masalan, duradgorlik, quruvchi yoki salqin ofisda ishlayman desangiz, ish yurituvchi lavozimi ham bo‘sh. Qaysi birini tanlaysiz?
Qo‘zivoy shoshib qolganidan: «Bilmadim, to‘rt-besh so‘m topib tursam bo‘ldi», — deb gapni lo‘nda qilib qo‘ya qoldi.
— Barakalla, bu ishda shoshib bo‘lmaydi. Yaxshisi, ertagacha o‘ylab, bir qarorga keling. Aksiga olib hozir bo‘sh ish o‘rinlariga ega korxona va tashkilotlar ro‘yxati ham yonimda emas. Ertaga markazga borsangiz, bir piyola achchiq choy ustida bafurja fikrlashib olamiz, nima deysiz? — deb barvasta kishi Qo‘zivoyning yelkasiga qoqdi.
Ishning pishganini sezgan ko‘hlikkina juvon qo‘lidagi matahni og‘ziga tutib: «Sizga ish kerakmi, muammo yo‘q» radioyeshittirishini tinglayapsiz, aziz muxlislar. Mana yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. Qo‘zivoy ukamiz ishli bo‘ldi. Bu haqda tumanning bandlikka ko‘maklashish markazi xodimi Tohir Tomirov ma’lumot beradi», — deb matahini mutasaddiga tutdi.
Hozirgina bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxati qolib ketibdi deyayotgan odam:
— Biz ishsiz Qo‘zivoyni bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxati bilan tanishtirdik. U mo‘maygina maoshga ega, o‘zi istagan kasbi bo‘yicha «Porloq kelajak» xususiy korxonasida faoliyat yuritish istagini bildirdi. Bundan tashqari yilning birinchi choragida faloncha odamni ishli qildik, — deya bulbulday sayrab ketdi.
Qo‘zivoy esa, nima bo‘layotganini tushunolmay anqayib turaverdi.
So‘ng ovoz yozib olayotgan mikrofon unga qadaldi.
— O‘zingizga mos ish topibsiz, xursandchiligingizni biz bilan bo‘lishsangiz, — dedi juvon.
— Men…. bilmadim, — kalovlandi Qo‘zivoy.
So‘ng radioboshlovchi: «Qahramonimiz kuchli hayajonda, quvonchdan ichiga sig‘may ketyapti… Biz esa, boshqa manzilga yo‘l olamiz», — deya matahini o‘chirdi.
Tohir aka Qo‘zivoyga ertaga to‘qqizdan kechikmasligini aytib, xayrlashdi. Qo‘zivoy mehmonlar bilan xo‘shlashgach, osmonga sapchidi. O‘zini ofisdagi tebranma stolda o‘tirgandek tasavvur qildi.Ertasi kuni markazga borib, Tohir akani ish joyidan topolmadi. Keyinchalik, zo‘rg‘a Qo‘zivoyni eslagan mas’ul xodim: «Ha, ish o‘rinlari bor. Ma’lumotlaringizni tashkilotlarga yuborganmiz. Ozgina sabr qilasiz», — deb javob qaytardi. Qo‘zivoy kunora tashkilotga qatnab turdi va yuqoridagi javobni uch-to‘rt marta eshitdi.
Oradan bir oy o‘tgach, Qo‘zivoy ish topishdan umidini uzgan bir paytda yana qurmag‘ur uyning eshigi taqillab qoldi.
Bu safar Yoshlar ittifoqining tuman kengashi raisi hamda bir guruh faol yoshlar kelgan ekan. Ular Qo‘zivoyning uyushmagan yoshlardan ekanidan xabar topibdi. Salom-alikdan so‘ng tuman yetakchisi: «Tadbirkorlik faoliyatingni boshlashing uchun imtiyozli kredit olishingga sertifikat beramiz», — dedi Qo‘zivoyning qo‘lini siqib.
Avvaliga bunga Qo‘zivoyning ishongisi kelmadi, ammo o‘ttiz million so‘mlik kreditga sertifikatni olgach, yirtiq qalpog‘ini osmonga otdi. Mas’ullar bilan birga kirib kelgan televideniyega intervyu berdi.«Yoshlar ittifoqi chin ma’noda yigit-qizlarning suyanchi…».
So‘ng, gazetchilar suratga tushirdi, radiodan kelgan opa bilan kelajak rejalari haqida suhbat qurdi.
Tuman yetakchisi Qo‘zivoyga issiqxona qurishni maslahat berarkan, ertagayoq sertifikatni hududdagi bank filiallarining biriga olib borib, mablag‘ini olishi mumkinligini aytdi. «Qanday biznes yuritishni senga o‘zimiz o‘rgatamiz», — deb qo‘shib ham qo‘ydi.
Mana, oxiri Qo‘zivoyga ham omad kulib boqdi. Kimsan Qo‘zivoymas, Qo‘ziboyga aylanadi endi. Qahramonimiz qanday tong ottirganini o‘zi ham bilmay qoldi. Nahorda sertifikatini qo‘ltiqlab bankka yugurdi. Afsus, erta quvongan ekan. Garovsiz kredit berilmasmish. Endigina kollejni tugatgan, qariya ota-onasi bilan zo‘rg‘a kun kechiradigan yigitda mol-mulk nima qilsin?! Qattiqroq shamol bo‘lsa, tomi uchib ketadigan uyi bor, xolos. Shunday qilib, Qo‘zivoyning hafsalasi pir bo‘ldi…
Ha, avval Qo‘zivoy oddiygina ishsiz bola edi. Endi kunora televideniye, radio, gazetdan ismiyu surati tushmaydigan mashhur ishsiz «yulduz»ga aylandi. Hozir ham uyiga prokuratura, ichki ishlar, yana bir qancha kazo-kazo tashkilotlardan odamlar hol-ahvol so‘ragani kelib turadi.
Sanjar Eshmurodov
“Yoshlar ovozi” gazetasidan olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter