Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Appelyasion sud vayner Farhod Mannopovni operatsiya qilgan shifokorni oqladi

Appelyasion sud vayner Farhod Mannopovni operatsiya qilgan shifokorni oqladi

2023-yilning mart oyida Toshkent shahridagi «Star Med Centr» xususiy klinikasida operatsiya o‘tkazgan vayner Farhod Mannopov komadan chiqaolmay vafot etgani va mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilingan edi.

Oliy sud matbuot xizmati mazkur jinoyat ishida otorinolaringolog A. Xisamovning Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasi hukmi bilan oqlanganligini ma’lum qildi.

A. Xisamov Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining 2024-yil 29-noyabr kunidagi hukmiga ko‘ra Jinoyat kodeksining 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 2 yil davomida tibbiyot sohasida otorinolaringolog vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi.

A. Xisamov va uning himoyachilari tomonidan berilgan shikoyatga asosan mazkur jinoyat ishini apellyasiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqish jarayonida ishda to‘plangan dalillar tahlil qilinganda hukmda bayon qilingan haqiqiy holatlariga to‘g‘ri kelmasligi, A. Xisamovni ayblash uchun ishonchli ob’yektiv dalillar mavjud emasligi aniqlangan.

Xususan, Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida, shaxsning o‘z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi ehtiyotsizlik orqasida odam o‘lishiga sabab bo‘lishi uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lsada, A. Xisamovning nafaqat kasbi yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi, balki aynan uning harakatlari yoki harakatsizligi oqibatida bloger F. Mannopov o‘lishiga sabab bo‘lganligi holati ham aniqlanmagan.

 Jumladan, ish bo‘yicha aniqlangan holatga ko‘ra marhum F. Mannopovga nisbatan xususiy klinikada standartlarga mos ravishda shifokorlar ko‘rigi, instrumental tekshiruvlar o‘tkazilganligi aniqlangan.

Shuningdek, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza xulosalari, otolaringologiya ixtisosligi bo‘yicha yozma ravishda taqdim qilingan va so‘roq qilingan ko‘plab mutaxassislar, shu jumladan oliy toifali shifokorlarning fikriga ko‘ra bemor F. Mannopovda “bosh miya jarohati, bosh miya chayqalishi, bosh miya lat yeyishi, kalla ichi gematomalari” aniqlanmagan, ya’ni bemor F. Mannopovda kuzatilgan o‘lim holati o‘tkazilgan rinoseptoplastika jarrohlik amaliyoti sabab bo‘la olmasligi va unga o‘tkazilgan diagnostika va davolash muolajalari to‘g‘ri o‘tkazilganligi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan ikkita xizmat tekshiruvi dalolatnomalariga ko‘ra A. Xisamovning bemor F. Mannopovga nisbatan burun sohasini davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish jarayonida o‘limiga olib kelishiga sabab bo‘ladigan xatoliklarga yo‘l qo‘ygan holatlari aniqlanmagan.

Yuqoridagi xizmat tekshiruvlariga jalb qilingan ekspert-mutaxassislar tergov jarayonida so‘roq qilinganda ham o‘z xulosalarini tasdiqlab, asoslantirib bergan bo‘lishiga qaramasdan, tergov organi va birinchi instansiya sudi tomonidan asossiz ravishda inobatga olinmagan.

Shu tariqa Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining 2025-yil 22-iyuldagi oqlov hukmiga ko‘ra jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukmning A. Xisamovga oid qismi bekor qilinib, A. Xisamov e’lon qilingan ayblov bo‘yicha Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat yuzasidan qilmishida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi hamda Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatga daxli bo‘lmaganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga (reabilitatsiya uchun asoslar) asosan aybsiz deb topilib, oqlandi.

O‘z navbatida, mazkur hukmdan norozi taraflar Jinoyat–protsessual kodeksining 510-moddasi (taftish tartibida qayta ko‘rilishi mumkin bo‘lgan sud hukmlari, ajrimlari) talablariga muvofiq Toshkent shahar sudiga taftish tartibida shikoyat berishga yoki protest bildirishga haqliligi ma’lum qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring