Berilgan imtiyozni suiste’mol qilgan «ishbilarmon» qo‘lga tushdi

Navoiy viloyat IIB axborot xizmati rahbari O‘ktam Usmonovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, berilgan imtiyozni suiste’mol qilgan «ishbilarmon»larning kirdikorlari fosh bo‘lib, qo‘lga olingan.
Ta’kidlanishicha, 2021-yilda Navbahor tumani fuqarosi A.X.ga uzumzor bog‘ barpo etishi sharti bilan unga 10 yil muddatga 204.9 gektar yer maydoni ajratilgan. Biroq, oradan ikki yil o‘tsa ham ushbu yer maydoni bo‘sh va qarovsiz qolib kelavergan.
A.X.ning e’tiborsizligi ishlab chiqarish korxonasi qurish uchun yer maydoni izlab yurgan mahalladoshi M.K.da qiziqish tug‘dirgan. U qing‘ir yo‘l bilan bo‘lsa ham yer maydonini sotib olish tadorigini ko‘rgan. M.K. fuqaro A.K. bilan uchrashib, muddatli foydalanish uchun olingan 204.9 gektar yerlarni sotib olishini, bu unga uzum hosilidan ham ko‘p daromad keltirishini bildirgan.
Mehnat qilmay turib, katta daromad topishga ishtiyoqi oshgan A.X. tuman kadastr agentligining yetakchi mutaxassisi bilan ham «maslahatlashgan» va xodimga xizmati evaziga 10 million so‘m berishini aytgan. Agentlik yetakchisi ham qonunga chap berib, yerning kadastr hujjatlarini o‘zi rasmiylashtirib, qurilish ishlari uchun ham ruxsatnoma olib berishni zimmasiga olgan. Savdo «pishib», A.X. muddatli foydalanishi uchun o‘ziga ajratilgan yer maydonini 180 million so‘mga pullayotganda va kadastr hujjati va ruxsatnoma uchun xodimga 10 million so‘m pullarni berayotganida qo‘lga olingan.
«Tadbirkorlik faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani hech kimga sir emas. Ularning haq-huquqlari qonunchilikda ham o‘zi aksini topgan. Afsuski, imtiyozlarni qo‘lga kiritgunga qadar o‘zini ishbilarmonlardek tutib, so‘ng ishonchni suiiste’mol qilayotganlar ham uchrab turibdi. Ushbu holat yuzasidan xabar kelib tushgach, tezkor guruhlar harakat olib borishdi. Viloyat IIB JQB iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan «ishbilarmon»lar ushlandi. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda»,— dedi O‘ktam Usmonov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter