DXX elektr tarmoqlari korxonasining ikki xodimini qo‘lga oldi

«Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyatining 2 nafar xodimi mahalliy MChJ rahbaridan 510 mln. so‘m va 5 ming AQSh dollari talab qilishadi. Buning evaziga ular jamiyatga qarashli Guliston tumani hududidan o‘tuvchi Sirdaryo o‘zanidan qum-shag‘al qazib olish «karer»iga elektr energiyasi ulab berish uchun 1600 kVt kuchlanishga ega bo‘lgan 1 dona elektr transformatori, 100 dona beton simyog‘och, 17,5 km. masofaga yetadigan yuqori kuchlanishli elektr simlari va boshqa ehtiyot qismlarni tegishli tartibda rasmiylashtirmasdan «Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» hisobidan chiqarib berish hamda sohaga tegishli idoradan ushbu ulanadigan elektr tarmog‘iga texnik shartlarda qayd etilgan talab asosida ijobiy xulosa olib berishga va’da berishadi.
DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab «Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi»ning Davlat va shartnomaviy xizmatlar ko‘rsatish va rivojlantirish xizmati xodimi oldindan 300 mln. so‘m hamda 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, u 5 ming AQSh dollarini sherigi - korxonaning mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi xizmati xodimiga bergan vaqtida u ham ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- (firibgarlik) va 211- (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter